Bugun 16 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

Nozik xilqat fitnachilar “to‘r”iga tushmasin yoxud dinda "intim jihod" tushunchasi bormi?​

Nozik xilqat fitnachilar “to‘r”iga tushmasin yoxud dinda "intim jihod" tushunchasi bormi?​

Xalqimiz azal-azaldan oilani muqaddas hisoblab, uning yaralishi va mustahkam holda rivojlanishini hamisha qo‘llab-quvvatlagan.

Muqaddas Islom dinida ham oila, unda kamol topayotgan farzandlar ta’lim-tarbiyasi hamda ota-ona bo‘lish baxti ulug‘ ne’mat hisoblanib, bu nozik masalaga alohida yondashiladi.

Er (ota) — oilaning ustuni (ta’minotchisi) bo‘lsa, ona — oilaning asosidir. Bu tamoyil O‘zbekiston Respublikasining “Oila” Kodeksida ham mustahkamlanib, oilaning baxt-u iqboli va farzandlar ta’lim-tarbiyasi qatorida ona-onaning muqaddas burch va mas’uliyati ham belgilangan.

Ammo, ming afsuski, bugun ayrim oilalarda ana shunday benazir ne’matning qadriga yetmaslik oqibatida turli arzimas bahonalar sabab oilalar buzilib, guldek farzandlar yetim bo‘lib qolmoqda. Eng achinarlisi, bunday holatda ba’zida ONA degan muqaddas nomga dog‘ tushirib, ayol sababchi bo‘layotgani tashvishlidir.

Ayrim oilalar ajralishida afsuski, Islom dini asosiy sabab qilib ko‘rsatilayotgan holatlar uchrayotgani jamiyatning og‘riqli nuqtasi hisoblanadi.

Yaqinda bo‘lgan voqea

Toshkentda yashagan bir ayol Turkiyaga tijorat maqsadida safar qilib turar ekan. Ayolning oxirgi tijorat safari odatdagidek bir hafta emas, 1-2 oyga cho‘zilib ketibdi.

Shunda ayolning oilasi xavotir olishni boshlab, uni axtarishga tushibdi. Erining telefoniga ayolidan telegram orqali shunday xabar kelibdi: “Dadasi, men hozir Suriyadaman. Men bu yerda “jihod” yo‘lini tanladim. Uchta farzandim sizga omonat”...

Diqqat qiling. Bu qanday johillik! Ha, bu ayolning tutgan yo‘li Islom nuqtai nazardan ham eng tuban johillikdir(!). Insoniylik nuqtai nazardan esa, manqurtlikdan o‘zga narsa emas!

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: xo‘sh, bu ayolning ongini zaharlab, o‘z jufti-haloli, shirindan-shakar farzandlari, muqaddas oilasidan yuz o‘girtirib jaholat botqog‘iga botishiga kimlar va qanday omillar turtki bo‘ldi? Islom dinida ayollarning “jihod” qilishi, aslida joizmi?

Ma’lumki, Payg‘ambarimiz davrlarida dastlabki paytda Islom dinini odamlarga tushuntirish va tarqatish juda qiyin kechgan hamda dushmanlarga qarshi kurashish uchun sahobalarning kuchi kamlik qilgan. Ammo shunga qaramay, islom dini doimo ayollarning qo‘liga qurol olib, urushga chiqishiga qat’iyan qarshi bo‘lgan.

Hatto shunday holat ham bo‘lgan ekanki, ayollar Payg‘ambarimiz s.a.v.ning oldilariga kelib jihodga chiqishga ruxsat berishlarini iltimos qilganlarida ham rad javobini olganlar.

Quyidagi hadis bu fikrimizga dalil bo‘ladi: روى ابن أبي الدنيا في “النفقة على

العيال“ (528) وفي “مداراة الناس“ (173) وابن بشران في “أماليه“ (11) من طريق عَبْد الْمُتَعَالِ بْن طَالِبِ بْنِ إِبْرَاهِيمَ ، ثنا إِبْرَاهِيمُ بْنُ سُلَيْمَانَ أَبُو إِسْمَاعِيلَ الْمُؤَدِّبُ ، عَنِ الْحَجَّاجِ بْنِ دِينَارٍ، عَنْ مُحَمَّدِ بْنِ عَلِيٍّ ، عَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللَّهِ ، قَالَ: “ بَيْنَا نَحْنُ قُعُودٌ عِنْدَ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذْ أَتَتْهُ امْرَأَةٌ ، فَقَالَتْ: يَا رَسُولَ اللَّهِ أَنَا وَافِدَةُ النِّسَاءِ إِلَيْك ، يَا رَسُولَ اللَّهِ : رَبُّ الرِّجَالِ وَرَبُّ النِّسَاءِ اللَّهُ عَزَّ وَجَلَّ ، وَآدَمُ أَبُو الرِّجَالِ وَأَبُو النِّسَاءِ ، وَحَوَّاء أُمُّ الرِّجَالِ وَأُمُّ النِّسَاءِ ، وَبَعَثَكَ عَزَّ وَجَلَّ إِلَى الرِّجَالِ وَالنِّسَاءِ ، فَالرِّجَالُ إِذَا خَرَجُوا فِي سَبِيلِ اللَّهِ فَقُتِلُوا فَهُمْ أَحْيَاءٌ عِنْدَ رَبِّهِمْ يُرْزَقُونَ ، وَإِذَا خَرَجُوا فَلَهُمْ مِنَ الْأَجْرِ مَا قَدْ عَلِمْتَ، وَنَحْنُ نَخْدُمُهُمْ وَنحْبِسُ أَنْفُسَنَا عَلَيْهِمْ ، فَمَاذَا لَنَا مِنَ الْأَجْرِ؟ فَقَالَ لَهَا رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: ( أَقْرِئِي النِّسَاءَ مِنِّي السَّلَامَ وَقُولِي لَهُنَّ: إِنَّ طَاعَةَ الزَّوْجِ تَعْدِلُ مَا هُنَالِكَ ، وَقَلِيلٌ مِنْكُنَّ تَفْعَلُهُ.

Ibn Abi Dunyoning “an-Nafaqa alal ayol” va “Madoratun niso” hamda Ibn Shibronning “Amoliya” asarlarida Ibrohim ibn Sulaymon Abu Ismoil al-Muaddib, Hajjoj ibn Dinor, Muhammad ibn Ali, Jobir ibn Abdullohdan rivoyat qilingan hadisda Jobir ibn Abdulloh dedi:

Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlarida o‘tirgan edik. Shunda bir ayol kirib kelib: “Men ayollar nomidan Sizning huzuringizga vakil bo‘lib keldim”, dedi-da Rasulullohga quyidagicha murojaat qildi:

“Ey, Rasululloh! Erkaklarning Robbisi bo‘lgan Alloh ayollarning ham Robbisi emasmi?! Erkaklarning otasi bo‘lgan Odam Ato ayollarning ham otasi emasmi?! Erkaklarning onasi bo‘lgan Havvo ayollarning ham onasi emasmi?! Alloh erkaklar bilan bir qatorda Sizni biz ayollarga ham Payg‘ambar qilib yuborgan-ku, to‘g‘rimi?! Unda nega faqat erkaklar Alloh yo‘lida jihodga chiqib, ajr savobiga erishmoqdalar?! Biz esa, faqat ularning qo‘l ostida xizmatlarini qilib o‘tiramiz. Bizga qanday ajr-savob bor?!”

Rasululloh (s.a.v.) ayolning iddaosini eshitib, bosiqlik bilan shunday javob qaytardilar: “Sen borib mening nomimdan barcha ayollarga salomimni yetkazgin va ularga shu so‘zlarimni aytgin: Ayolning o‘z eriga itoatda bo‘lishi yuqoridagi ishlar (erkaklarning jihod qilishi) bilan barobardir (va ajri ham barbardir). Afsuski, siz ayollar ushbu ishni kam qilmoqdasizlar (erga itoat qilishda dangasalik qilmoqdasizlar)”.

Mazkur hadisdan ko‘rinib turibdiki, ayol kishi turmush o‘rtog‘i itoatida bo‘lib oilasi, farzandlari ta’lim-tarbiyasi uchun xizmat qilsa, jihod qilganlik savobiga erishadi(!)

Yuqoridagi hadis “Agar siz ayollar (oila qurib nikoh orqali) bir farzandni dunyoga keltirish bilan jihod qilgan savobiga noil bo‘lasizlar. Shu holatda vafot etsangiz shahidlik maqomiga, agarda farzandni (eson-omon) dunyoga keltirib olsangiz g‘oziylik savobiga erishasizlar”, mazmunida ham rivoyat qilingan.

Endi mavzuimizning asl maqsadiga o‘tadigan bo‘lsak, bugungi kunda din niqobidagi ekstremistik kuchlar yurtimizdagi ayrim ayollarni “...sizlar ham jihod qilishni istasangiz, islom uchun kurash bo‘layotgan diyorlarga (Suriya, Iroq) hijrat qilib, u yerda qon kechayotgan mujohidlarning nafsini qondirib, ularga farzand ato etishingiz eng to‘g‘ri yo‘ldir”, degan mazmunda johilona, balandparvoz chaqiriqlar bilan xotin-qizlarni ham haqiqat yo‘lidan og‘dirishga harakat qilmoq.

Buning natijasida bugungi kunda ommaviy axborot vositalarida ham ayrim ijtimoiy tarmoqlar va yashirin kanallarda “intim jihod”, degan xunuk ibora tarqalib ketdi.

Savol tug‘iladi: xo‘sh, “intim jihod”ning o‘zi nima?

Bu savolga oydinlik kiritadigan bo‘lsak, bu kabi targ‘ibotlarni amalga oshirayotgan g‘arazli maqsaddagi kimsalarning fikricha, “go‘yoki ayol yoki bokira qiz bugungi kunda Suriya va Iroqda qon to‘kayotgan johil qonxo‘rlar safiga borib qo‘shilib, ular bilan birga yashab, ularning nafslarini qondirishi – “intim jihod” ekan.

Bu kabi hayvoniy fikr va tafakkurga ko‘ra, “intim jihod” qiluvchi ayol ayni paytdagi eri jangda o‘lsa, darhol boshqa bir “mujohidga” erga tegishi mumkin ekan...

Bunday jaholatga boshlovchi, jirkanch fikrlarni eshitgan har bir sog‘lom fikrli inson va haqiqiy musulmon kishi “Astag‘firulloh!”, deb yuborishi tabiiy. Zero, bu o‘rinda muqaddas Islom dinidagi Oila masalalari, idda, nikoh tartib-qoidalari qayerga ketadi?!

Islom dini aziz va mukarram qilib qo‘ygan nozik xilqat – ayolni bunday tubanlikka targ‘ib qilishga bunday manqurtlar qaysi vijdon, imon bilan jur’at eta oldi?!

Aslida, Alloh taolo o‘zining yaratgan bandalari orasida insonni azizu va mukarram qilib yaratganini Qur’onda alohida qayd etgan:

وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آدَمَ وَحَمَلْنَاهُمْ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَرَزَقْنَاهُم مِّنَ الطَّيِّبَاتِ وَفَضَّلْنَاهُمْ عَلَى كَثِيرٍ مِّمَّنْ خَلَقْنَا تَفْضِيلاً

Ma’nosi: Darhaqiqat, Biz Odam bolalarini aziz-mukarram qildik va ularni barru-bahrda – quruqlik va dengizda (ot-ulov va kemalarga) chiqarib qo‘ydik hamda ularga halol-pok narsalardan rizqu ro‘z berdik va ularni O‘zimiz yaratgan juda ko‘p jonzotlardan afzal-ustun qilib qo‘ydik.

(Isro, 70).

Shuningdek, insonlarni ikki jinsda (erkak va ayol) qilib yaratib ayolning oiladagi maqomini alohida oyat bilan belgilab bergan:

الرِّجَالُ قَوَّامُونَ عَلَى النِّسَاء بِمَا فَضَّلَ اللّهُ بَعْضَهُمْ عَلَى بَعْضٍ وَبِمَا أَنفَقُواْ مِنْ أَمْوَالِهِمْ فَالصَّالِحَاتُ قَانِتَاتٌ حَافِظَاتٌ لِّلْغَيْبِ بِمَا حَفِظَ اللّهُ وَاللاَّتِي تَخَافُونَ نُشُوزَهُنَّ فَعِظُوهُنَّ وَاهْجُرُوهُنَّ فِي الْمَضَاجِعِ وَاضْرِبُوهُنَّ فَإِنْ أَطَعْنَكُمْ فَلاَ تَبْغُواْ عَلَيْهِنَّ سَبِيلاً إِنَّ اللّهَ كَانَ عَلِيّاً كَبِيراً

Oyat ma’nosi: Erkaklar xotinlari ustida rahbardurlar. Bunga sabab Alloh ularning birovlarini birovlaridan (ya’ni, erkaklarni ayollardan) ortiq qilgani va erkaklar (xotinlari va oilalari uchun) o‘z mol-mulklaridan sarf-xarajat qilganlaridir. Bas, ibodat-itoatli va erlari yo‘qligida Allohning hifzu himoyati bilan (erlarining mol-mulklarini va o‘z iffatlarini) saqlovchi xotinlar — yaxshi xotinlardir. Xotinlaringizning itoatsizligidan qo‘rqsangiz, avvalo, ularga pand-nasihat qilinglar, so‘ng (ya’ni, nasihatlaring kor qilmasa) ularni yotoqlarda tark qilingiz (ular bilan bir joyda yotmang, yaqinlashmang), so‘ngra (ya’ni shunda ham sizlarga bo‘yinsunmasalar) uringlar. Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi boshqa yo‘l axtarmanglar. Albatta, Alloh eng yuksak va buyuk bo‘lgan zotdir. (Niso, 34).

Ushbu oyatni Shayx Abdulaziz Mansur “Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi” kitobida quyidagicha sharhlab berganlar:

Ushbu oyatda oiladagi er bilan xotinning o‘rni belgilab berilgan. Shariat hukmicha, er, avvalo, oilaning barcha moliyaviy va ma’naviy taraflariga javobgar bo‘lgan, uni chetdan bo‘ladigan har qanday xurujlardan himoya qiladigan shaxsdir. Mana shular evaziga va erkak kishi uchun fazilat hisoblanmish og‘ir-bosiqlik, oila tebratishdagi tadbirkorlik kabi sifatlar sababli u oilaning boshlig‘i sanaladi.

Yaxshi xotin esa diyonatli, erning uyini obod qiladigan va unga bir umr sadoqatli bo‘lgan ayoldir. Agar xotin tomonidan oilaning yo er-xotinning tinch-totuvligiga raxna soladigan biron fe’l sodir bo‘lsa, erning vazifasi, avvalo, unga yaxshilik bilan tushuntirish, tushunmasa mehru muhabbatini darig‘ tutish bilan o‘z noroziligini bildirishdir. Bu ishlar foyda bermagan taqdirdagina xotinga (uni urib, zinhor uch olish yoki rohatlanish uchun emas), balki to‘g‘ri yo‘lga solish maqsadida) qo‘l ko‘tarishga ruxsat beriladi.

Lekin, tabiiyki, erga itoat qilishni o‘zi uchun burch, deb bilgan ayol va o‘zidan qudratliroq bo‘lgan zot – Alloh ko‘rib turganiga imoni komil bo‘lgan er bu oxirgi choragacha yetib kelmaydi.

Demak, mazkur oyatdan ma’lum bo‘ladiki, ayol oilada ham nozik xilqat sifatida e’tirof etib kelingan. Nozik xilqat deganda, uni asrab-avaylash, ehtiyotkorlik bilan parvarish qilish tushuniladi. Tarixdan ma’lumki, Islom dini kirib kelishi bilan jaholat domiga sho‘ng‘ib ketgan Arabiston yarim orolida ham ayollar va qizlarga nisbatan bo‘lgan noinsoniy, vahshiylarcha munosabat batamom yo‘q qilindi. Rasululloh (s.a.v.) boshchiligi va rahnamoligida xotin-qizlarga Allohning ulug‘ mo‘jizasi sifatida muomala qilina boshlandi.

Endi yuqoridagi og‘riqli muammoning ikkinchi jihatiga e’tibor qaratsak: Islom dinida “Zino — eng katta gunoh”, hisoblanadi. Qur’onda Isro surasi, 32-oyatda shunday deyilgan;

وَلاَ تَقْرَبُواْ الزِّنَى إِنَّهُ كَانَ فَاحِشَةً وَسَاء سَبِيلاً

Oyat ma’nosi: Va zinoga yaqinlashmanglar. Albatta, u fohisha ish va yomon yo‘ldir.

Ahamiyat bersak, mazkur oyatda “zino qilmanglar”, deyilmasdan, balki “zinoga yaqinlashmanglar”, deya ta’kidlanmoqda. Bu degani, mo‘min-musulmon inson zino qilish tugul, uning yaqiniga ham yo‘lamasligi kerak. Zinoga olib boruvchi narsalardan ham uzoqda bo‘lishi lozim(!)

Alloh taolo bu oyati bilan inson naslini va nasabini saqlashni iroda qildi va bizni ogohlantirib, “Va zinoga yaqinlashmanglar”, deb xitob qilmoqda.

Demak, mo‘min kishi bilan zino tushunchasi o‘rtasida katta masofa bo‘lishi kerak, uning yaqiniga yo‘lashni, hatto fikr ham qilish mumkin emas. Bunga ushbu hadis ham dalildir:

قال النبي صلى الله عليه وسلم: من حام حول الحمى يوشك أن يقع فيه.

Hadis ma’nosi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Kim Alloh taoloning hududi (harom qilgan narsalari) atrofida aylansa, unga tushib ketishi yaqindir, deganlar.

Yuqoridagi oyatning mantiqiy davomi o‘laroq Nur surasi, 30-oyatda Alloh taolo zinoning o‘zidan qaytarib qo‘ya qolmay, balki unga olib boruvchi vosita – nazardan ham qaytardi:

قُل لِّلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ وَيَحْفَظُوا فُرُوجَهُمْ ذَلِكَ أَزْكَى لَهُمْ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا يَصْنَعُونَ

Oyat ma’nosi: Sen mo‘minlarga ayt, ko‘zlarini tiysinlar va farjlarini saqlasinlar. Ana shu ular uchun pokdir. Albatta, Alloh nima hunar qilayotganlaridan xabardordir.

Mana shu oyatlar ham bugungi kunda ilmsizlik yoki noto‘g‘ri tushuncha sababli o‘z oilasi, farzandlarini tashlab, o‘zga o‘lkalarga borib, o‘z tanasi bilan “jihod” qilayotganlar vaqtida tavba qilmasa, kelgusida bu dunyoda ham, oxiratda ham ayanchli oqibatlar kutib turibdi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Ilmiy tadqiqotlar va innovasion loyihalar markazi

O‘zA

Kiritildi: 16:13 13.11.2019. O'qildi: 5506 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!