Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Nihoyat: «O‘zbekiston havo yo‘llari» Namangan—Toshkent aviareysining soatlab ushlab turilganiga izoh berdi

Nihoyat: «O‘zbekiston havo yo‘llari» Namangan—Toshkent aviareysining soatlab ushlab turilganiga izoh berdi

«O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasi HY-095 aviareysi ertalab soat 8:00 dan beri yo‘lovchilari bilan ushlab turilgani haqida berilgan xabarga munosabat bildirdi.

Uzbekistan Airways bayonotida jumladan shunday deyiladi:

«Namangan» va «Farg‘ona» xalqaro aeroportlari quyuq tuman tufayli havo kemalarini qabul qilish uchun yopiq edi, shu sababli kompaniyaning HY-620 Moskva—Namangan yo‘nalishi bo‘yicha 8 dekabrda parvoz qilgan Boeing 757 havo kemasi komandiri qarori bilan «Toshkent» aeroportiga soat 17:41 qo‘ndi.

«Namangan» aeroportida ob-havo uzoq muddat yaxshilanmaganligi bois, yerusti transporti bilan manzilga yetib olishni istagan yo‘lovchilarga, aviakompaniya qoidalariga muvofiq, Namanganga yetib olish uchun yo‘l xarajatlarini qoplash uchun kompensasiya to‘lab berildi.

Yo‘lovchilarga, jumladan, yuki ko‘p bo‘lganlarga, aviakompaniya tomonidan yakuniy manzilga eng yaqin qatnov bilan yetib olish taklifi berildi. 37 nafar yo‘lovchi 9 dekabr, dushanba kuni soat 08:25 dagi HY-095 qatnovi bilan Namanganga yetib borishga rozilik bildirdi.

«Namangan» aeroportida uzoq vaqt ob-havo o‘zgarmaganligi sababli HY-095 qatnov vaqti soat 10:00 ga, so‘ngra 12:00 va 14:00 ga ko‘chirildi. Uchishni kutish vaqtida yo‘lovchilar «Toshkent» aeroporti xalqaro yo‘nalishlar terminalining kutish zaliga joylashtirildi, u yerda ularga ikki marta issiq ovqat — kechki ovqat/ertalabki nonushta taqdim etildi. 9 dekabr kuni soat 07:00 da yo‘lovchilar Namanganga uchish uchun yerusti transporti bilan mahalliy aviayo‘nalishlar aerovokzaliga yetkazildi.

«Namangan» aeroportida ob-havo yana yomonlashgani yo‘lovchilarning samolyotda uzoq vaqt kutishiga sabab bo‘ldi. Ba’zi agressiv kayfiyatdagi yo‘lovchilar holatni tushunmasdan, ob-havoga qaramasdan, tezroq Namanganga uchishni talab qildi. «Namangan» aeroporti ochilishi to‘g‘risida ma’lumot olinishi bilan, havo kemasi komandiri uchishga qaror qildi va yo‘lovchilar samolyotga taklif qilindi. O‘sha agressiv kayfiyatdagi yo‘lovchilardan biri samolyot sahniga chiqgach, o‘z e’tirozlari bilan katta bort kuzatuvchisiga tashlandi. 5 nafar yo‘lovchi, shu jumladan, katta bort kuzatuvchisiga tan jarohati yetkazgan yo‘lovchi ayol aeroport milisiya liniyaviy bo‘limi vakillari tomonidan qatnovdan chetlashtirildi, bu holat ekipaj a’zosini almashtirishni talab etdi.

Ta’kidlash joizki, ushbu vaqt davomida Uzbekistan Airways rahbariyati va mas’ul xodimlari aeroportda bo‘lib, tushuntirish ishlari olib bordi va yo‘lovchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotda bo‘ldi, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish uchun barcha choralarni ko‘rdi.

Uzbekistan Airways yo‘lovchilardan uchish va qo‘nish aeroportlarida qishki mavsumdagi yomon ob-havo sharoiti tufayli parvozlar jadvaliga kiritilayotgan o‘zgarishlarga tushungan holda yondoshishni so‘raydi, chunki parvozlar va yo‘lovchilar xavfsizligi bizning eng muhim vazifalarimizdan hisoblanadi».

Kompaniya HY620 Vnukovo—Namangan va HY-095 Tashkent—Namangan qatnovlari xronologiyasini ham rasmiy saytida chop etgan.

Avval O‘zbekiston havo yo‘llarining HY-095 aviareysi ertalab soat 8:00 dan beri yo‘lovchilari bilan ushlab turilgani, bortda soatlab qolib ketgan passajirlar orasida holsizlikdan hushidan ketganlar ham borligi, uchta tez yordam mashinasi kelgani, shuningdek, bort kuzatuvchilari samolyotni tark etganlarga aviachipta qiymati qoplanmasligini aytgani xabar qilingan.

Kiritildi: 09:50 10.12.2019. O'qildi: 3005 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!