Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Navoiy shahrida majburan chiroq o‘chirilayotgani tan olindi

Navoiy shahrida majburan chiroq o‘chirilayotgani tan olindi

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portalida 2019 yil 29 iyunda fuqarolarning murojaati asosida «Navoiy shahrida (!) soatlab chiroq o‘chmoqda. Aholi bu holatga rasmiy izoh berilmayotganidan tashvishda» sarlavhali maqola e’lon qilingan edi. Ushbu maqolaga «Navoiy hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ bosh direktori nomidan rasmiy javob keldi. Quyida uni to‘liqligicha e’lon qilamiz:

Haqiqatdan ham joriy yilning yoz oylarida, ya’ni 14 iyundan boshlab Navoiy viloyatining barcha hududlarida, xususan Navoiy shahrida ham elektr ta’minotidagi uzilishlarga yo‘l qo‘yilmoqda. Navoiy shahrida 2019 yilning 24 iyun kuni 6 soat 42 daqiqa uzilish bo‘ldi va shu kuni soat 18-46da hamda 28 iyun kuni 5 soat 02 daqiqaga uzilishlar sodir bo‘ldi, ushbu uzilish shu kuni soat 14-20da bartaraf etilib, iste’molchilarga elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha barcha zaruriy choralar ko‘rildi va elektr energiyasi ta’minoti tiklandi. Lekin elektr energiyasi shunday bir mahsulotki, bir vaqtning o‘zida ishlab chiqilib, bir vaqtda iste’mol qilinadi va uni saqlash imkoniyati yo‘q. Elektrostansiyalarda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasini darhol tarmoqlar orqali iste’molchilarga yetkazish lozim.

Navoiy viloyatida uzilishlar bo‘lgan kunda iste’molchilarga yetarli darajada elektr energiyasi yetkazib berish uchun bir sutkada 24,0 mln. kVt.soat miqdorida energiyasi zarur edi. Ayni paytda viloyatga 23,0 mln. kVt. soat elektr energiyasi yetkazib berilmoqda.

Elektr energiyasi iste’molini o‘tgan 2018 yil bilan solishtirib chiqadigan bo‘lsak, 2018 yilning iyun oyida iste’molchilarga bir sutka davomida 22,2 mln. kVt.soat elektr energiyasi yetkazib berilgan va  iste’molchilarning elektr energiyaga bo‘lgan talabi to‘liq qondirilgan, 2019 yilda esa iste’molchilarga 23,0 mln. kVt. soat elektr energiyasi yetkazib berilmoqda, lekin iste’molchilarning elektr energiyasiga bo‘lgan talabi to‘liq qoplanmayapti. O‘tgan yilga nisbatan qo‘shimcha elektr energiyasiga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshib, sutkasiga 1,8 mln. kVt.soatni  tashkil qilmoqda.

Viloyatda elektr energiyasiga bo‘lgan talabning oshishi yangi ishga tushirilayotgan tadbirkorlik sub’ektlari, erkin  va kichik iqtisodiy sanoat zonalari, yirik sanoat korxonalarining kengayishi, chet el investorlarining viloyatga kirib kelishi natijasida yangi korxonalarning tashkil etilishi va aholi xonadonlari sonining keskin ortib borishi hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Misol uchun 2018 yilda aholi iste’molchilarining soni 158 195 tani tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich hozirda 162 596 tani tashkil qilmoqda yoki bir yil davomida aholi xonadonlari soni 4 401 taga ortgan. Xuddi shunday 2018 yilda tadbirkorlik sub’ektlari va ijtimoiy soha ob’ektlari soni 10 887 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatgich 12 085tani tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 1 198 taga oshgan. Yuqorida keltirilgan raqamlarning o‘ziyoq viloyatda elektr energiyasiga bo‘lgan talabning oshganligidan dalolat bermoqda.

Bundan tashqari yoz oyida havo haroratining oshishi natijasida nasos stansiyalarining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi keskin oshdi. Xuddi shuningdek bugungi kunda aholi turmush farovonligi oshayotganligi sababli har bir xonadonda kamida bitta televizor, kir yuvish mashinasi, changyutgich, kondisioner kabi maishiy texnikalar  mavjud. Havoning issiqligi sababli kondisionerlardan uzluksiz foydalanilayotganligi sabab elektr energiyasiga bo‘lgan talab oshib bormoqda.

Talabga nisbatan elektr energiyasining kam ishlab chiqarilishi oqibatida joylarda uzilishlar bo‘lishi rost gap. Yirik nasoslari bo‘lgan, muhim iqtisodiy hududlarni iloji boricha kamroq o‘chirishga harakat qilyapmiz. Markazlashgan energotizimda, energiya ishlab chiqaruvchi stansiyalardagi yoqilg‘i, asosan tabiiy gazning yetarli miqdorda yetkazib berilmasligi natijasida mana shunday holat kelib chiqmoqda.

Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, viloyat elektr tarmoqlarida avariyali holatlar yuzaga kelgani yo‘q. Vaziyat to‘liq nazoratga olingan. Respublika hukumati, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va uning tarkibidagi «Milliy elektr tarmoqlari», «Hududiy elektr tarmoqlari» va «Navoiy HETK» AJ hamkorlikda barcha uzulishlarni oldini olish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rmoqda, deyiladi rasmiy javobda.


Tahririyat izohi: Avvalo, «Navoiy hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ rahbariyatiga maqolaga zudlik bilan munosabat bildirgani uchun minnatdorchilik bildiramiz. Qolaversa, idora elektr tarmoqlaridagi uzilishlar texnik nosozlik emas, atayin amalga oshirilayotganini ochiq tan olmoqda. Shu o‘rinda, elektrning atayin uzib qo‘yilishiga sabab qilib ko‘rsatilayotgan omillar kishini o‘ylantiradi. Har bir hududda xonadonlar sonining yildan-yilga oshib borishi, aholining elektr jihozlaridan yanada ko‘proq foydalanishi tabiiy jarayonku. Qolaversa, tadbirkorlik sub’ektlari sonining oshishi, investorlarning yurtimizga kirib kelishi va yangi korxona, zavodlarning ishga tushirilishi mamlakat iqtisodi uchun naqadar muhim ahamiyatga egaligi ham ayon. Ular uzluksiz elektr energiyasiz qanday faoliyat ko‘rsata oladi? Energiya ishlab chiqaruvchi stansiyalarda yoqilg‘i, asosan tabiiy gazning yetarli miqdorda yetkazib berilmasliginatijasida shunday holatlar kelib chiqishi mamlakat iqtisodiyoti uchun ham, aholi turmush darajasini yaxshilash uchun ham jiddiy to‘siq emasmi?! Demak, bu — shunchaki elektrni ma’lum muddatga o‘chirib qo‘yish bilan yechiladigan muammomas...

Kiritildi: 17:17 01.07.2019. O'qildi: 1441 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!