Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning afv etish haqidagi iltimosi belgilangan tartiblar asosida va o‘ta jiddiylik bilan ko‘rib chiqiladi.
Bu haqda Isroil prezidenti Isaak Gersog Politico nashriga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Gersogga Netanyaxuga qarshi tergovni butunlay to‘xtatishni so‘rab maktub yo‘llagan edi.
"Prezident Trampning do‘stligi va fikrini hurmat qilaman. Lekin Isroil suveren davlatdir... Ishi muhokama qilinadigan shaxs, ya’ni Netanyaxu Isroil qoidalariga muvofiq, boshqa ko‘plab so‘rovlar kabi to‘g‘ri ko‘rib chiqiladigan so‘rovni taqdim etishi kerak. Men buni jiddiy qabul qilaman", dedi Isroil prezidenti.
Gersogning ta’kidlashicha, barcha kechirim so‘rovlari belgilangan tartibda Adliya vazirligi va uning yuridik maslahatchisi orqali amalga oshiriladi. Ushbu "g‘ayrioddiy iltimos"ni ko‘rib chiqishda, Isroil prezidenti, u ta’kidlaganidek, birinchi navbatda, Isroil xalqining manfaatlaridan kelib chiqadi: "Isroil xalqining farovonligi mening birinchi, ikkinchi va uchinchi ustuvorligimdir".
Netanyaxuga qarshi tergov 2016 yil dekabrida boshlangan va 2019 yilda unga bir necha korrupsiya ayblovlari bo‘yicha rasman ayblov e’lon qilingan. Isroil bosh vaziri har qanday qonunbuzarlikni rad etadi.
Kecha Netanyaxu, o‘z navbatida, Quddusda Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida korrupsiya ishi bo‘yicha avf etilishi evaziga siyosatni tark etmasligini aytdi.