Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Oxiratda soyada turish uchun nima qilish kerak?

Oxiratda soyada turish uchun nima qilish kerak?

Jazirama issiqda daraxt, uy, tom kabilarning soyasida turish kishini issiqdan biroz salqinlab olishiga yordam beradi. Ha, inson qattiq issiq bo‘lgan paytlarda soya-salqin joy topishga intiladi. Bu dunyoning issig‘idan soya joylarga qochishga intilgan inson solih amallarni ko‘proq bajarib, oxirat issig‘idan soya-salqin joyga qochishga urinmaydi yoki urinuvchilar juda ozchilikni tashkil etadi.

Oxiratda quyosh bandalarning boshlariga yaqin olib kelinadi. Demak, o‘sha kunda soya-salqin joylarda turishga bu dunyodagidan ko‘ra ko‘proq muhtoj bo‘lishimizni yaxshilab o‘ylab ko‘raylik!

Quyosh boshimiz ustida turib issiq purkayotgan, odamlar bu dunyodagi amallariga qarab turli darajada terlariga botayotgan vaqtni o‘ylab ko‘raylik!

Ana shunday og‘ir damlarda soya-salqin joylarda rohatlanadiganlar ham bo‘ladi. Buni bilamizmi?

Alloh taolo Qur’oni Karimda o‘ng tomon egalariga beriladigan ne’matlarni zikr qilib shunday marhamat qilgan: “O‘ng taraf egalari. O‘ng taraf egalari ne(saodatlilar)dir! Ular tikonsiz sidrzorlardadir. (Sidr-hushbo‘y hidli buta bo‘lib, arablar uni hidi uchun yaxshi ko‘rar ekanlar. Ammo tikani juda ko‘p bo‘larkan.) Sermeva bananzorlardadir. Va yoyilgan soyalardadir. Oqar suvlardadir. Serob mevalardadir. Tugamaydigan va man qilinmaydiganlardadir. Baland-baland ko‘rpachalardadir” (Voqea surasi, 27-34-oyatlar).

Ushbu oyatda o‘ng tomon egalari juda ko‘p ne’matlar ichida bo‘lishlari bayon etilib, shular orasida “Va yoyilgan soyalardadir” degan ne’mat ham zikr qilinmoqda. Demak, “yoyilgan soya” jannat ahli uchun ato etiladigan ne’matlardan biri ekan.

Ma’lumki, oxiratda ma’lum toifa kishilar Allohning soyasida bo‘lishadi. Abu Hurayra roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladilar: “Etti toifa kishilarni Alloh taolo U Zot soyasidan boshqa soya bo‘lmaydigan kunda O‘z soyasiga oladi. (Bular:) odil imom, Parvardigoriga ibodat qilib ulg‘aygan yigit, qalbi masjid bilan bog‘liq bo‘lgan kishi, Alloh uchun bir-birini yaxshi ko‘rib, U Zot uchun yig‘ilgan va ajrashgan kishilar, mansab va chiroy sohibi bo‘lgan ayol undan (lazzat olishni) talab qilganida, “men Allohdan qo‘rqaman”, deya rad qilgan kishi, o‘ng qo‘li berganni chap qo‘li bilmaydigan tarzda maxfiy sadaqa qiladigan kishi, yolg‘iz qolganida Allohni zikr qilib ko‘z yosh to‘kkan kishi” (Buxoriy, Muslim, Termiziy, Nasoiy, Molik, Ahmad, Ibn Xuzayma, Ibn Hibbon, Bayhaqiy va Tabaroniy rivoyati).

Ushbu rivoyatda qiyomat kuni Allohning inoyatiga sazovor bo‘luvchi kishilar zikr qilinmoqda.

Hadisdagi “Allohning soyasi” ulamolar tomonidan bir necha xil ta’vil qilingan:

Arsh soyasi;

Tuboning soyasi;

Jannat soyasi;

Allohning rahmati, himoyasi va panohi.

Biz bu hadisda zikr qilingan amallarni ixlos bilan bajarsak, ana o‘shanda oxiratdagi quyosh issig‘idan omonda, rohat ichra bo‘lamiz. Biroq soyaning uzunligi qanchalik bo‘lishini Alloh taoloning O‘zi biladi.

Alloh taolo barchamizni qiyomat kuni O‘zining Arshining soyasida turadiganlar safida qilsin!

Kiritildi: 17:10 25.08.2019. O'qildi: 4264 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!