Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

"Qarindoshim bergan guvohligim sababli qamaldi. Bu ishim uchun gunohkor bo‘lamanmi?"

"Qarindoshim bergan guvohligim sababli qamaldi. Bu ishim uchun gunohkor bo‘lamanmi?"

— Bir qarindoshimizning qilgan jinoyatiga guvohlik bergandim. Qarindoshimiz qamaldi. Endi uning oilasi meni ayblayapti, qamalishiga sababchi bo‘lding, yomonlik qilib, gunoh ish qilding, deyapti. Men yolg‘on guvohlik berganim yo‘q. Qilgan ishim gunohmidi?

— Guvohlik juda ham nozik va mas’uliyatli ishdir. Chunki guvohlik berish yo‘li bilan dalil-hujjat yetishmay turgan ishlar hal bo‘ladi. Bir og‘iz guvohlik so‘zi bilan birovga nisbatan o‘lim hukmi chiqishi yoki bekor qilinishi mumkin. Birov qamalib ketishi yoki qutulib qolishi mumkin. Islomda guvohlik adolat ila bo‘lishiga katta e’tibor beriladi. Lekin yolg‘on guvohlik berish, gunoh hisoblanadi.

Alloh taolo “Niso” surasida marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Adolat ila turing hamda agar o‘zingiz, ota-ona va qarindoshlar ziddiga bo‘lsa ham, Alloh uchun guvohlik beruvchi bo‘ling. Agar u boy bo‘lsa ham, kambag‘al bo‘lsa ham, Alloh unga yaqinroqdir. Havoyi nafsga ergashib, adolatsizlik qilmang. Agar tilingizni bursangiz yoki yuz o‘girib ketsangiz, albatta, Alloh nima qilayotganingizdan o‘ta xabardordir”.

Demak, guvohlik Alloh uchun bo‘lishi kerak. Boshqa narsa uchun emas. Ana shundagina adolatli guvohlik bo‘ladi. Albatta, insonning o‘ziga qarshi guvohlik berishi, ota-onasi yoki qarindosh urug‘iga qarshi guvohlik berishi oson emas. Bu ish gapirishga oson, xolos. Lekin ilohiy ta’limot shuni iroda qiladi. Ana shundagina haqiqiy adolat yuzaga chiqishi mumkin.

Shuningdek, bu boy ekan, keyin menga nisbatan har narsa qilish uning qo‘lidan keladi, deb qo‘rqib, yoki boy ekan, bunga balo ham urmaydi, deb noto‘g‘ri guvohlik bermang. To‘g‘ri guvohlik bering.

Islomda guvohlikni berkitish yoki uni ado etishdan qochish ham katta gunoh hisoblanadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam hadislaridan birida: “Guvohlarning eng yaxshisi so‘ralmasdan turib guvohlik beradiganlaridir”, – deganlar. (“Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

Muhammad Ayyub HOMIDOV

Manba: muslim.uz

Kiritildi: 05:00 22.10.2020. O'qildi: 3438 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!