Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Oylik bo‘lyapti, lekin nega daydi itlar ko‘payib boryapti?

Oylik bo‘lyapti, lekin nega daydi itlar ko‘payib boryapti?

Barchamiz uyda biror jonivorni saqlaymiz, biroq har doim ham ularning sog‘lig‘iga e’tibor qilavermaymiz. Bu esa it va mushuklarning quturish kasalligiga chalinib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Quturish qanaqa kasallik o‘zi?

Quturish o‘ta xavfli o‘tkir virusli xastaliklardan bo‘lib, u asab tizimining og‘ir jarohatlanishi bilan xarakterlanadi. Odam va hamma turdagi sut emizuvchi hayvonlar bu kasallik bilan kasallanishi mumkin. Kasallik virusi tashqi muhitga o‘ta chidamli. U asosan bosh va orqa miya hujayralarida va so‘lakda bo‘ladi.

Virus kasal hayvon tishlaganda uning so‘lagi orqali yuqib, klinik belgilariga qarab shiddatli, tinch yoki falajlik ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Shiddatli kechish uch bosqichda, yani yashirin (prodramal) qo‘zg‘alish va falajlik bosqichlarida kechadi. Itlarda kasallik ko‘proq shiddatli bo‘lib, boshlang‘ich bosqichi 12 soatdan 3 kungacha davom etadi.

Veterinar nima qiladi?

Mazkur holatda veterinariya mutaxassisi itni alohida izolyatorda 10 kunlik veterinariya kuzatuviga qo‘yadi va kunlik klinik ko‘rikdan o‘tkazadi (Har bir shahar, tumanda bittadan izolyator, o‘rta hisobda uch-to‘rttadan qafas bor). Agar shu 10 kun ichida o‘lib qolsa, kasallikka gumon qilinib, belgilangan tartibda veterinariya laboratoriyasi virusologiya bo‘limida tekshiriladi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozimki, bugungi kunda tibbiyot fani shunchalik rivojlanganligiga qaramasdan, quturish kasalligi bilan kasallangan inson yoki hayvonga davo choralari topilgani yo‘q, ammo kasallikning oldini olish mumkin. Ya’ni, quturgan hayvon tishlagan odamni saqlab qolish mumkin. Buning uchun bemor darhol tibbiyot muassasasiga murojaat qilishi, tegishli profilaktik vositalardan foydalanishi kerak.

Kasallikning qanday oldi olinadi?

Bugungi kunda dunyoning qator mamlakatlarida quturish kasalligi bo‘yicha murakkab epizootik va epidemik vaziyat saqlanib qolinmoqda. Shundan kelib chiqib, joriy yil 10 yanvardan 10 fevralga qadar “Hayvonlarning quturish kasalligiga qarshi kurash oyligi” o‘tkazildi. Oylik doirasida ro‘yxatga olingan 266 515 bosh it va mushuklardan 144 311 boshi quturishga qarshi emlandi. Shuningdek, 285 222 xonadon egalari it saqlash qoidalari bilan tanishtirildi.

Natijada 2019 yil 6 oy davomida hayvonlar o‘rtasida quturish kasalligiga aniqlanmadi.

Ammo bir narsani aytib o‘tish lozim. Ro‘yxatga olinmagan, ya’ni daydi, shu bilan birga egali daydi itlar emlash tadbirlaridan chetda qolmoqda. It va mushuklarini emlatmagani, ya’ni veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini buzgani uchun 200 nafarga yaqin fuqaroga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari ko‘rildi.

Biroq daydi itlar hamon muammo. Tuman, shahar obodonlashtirish boshqarmalariga qilingan murojaatlar esa javobsiz qolmoqda. Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 iyuldagi “Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va saqlash bilan bog‘liq xizmatlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yil 15 iyuldan 15 avgustga qadar “Viloyatda mavjud itlarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va daydi itlarga qarshi kurashish” oyligi o‘tkazilmoqda. Daydi itlarni tutish aynan obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarining funksional vazifasiga kiradi.

Shu bois, mazkur oylikda mahalla faollari, profilaktika inspektori, umuman, keng jamoatchilik faol ishtirok etsa, viloyatimizda quturish bilan bog‘liq xavfli vaziyat kuzatilmaydi.

Hamdam UMAROV, Samarqand viloyati veterinariya va

chorvachilikni rivojlantirish  boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.

TAHRIRIYATDAN: Keyingi vaqtlarda daydi itlar bilan bog‘liq materiallar bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida tez-tez e’lon qilib borilmoqda. Biz aslida o‘sha – kasallikka qarshi emlanmagan, qaysiki uni tashuvchisi bo‘lib qolishi mumkin bo‘lgan hayvonlarni tutish va boshqa tadbirlar haqida materiallar kutgandik. Bizningcha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning it va mushuk boqish qoidalarini buzish deb nomlangan 110-moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish kerak. Chunki, ayni paytda it va mushuk boqishning qoidalarini buzish, shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan egasiz hayvonlarni tuttirish choralarini ko‘rmagan fuqarolarga eng kam ish haqining o‘ndan bir qismidan ikkidan bir qismigacha, mansabdor shaxslarga ikkidan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima solinadi. Balki jarimalar miqdori oshirilsa, kishilardagi mas’uliyat ham kuchayar.

Manba: zarnews.uz

Kiritildi: 06:15 23.07.2019. O'qildi: 5875 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!