Braziliyaning eng mashhur futbolchilaridan Neymar ayni paytda Madridning “Real” klubida to‘p tepayotgan Vinisius Juniorning faoliyatiga doir muhim maslahatini berdi.
25 yoshli hujumchining “Real”dagi kelajagi mavhum bo‘lib turibdi. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, tomonlar yangi shartnoma bo‘yicha kelisha olmagan. Shu bois, Vinisius yozgi transferlar davrida boshqa klubga sotib yuborilishi mumkin.
Transfer News Live va OK Diario kabi manbalarning yozishicha, Neymar Vinisiusni o‘zi qilgan xatoni takrorlamaslikka chaqirgan. 33 yoshli futbolchi hamyurti “Real” bilan shartnomani uzaytirishi to‘g‘ri bo‘lishini ta’kidlamoqda.
Neymar o‘zining xatosi sifatida 2017 yili “Barselona”dan ketib, “Pari Sen-Jermen”ga o‘tganini nazarda tutmoqda. O‘shanda Fransiya klubi Neymar uchun Kataloniya superklubiga 222 million yevro to‘lagan. Bu transfer hozir ham eng katta summa sarflangan rekord transfer bo‘lib turibdi.