Bugun 19 aprel, 2024 yil, juma

КИР

NIKOHDAN OLDIN QANDAY TIBBIY KO‘RIKLARDAN O‘TISh LOZIM?

NIKOHDAN OLDIN QANDAY TIBBIY KO‘RIKLARDAN O‘TISh LOZIM?

Oila — inson hayotining asosiy bo‘g‘inidir. Oila qo‘rg‘onini mustahkam bo‘lishini o‘ylab nikoh oldidan kelin-kuyovni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish yangi oilaning mustahkamligi va tug‘ilajak farzandlarning barkamolligini ta’minlaydi.

Nikohdan oldingi tibbiy ko‘rikning ahamiyati, roli, yo‘l-yo‘riqlari haqida Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi direktori Shahnoza Zufarova SSV Matbuot xizmatiga ma’lumot berdi:

– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 25 avgustdagi “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq, bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad — irsiy va nasliy kasalliklarning oldini olish, oilada sog‘lom muhitni qaror toptirishdir.

Barcha nikohlanuvchilar turmush qurishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart. Shundan so‘ng tibbiy ko‘rikning xulosasiga qarab, bo‘lajak oila vakillari qaror qabul qilishadi.

— Nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi qay tartibda amalga oshiriladi?

— Nikohlanuvchi shaxslar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali nikohni qayd etish uchun ariza beradilar.

Shundan so‘ng yuborilgan arizani FHDYo organlari ko‘rib chiqib, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yo‘llanma beradi.

Yo‘llanma hozirda FXDYo organlarida qog‘oz shaklida nikohlanuvchi shaxslarning ko‘liga topshirilmoqda.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tgandan keyin, nikoh tuzilishiga O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining nazarda tutilgan to‘siqlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, FHDYo organlari tomonidan nikohni qayd etish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun o‘zlariga qulay bo‘lgan ko‘p tarmoqli poliklinikalardan o‘tishlari joriy qilinmoqda.

2021 yil 1 iyundan fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish kabi amaliyotlar eksterritorial tamoyil asosida amalga oshiriladi.

— Bo‘lajak yosh oila qanday tibbiy ko‘riklardan o‘tadi?

— Yoshlar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida bepul dispanserizasiyadan, ya’ni kardiolog, endokrinolog, revmatolog mutaxassislari jalb qilingan holda nikoh oldi tibbiy ko‘rikdan o‘tadi hamda qo‘shimcha UTT, EKG, umumiy qon tahlili, qondagi qand miqdori aniqlanadi.

Shuningdek, ruhiy kasalliklar (shizofreniya, epilepsiya, oligofreniya) yuzasidan tekshirish, narkologik kasalliklar yuzasidan tekshirish, zaxm yuzasidan tekshirish, sil yuzasidan tekshirish, OIV/OITS yuzasidan tekshirish olib boriladi.

Nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rigi natijalari to‘g‘risida tibbiyot muassasasining xulosasi ma’lumotnomada aks ettiriladi.

Ma’lumotnoma tibbiyot muassasasining muhri va rahbarining imzosi bilan tasdiqlanadi.

Kiritildi: 16:59 25.09.2021. O'qildi: 6223 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!