Qashqadaryoda 105 ta ma’muriy jarima hamda kredit qarzdorligi bo‘lgan qoidabuzarning garovdagi va qidiruvdagi Gentra'si xatlandi.
Qayd etilishicha, Byuroning Qarshi shahar bo‘limi ish yurituviga Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining 06.06.2024 yildagi ijro varaqasiga asosan qarzdor M.E.dan “Kapital 24 chakana biznes filiali” foydasiga 9 mln 964 ming so‘m qarzdorlikni undirish yuzasidan ijro hujjati kelib tushgan.
Bundan tashqari, qarzdorning bo‘lim ish yurituvida 105 ta to‘lanmagan ma’muriy jarimalari mavjud hamda davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga tegishli garovdagi avtotransport vositasiga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 19 iyul kuni qarzdorning yashash xonadoniga majburiy ijro harakatlarini olib borish uchun kelinganda, qarzdor va uning yaqin qarindoshlari tomonidan ijro harakatlariga qarshilik ko‘rsatish, uyda bo‘la turib darvozani ochmaslik holatlari kuzatilgan.
Salkam 5 soat davom etgan ijro harakatlari natijasida tegishli tashkilotlar ishtirokida avtotransport vositasi uyda ekanligi aniqlanib, xatlangan.
Shuningdek, qarzdor jarimalarni 10 kun muddat ichida to‘lashi lozimligi, aks holda, xatlangan mulk elektron auksion savdosiga chiqarilishi to‘g‘risida ogohlantirilib, holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.