Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Namunali uylar odatiy shamolga bardosh berolmadi. Bunga kim javobgar? (video)

Namunali uylar odatiy shamolga bardosh berolmadi. Bunga kim javobgar? (video)

O‘zAda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi yetakchi mutaxassisi Oyjamol Yo‘doshboyevaning Nukusdagi namunali uylarning tomlari qattiq shamol tufayli uchib ketishi hamda bu holatning ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgani yuzasidan mulohazalari e’lon qilindi. Quyida maqola to‘liqligicha e’tiboringizga havola etiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarning Qoraqalpog‘iston Respublikasi segmetida katta bahs munozaralarga sabab bo‘layotgan asosiy voqealardan biri – 14 iyun kuni soat 20:32 – 20:38 lar oralig‘ida yuz bergan kuchli shamol. Gap shamolning qancha tezligi yoki kuchliligi emas, balki shu vaqt oralig‘ida nimalar sodir bo‘lganida.

«Bu dahshat edi. Shunchaki to‘zonni videoga olib turgandim. Ikki daqiqa ichida aqlga sig‘maydigan voqealar sodir bo‘ldi. Nukus shahrining markazida joylashgan namunali uylarning shiferlari shamolga bardosh berolmasdan uchib, yo‘l bo‘yiga odamlar va mashinalar ustiga tushardi. Hamma baqir-chaqir qilib, har joyga qocha boshladi», – deydi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilardan biri Shuhrat Saidahmadov.

«Bu anomal jarayon emas. Chang bo‘ronlari, mintaqada yuzaga kelgan vaziyat va iqlimdan kelib chiqib xulosa qilinsa, Qoraqalpog‘iston uchun xos. Shamol tezligi soniyasiga 20 metrgacha kuchayishi prognoz qilingan edi. Odatda bunday shamol chang va tuz zarralarini havoga ko‘taradi» deya ma’lum qildi «O‘zgidromet» vakillari.

Kuchli shamol oqibatida Nukus shahri Qoraqalpog‘iston ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli 32-uy, Yerejepov ko‘chasidagi ko‘p qavatli 10-uy, «Sarbinaz» MFYda joylashgan ko‘p qavatli 4/24-uy, «Samanbay» MFY Aybek ko‘chasi 100-uy hamda Respublika shoshilnch tez tibbiy yordam markazining tom qismi uchib tushgan. Bu uylarning aksariyati hali ba’zi egalari ham ko‘chib kirishga ulgurmagan «namunali uy»lardir.

«Endi uyli bo‘ldik degandim»...

Bunday holatlar birinchi marotaba emas. Har shamol yoki to‘zon bo‘lsa, bunaqa video va rasmlar ijtimoiy tarmoqlarda aylanishi tabiiy. Ammo, bir savol doim ochiqligicha qolib ketadi, nimaga ta’mirdan chiqqan yoki yangi qurilgan uylar bir shamol essa, ta’mirtalab holga kelib qoladi?! Tegishli tashkilotlar nimaga doim «umumiy javob» bilan cheklanishadi?! Bu uyga yetguncha yurtdoshlarimiz necha yillab mehnat qilishgan, halol pullari evaziga sotib olingan. Endi uyga yolchidim, boshimda boshpanam bor desa-yu, ammo shamolga chidam bermasdan «tom»i qulab tushsa. Qoraqalpog‘istondagi kuchli shamol doim kuzatiladigan holat. Hamma masalaning ekologik jihatiga, esgan shamolning (aholi uni tuzli shamol deb atashadi) inson organizmiga salbiy ta’siriga e’tibor berishdi va aksariyat bahs mulohazalar shu mavzu atrofida bo‘ldi. Albatta, masalaning bu tarafi eng asosiy hal bo‘linishi kerak bo‘lgan muammo, ammo masalaning yana bir tomoni borki biz unga odatda ko‘z yumamiz.

N.R. (namunali uyda istiqomat qiluvchi fuqaro):

«18 yildan ortiq uy-joysiz ijarada turmush o‘rtog‘im va uch nafar farzandim bilan yashadik. Bu uyga yetguncha ko‘rmagan azobimiz qolmadi, yosh farzanlarimizni qarindoshlarimizga tashlab, ikkalamiz Qozog‘istonga ishga ketgan vaqtimiz ham bo‘lgan. Tomog‘imizdan, kiyimimizdan tejab pul yig‘dik. Endi uyli bo‘ldik deganimizda, boshimiz ta’mirdan chiqmayapti. O‘tgan yili qizimizni uzatdik, shu paytda bir ta’mir qilgandik. Bu bo‘yicha hokimyatga ko‘p murojaat qilganmiz, ammo qoniqarli javob ololmadik. Nima qilamiz endi, shunusiga ham shukr deb, peshonani chappatlab yashayapmiz-da».

Tegishli tashkilotlar nima deydi?

Bu holat birgina Qoraqalpog‘iston Respublikasida emas, balki barcha joylarda uchraydi. Bir narsa barchamizga ma’lumki, arzon yoki namunali deya e’tirof etilayotgan bu uy-joylarni fuqarolarimiz arzonga olishmagan. Yurtdoshlarimiz nechchi yillik mehnat, qog‘ozbozlik, u yoqga yugur, bu yoqga yugurlardan keyin egalik qilishmoqda. Uy olguncha shuncha sarson yetmagandek, endi yangi uyga ta’mir qilish yoki tegishli tashkilotlarda amaliy yordam kutish sarsongarchiligi bo‘layotgani bor gap. Bir narsani alohida aytib o‘tishimiz kerak, biz bozor iqtisodiyoti davrida yashayotgan ekanmiz, demak cho‘ntagimizdan chiqayotgan har bir tiyin uchun ham ish xizmatini talab qilishimizga haqqimiz bor. Shamolga ham taslim bo‘ladigan uy emas, balki nechcha yillar davomida baxtli hayot kechiraman deb, 50 yil kafolat muddati bor bo‘lgan uylar xarid qilinmoqda.

Fuqarolarimiz shuncha yillar qiynalib erishgan uy-joylar nega sifatsiz – mendan ketgunicha, egasiga yetgunicha qabilida qurilmoqda?! Xo‘sh, endi buyog‘i nima bo‘ladi? Umid qilamizki, mutasaddilar hech bo‘lmasa bu marta o‘zlarining odatiy javoblari bilan cheklanib qolishmaydilar!

Kiritildi: 15:14 18.06.2019. O'qildi: 3379 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!