Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sergeli tumani bo‘limi hamda IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro A.A. fuqaro I.K.ning ishonchiga kirib, unga go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Toshkent xalqaro aeroporti hududidan oziq-ovqat do‘koni ochishi uchun joy olib berishi evaziga 5 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Furqat tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Beshariq tumani Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasida bo‘lim boshlig‘i A.K. fuqaro X.YU.ning ishonchiga kirib, unga muassasa ixtiyoridagi “Yangi mahalla” MFY hududidagi avtobekat o‘rnida “aqlli bekat” qurishi uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berishi evaziga 1 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.