Bugun 28 mart, 2024 yil, payshanba

КИР

Navoiyda jinoyatga qo‘l urgan "qaroqchi" qizga hukm o‘qildi

Navoiyda jinoyatga qo‘l urgan "qaroqchi" qizga hukm o‘qildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudining bu galgi ochiq sud majlisi, Karmana tuman, “Ziyokor” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida  sudya A. Avezov raisligida bo‘lib  o‘tdi.  Sudda 2000 yil 15 aprelda Navoiy shahrida tug‘ilgan, hatto o‘rta-maxsus ma’lumotni ham tugallashga ulgurmagan, o‘n gulidan bir guli ham ochilmagan,  ayni  beg‘ubor yoshga dog‘ tushirgan, xazon qilgan qiz — Zarifa  Nodirovaning jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Hukm qat’iy, shikoyatga o‘rin yo‘q: “Zarifa Nodirova Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli, deb topilsin va unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlansin”.

 Ha, hukm qat’iy. Chunki hali yigirma yoshga kirib ulgurmagan qiz sudning qora kursisiga allaqachon ikki marta o‘tirishga ulgurgan. Muqaddam o‘n yetti yoshida jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudining 2017 yil 17 noyabrdagi hukmiga ko‘ra Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, eng kam oylik ish haqining o‘n baravari miqdorida — 1.497.750 so‘m jarima jazosi tayinlangan. Yana takror jinoyatning tafsiloti ham, ayblanish moddasi-yu, bandi  ham, shakli-shamoyili ham bir xil. 169-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan ayblangan. Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi, deyishadi. Bu qiz esa  hassasini ataylab qayta-qayta yo‘qotishdan qo‘rqmaydiganlar xilidan ekan.

Birinchi marta qilgan jinoyati uchun voyaga yetmaganligini, qiz bolaligini inobatga olib, yengillik berilganligi, insonparvarlik qilinganligini  nazar-pisand qilmagan qizcha oradan olti oy o‘tar-o‘tmas yana jinoyat ko‘chasiga kirdi,  eski hunarini boshladi.  

 Sud majlisida u aybiga to‘liq iqror bo‘lib, o‘sha kuni Gulsara ismli dugonasining yoniga mahallaga borganligi, u bilan uchrashib biroz vaqt gaplashgandan so‘ng uyiga qaytayotganda, “Umid” qo‘rg‘oni “Bahor” massivi 147-uyning qarshisida kichkina qizaloqning o‘ynab yurganligini ko‘rib, xayoli buzilgani, qizchani oldiga borib uni aylantirib kelishni aytib, shu atrofdagi daraxt soyasida o‘tirib qizchaning tilla ziragini “ko‘rsam maylimi” deb, qulog‘idan yechib olganligi, uni gap bilan chalg‘itib, zirakni cho‘ntagiga solib, voqea joyidan darhol ketgani, qo‘lga kiritgan  “o‘lja”sini darhol pullash uchun shahardagi 10-kichik tuman hududida joylashgan Dehqon bozoriga yugurgani, u yerdagi zargarga tilla zirak o‘ziga tegishli ekanligi, pul zarur bo‘lganligi uchun sotayotganligini aytib, 250 ming so‘mlik zirakni bor-yo‘g‘i 30 ming so‘mga sotib yuborganligi, jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni tez kunda qoplab berishini, sodir etgan jinoyatidan chin ko‘ngildan pushaymonda ekanini bildirdi. Bu jinoyat ko‘chasiga kirgan qizning birinchi qasami emasligini nazarda tutadigan bo‘lsak, unga ishonish-ishonmaslik jiddiy masala.

 Sudda fuqaroviy da’vogar tariqasida so‘roq qilingan S.Olimov 2006 yildan buyon Navoiy shahar, 10-kichik tuman hududida joylashgan Dehqon bozorida zargarlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelishini bayon qilgan. Savol tug‘iladi... Zargar zirakni 30.000 so‘mga sotib olayotganda, qizning o‘zini tutishi, qimmat tilla taqinchoqni nega 8 barobar arzonga sotayotganligini anglamadimikan?   IIB xodimlari kelib o‘zini Zarifa deb tanishtirgan qizdan sotib olgan ziraklari o‘g‘irlik ekanligini aytib, xolislar ishtirokida zirak eritmasini rasmiylashtirib olganida sal hushyor tortib, unga ishonib xato qilganini sezdi.       

 Sud sudlanuvchi Z.Nodirovaning aybiga to‘liq iqrorligi va qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonda ekanini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb hisoblasa-da, ilgari ham qasddan xuddi shunday jinoyat sodir etgan shaxsning yosh bolaga nisbatan yana yangi jinoyat sodir etganligi jazosini og‘irlashtiruvchi holatlar deb hisoblashni lozim topdi.

Sud hukmida, shuningdek, Jinoyat kodeksining  60-moddasi tartibida Z. Nodirovaga  o‘talmagan 647.750 so‘m jarima jazosini nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudining  2017 yil 17 noyabrdagi  hukm bilan tayinlangan jazoga qo‘shib  tayinlashni, Jinoyat kodeksining 61-moddasi tartibida tayinlangan jarima jazosi alohida ijro etilishi ham  ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, sud hukmida jinoyat oqibatida yetkazilgan zarar uchun sudlanuvchi Z.Nodirovadan jabrlanuvchining qonuniy vakili foydasiga 250.000 so‘m undirish ham o‘z aksini topdi.

Jinoyatga jazo muqarrar bo‘ldi. Jinoyat yo‘liga qayta-qayta kirgan, birovning mulkiga ko‘z olaytirgan qaroqchi qiz ertaga hayotning  turli sinovlaridan o‘ta olarmikan? Buni bilmadik...

                                                                  Sherzod MAMIROV,

                                               Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar

sudi raisi,

                                                                  Marusa HOSILOVA,

                                                         “Inson va qonun” muxbiri

 

 

 

 

 

                                       

 

 

 

Kiritildi: 15:34 15.06.2020. O'qildi: 3342 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!