Bugun 18 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Nima uchun gunoh ish qilding?

Nima uchun gunoh ish qilding?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Alloh taolo Qur’oni Karimning Qiyomat surasida shunday marhamat qiladi:

«Qiyomat kuni bilan qasam. Va malomatchi nafs bilan qasam. Inson Bizni uning suyaklarini jamlay olmas, deb o‘ylarmi? Aksincha, uning barmoq uchlarini ham tiklashga qodirmiz» (1-4 oyatlar).

Qiyomatga ishonish Islomda iymon arkonlaridan biridir. Payg‘ambarimiz alayhissalomdan iymon haqiqatidan so‘ralganda, u zot: «Allohga, farishtalarga, ilohiy kitoblarga, Payg‘ambarlarga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing va yana yaxshi-yomon taqdir ham Allohdan ekaniga iymon keltirmog‘ing (iymondir)», deganlar.

Va malomatchi nafs bilan qasam.

«Malomatchi nafsdan» murod mo‘min kishining nafsidir. Chunki u o‘z egasini doimo malomat qilib (tergab) turadi. Gunoh ish qilsa, «Nima uchun gunoh ish qilding? Allohdan qo‘rqmaysanmi? Oxiratda nima deb javob berasan» malomat qiladi. Savob ish qilsa, «Bu oz-ku, ko‘proq qilsang bo‘lmaydimi? Qancha ko‘p savob ish qilsang, o‘zingga foyda-ku», deb malomat qiladi. Tasavvuf maktabining mashhur namoyandasi, Islom olamida katta hurmatga ega bo‘lgan olim imom Hasan Basriy: «Yaxshi odam doimo o‘z nafsini malomat qilib turadi, fojir odam nafsini itob qilmay yuraveradi», – deganlar.

Kelgusi oyatda Alloh taolo qiyomatni inkor qiluvchilarga hujjat keltirishga o‘tadi.

Inson Bizni uning suyaklarini jamlab olmas, deb o‘ylarmi?

Kunlardan birida arab mushriklaridan Adiy ismli kishi Muhammad sollallohu alayhi vasallam bilan gaplashib o‘tirib, qiyomat haqida so‘zlab berishni so‘radi. Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga bir oz qiyomat haqida so‘zladilar. Shunda Adiy: «Allohga qasamki, o‘sha kunni o‘z ko‘zim bilan ko‘rsam ham, senga ishonmayman, ey Muhammad, senga ham, o‘sha kunga ham iymon keltirmadim, Alloh o‘lgan odamning suyaklarini to‘plashi mumkin ekanmi?» – dedi. Alloh taolo unga raddiya qilib, ushbu oyatlarni nozil qildi.

Albatta, Biz uning barmoq uchlarini ham tiklashga qodirmiz.

Ushbu oyat Qur’oni Karimning ilmiy mo‘’jizalaridan biridir. Tuproqqa ko‘milgan o‘lik bir muddatdan so‘ng chirib bitadi. O‘sha chirib, tuproqqa aralashib ketgan insonning qiyomat kuni qayta tirilishiga ko‘pchilik ishongisi kelmaydi. Yuqorida tilga olingan mushrik Adiyga o‘xshab, hayron bo‘ladi.

Alloh taolo bo‘lsa: «Bunga hayron bo‘lishning hojati yo‘q, Men nafaqat tanani, balki o‘sha tanadagi nozik, daqiq joylarni, chiziqlarni ham, jumladan, barmoq uchlarini ham, avval qanday bo‘lsa, xuddi shunday holiga keltiraman», – deydi.

Nima uchun Alloh taolo bu oyatda inson a’zolari ichidan aynan barmoq uchini tanlab oldi?

Insonning boshqa a’zolari birovniki ikkinchisinikiga o‘xshashi mumkin. Lekin hech qachon birorta odamning barmoq uchlari boshqa shaxsnikiga o‘xshamas ekan. Bu haqiqatni odamlar o‘tgan asrga kelibgina anglab yetdilar. 1884 yildan boshlab, Angliyada odamlarni barmoq izidan aniqlash boshlandi. Barmoq izlari turlicha bo‘lib, dunyoda hech qachon bir kishining barmoq chiziqlari ikkinchi shaxsnikiga o‘xshamas ekan. Bu dalil Qur’onning haqiqiy ilohiy Kitob ekanini yana bir bor isbotlaydi. Ko‘pchilik mazkur oyatning ta’siridan Islom dinini qabul qilganlar.

Shu yerda mulohaza qilinadi: xo‘sh, nima uchun insonning boshqa a’zolari emas, aynan barmoq uchi? Buning sababi shuki, insonning boshqa a’zolari – ko‘zmi, burunmi yoki boshqa a’zolarmi, ikkinchi bir insonnikiga o‘xshashi mumkin. Barmoq uchlari esa takrorlanmas, hech kimniki boshqa birovnikiga o‘xshamas ekan.

Demak, Alloh dunyoda o‘tgan barcha insonlarning son-sanoqsiz barmoqlarini ham qiyomat kuni dunyoda qanday bo‘lsa, shunday holga keltira olishini ta’kidlamoqda.

«Qur’on va sunnatdagi ilmiy mo‘’jizalar» va «Tafsiri Hilol»kitobi asosida tayyorlandi.

Kiritildi: 15:50 19.09.2019. O'qildi: 3913 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!