Bugun 19 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Odamlar uchun hisob-kitob onlari yaqinlashib qoldi…. (bir oyat tafsiri)

Odamlar uchun hisob-kitob onlari yaqinlashib qoldi…. (bir oyat tafsiri)

Bu oyat Qur’oni karim «Anbiyo» (Payg‘ambarlar) surasining boshlanishidir. Bu sura makkiy suralardan bo‘lib, 112 oyatdan iboratdir. Ushbu surada, odamlarga qarata, qiyomat soati yaqinlashib qolgani, odamlar esa, u kundagi hisob-kitobga tayyorgarlik ko‘rish o‘rniga, g‘aflatda qolib, bu dunyoning hoyi-havasi, tashvishlari bilan mashg‘ul bo‘lib, toat-ibodat, yaxshilik qilishni unutib qo‘yayotgani, boqiy dunyo tashvishi ko‘plarining esidan chiqib qolayotgani bayon qilinadi.

Demak, oyatning to‘liq tarjimasi quyidagicha: «Odamlarning hisob-kitob onlari (qiyomat qoyim) yaqinlashib qoldi, ular esa, g‘aflatda qolib, (toat-ibodat va yaxshi amallardan) yuz o‘girib turibdilar».

Bu oyati karimada, insonlar oxiratni, unda bo‘ladigan hisob-kitobni unutib qo‘yib, u kunda bo‘ladigan savol-javobni, jazo yoki mukofot tayin bo‘lishini esdan chiqarayozgani uqtiriladi.

Agar, teran nazar bilan qarasak, manzara haqiqatan ham shundaydir. Odamlar (hammasi ham emasdir balki) bir-birini aldagan, bir-birining haqqini yegan, tarozidan urgan, g‘iybat, tuhmat, bo‘xton, firibgarlik, zo‘ravonlik, o‘g‘irlik, zino qilgan, toat-ibodatni, yaxshilik-ezgulikni, xayr-sadaqani deyarli unutgan.

Aslida qanday bo‘lishi kerak? Aslida, har bir odam, har bir inson, avvalo Allohning bandasi ekanligini, bu qisqa umr o‘tkinchi va g‘animat ekanligini, oxirat haq va unga tayyorgarlik ko‘rish kerakligini esdan chiqarmasligi lozim. Bu ish toat-ibodatni, yaxshilik-ezgulikni ko‘paytirish bilan bo‘ladi. Alloh bergan, berayotgan ne’matlardan ehtiyojmand oilalarga, qavmi-qarindoshga, qo‘ni-qo‘shni, mahalladoshga xayr-ehson qilib turish ayni muddaodir. Buning uchun, odam albatta boy bo‘lishi, mol-dunyosi ko‘p bo‘lishi shart emas. Topgan-tutgani kam odam kamroq, ko‘p bo‘lsa, ko‘proq bermog‘i mumkindir.

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomdan shunday hadis vorid bo‘lgankim, «Bu dunyo oxirat ekinzoridir». Ya’ni, kim nima eksa, oxiratda shuni o‘radi (natijasini, hosilini ko‘radi).

Shunday ekan, har birimiz ikki dunyomiz baxti-saodatini o‘ylashimiz, so‘rashimiz, ayniqsa oxiratimiz tadorigini ko‘rib qo‘yishimiz, yaxshilik-ezguligimizni, toat-ibodatimizni ko‘paytirishda o‘zaro xayrli musobaqada bo‘lmoqligimiz lozim va lobuddir.

Nuriddin domla Hoshimov

Yangiyo‘l tumani

Kiritildi: 06:30 04.07.2020. O'qildi: 9561 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!