Bugun 24 aprel, 2024 yil, chorshanba

КИР

Payg‘ambarnikiga o‘xshagan ikki ro‘zg‘or yoxud «Buxanka»ning narxini aniq bilaman!»

Payg‘ambarnikiga o‘xshagan ikki ro‘zg‘or yoxud «Buxanka»ning narxini aniq bilaman!»

Bir zamonlar uyim anbiyolarning uyiga o‘xshar edi. Alhamdulillah! Ertaning g‘amini Egasiga topshirib, kunlik nonni kunda zo‘rg‘a topib kelardim. Fikri-zikrim kitob o‘qish bilan band edi. Ichu tashdan vahshat siqib, umidlar nozik qilga ilinib turgan bir payt – Xandaq g‘azoti kunida Olamlar sarvari Mustafo (sollallohu alayhi vasallam) do‘stlarini ruhlantirib, Rumu Forsning fathidan bashorat berganlaridek, men ham uydagilarni sabrga chaqirib, hali farovon davrlarimiz, to‘kin-sochin kunlarimiz kelishini aytib, o‘zimcha xushxabarlar berardim...

Bir kuni ishdan qaytyapman, cho‘ntagimda bor-yo‘g‘i 45 so‘m pul bor. Metrodan chiqib, avtobusga o‘tirishim bilan ishdan kechroq chiqqanim uchun non tashvishi ichimga g‘ulg‘ula solib boshladi. Chunki birinchi nav non – 45, oliy nav – 50 so‘m. Hamma o‘zini birinchi navli nonga uradi – ham arzon, ham barakali. Oq non esa, qimmat, qolaversa, bolalar darrov yeb qo‘yadi – barakasiz. Shuning uchun xalq qora buxanka tugaganidan keyingina oq nonni majbur oladi. Qora non tugamagunicha birov oq nonga qaramaydi. Mening esa, 45 so‘mgina pulim bor. Do‘konda qora non tugab qolgan bo‘lsa, o‘sha kuni nonsiz qolishimiz aniq. Chunki oq nonga pulim yetmaydi (u paytlar “nonxo‘r”larim hali ikkita edi). Ichimda shu xayollar bilan Yaratganga yolvorib kelyapman: “Allohim, meni nonsiz qoldirma! Agar qora non tugab qolgan bo‘lsa, bolalarim och qoladi... Allohim, bizni nonsiz qoldirma!” deyman...

Payg‘ambarim (alayhissolatu vassalom) oyoq kiyimlarining arzimasgina bog‘ichi uzilsa ham, Allohdan so‘raganlaridek, men-da bittagina buxanka uchun chorak soatdan ortiqroq Rabbimga yolvordim. Yolvoraverdim, yolvoraverdim (chunki o‘sha paytda men uchun bittagina buxanka juda katta narsa edi). Toki, oldin hech qachon savdo qilinmagan bir bekatda arzon-qora non sotayotganlariga to‘satdan ko‘zim tushib, sho‘pirdan yarim daqiqagina to‘xtab turishini iltimos qilib, so‘ng sakrab tushib, nonni olib, ko‘nglim joy bo‘lgachgina yolvorishdan to‘xtaganman... Rostakamiga bayram bo‘lgan uyda men uchun.

Qahatchilikni ko‘rmasak ham, qimmatchilikni ko‘rgan avlodmiz...

Hozir ham ora-sira buxanka oldirib, o‘sha kunlarni bolalarimga eslatib turaman...

 

Abdug‘ofur Iskandar

***

2003-2004 yillarda “buxanka”ning narxi 110 so‘m edi, aniq bilaman. Chunki bir safar yuz so‘mgina pulimiz qolgan, sotuvchi ayol kishi bo‘lgani uchun bolalarimning onasi do‘konga chiqdi, “ertaga beramiz o‘n so‘mini”, deb iltimos qilsa ham non bermabdi. Uyga kirdiyu yig‘lab yubordi. Uni ovutdim, ammo iftorlikka oz qolgan, uyda esa hech vaqo yo‘q edi. “Bo‘lka” nonni qaynagan suvga botirib og‘iz ochmoqchi edik. Shu payt cho‘kkalab o‘tirdimu Razzoqdan rizq so‘rab, duo qildim. Ozgina, ha ha, ozgina vaqt o‘tdi, eshik taqilladi. Chiqsam, begona odam. Qo‘lida tugun. Bir ustozimiz shu mahallaga iftorlikka kelgan ekanlar. Meniyam chaqirishga xijolat qilib, shu tuguni berdirib yuboribdilar...

O‘sha o‘sha nima kerak bo‘lsa, o‘ziga duo qilaman, alhamdulillah, murodim hosil bo‘lyapti.

Darvoqe, o‘shanda ijarada o‘tirardim. Hozir uch xona dom, ikkita hovlim bor, alhamdulillah. Mashina ham oldim. Katta farzandim universitet talabasi...

Duoda ish katta ekan, o‘rtoqlar...

Manba: azon. uz

Kiritildi: 22:50 13.11.2019. O'qildi: 2404 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!