Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu «Buyuk Isroil» deb ataladigan g‘oyani to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Netanyaxu Isroilning i24 telekanaliga bergan intervyusida o‘z vazifasini tarixiy va ma’naviy deb hisoblaganini ta’kidladi: "Men avlodlar vazifasini bajarmoqdaman. Bu yerga kelishni orzu qilgan yahudiy avlodlari bo‘lgan va bizdan keyin ham keladigan avlodlar bo‘ladi."
Ushbu vazifa yahudiy xalqiga xizmat qilishmi, degan savolga bosh vazir shunday javob berdi: "Agar siz tarixiy va ma’naviy vazifani his qilasizmi, deb so‘rasangiz - ha," deya MEE xabar bermoqda.
"Buyuk Isroil" atamasi tarixan Isroil va 1967 yilgi Olti kunlik urush paytida bosib olingan hududlarni, shuningdek, ba’zi dastlabki sionistlar kelajakdagi yahudiy davlatining bir qismi sifatida ko‘rgan yerlarni anglatish uchun qo‘llanilgan.
Ayni damda bu bayonotlar xalqaro hamjamiyat va qo‘shni davlatlarda tashvish uyg‘otmoqda.
Bu loyiha Isroil chegaralarini Nil daryosidan Furotgacha, ya’ni Misr, Iordaniya, Suriya, Livan, Iroq va Saudiya Arabistonining keng hududlarini o‘z ichiga olgan holda kengaytirishni nazarda tutadi.