Bugun 19 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Namanganlik erkak o‘z xotinining qotiliga aylandi. U o‘zini IIBga topshirdi

Namanganlik erkak o‘z xotinining qotiliga aylandi. U o‘zini IIBga topshirdi

Oila jamiyatning birlamchi bo‘g‘ini hisoblanadi. Shunga ko‘ra, hechmubolag‘asiz aytish mumkinki, oila fuqarolik jamiyatining tayanch nuqtasidir.

Bu aziz dargohda nafaqat inson dunyoga keladi, balki u ma’nan va axloqan tarbiya topadi. Oila hayotning abadiyligini, avlodlarning davomiyligini ta’minlaydigan muqaddas tarbiya o‘chog‘idir.

Binobarin, oila — er-xotin, ularning farzandlari, xonadondagi eng yaqin tug‘ishganlaridan iborat kishilar guruhidir. Ayni chog‘da, oila kishilarning tabiiy, iqtisodiy, huquqiy, ma’naviy munosabatlarga asoslangan ijtimoiy birligi hamdir.

Oila shunday makonki, unda avlodlar makon topadi va kamolga yetadi. Oila qanchalik mustahkam bo‘lsa, jamiyat ham shunchalik mustahkam bo‘ladi.

Ota-ona o‘z far­zand­la­ri­ni voyaga yetguniga qadar boqish va tarbiyalashga majbur. Ota-onaning o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar moddiy ta’minlash va tarbiyalash majburiyati — bu ularning bolalar va jamiyat oldidagi majburiyatlaridir.

Voyaga yetish yoshi mamlakatimizda 18 yosh qilib belgilangan. Ota-onalar o‘zlarining voyaga yetmagan farzandlariga nisbatan teng huquq va majburiyatlarga ega.

Amaldagi Oila qodeksining 65-moddasida bolaning oilada yashash va tarbiyalanish huquqi belgilangan. Unga ko‘ra, har bir bola oilada yashash va tarbiyalanish, o‘z ota-onasini bilish, ularning g‘amxo‘rligidan foydalanish, ular bilan birga yashash huquqiga egadir.

Bola o‘z ota-onasi tomonidan tarbiyalanishi bilan bir qatorda, o‘z manfaatlari ta’minlanishi, har taraflama kamol topishi, insoniy qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga ega.

Oilada bola dunyoga kelishi bilan ota-onaning farzand va jamiyat oldidagi burch doirasi kengayadi. Natijada oilani mustahkamlash, bolalarga to‘g‘ri tarbiya berish mas’u­liyati vujudga keladi.

Shu bilan birga, otaning farzand oldidagi qonuniy burchlari, farzandini moddiy ta’minlash, uning tarbiyasi bilan shug‘ullanish va bosh­qa majburiyatlari vujudga keladi. Konstitusiyamizda ota-onalar farzandlari voyaga yetgunga qadar ularni boqish va tarbiyalashga majbur ekani alohida qayd etilgan.

Oila kodeksida ota-ona farzandiga moddiy ta’minot bermagan taqdirda, bola to voyaga yetguniga qadar ulardan aliment undirilishi bel­gilab qo‘yilgan.

Farzandining moddiy ta’minotidan bosh tortgan ota yoki onaga sud tomonidan sud buyrug‘i chiqarilib, moddiy ta’minot undirib berilmoqda. Bu holatda ham ular o‘z majburiyatini bajarmagan taqdirda, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilmoqda.

Bu o‘rinda misol keltiriladigan hayo­tiy voqeada farzandiga ta’minot to‘lamagani uchun emas, balki aliment to‘lashdan butunlay qutulish uchun turmush o‘rtog‘ining umriga zomin bo‘lgan shaxs to‘g‘risida gap boradi.

Chortoq tumanida tug‘ilgan O. Alisherov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) to‘g‘ri yo‘ldan adashib, 17 yoshida o‘zidan sakkiz yosh katta M. Matkarimova bilan yaqin munosabatda bo‘­ladi. Bundan foydalangan ayol uni qamatib yuborish bilan qo‘rqitib turmush qurishga majburlaydi.

Natijada O. Alisherov bilan M. Matkarimova turmush qurishadi.

Aslida axloqsizlikdan boshlangan turmush ayanchli tugaydi.

Ular turmushlari davrida bir nafar farzandli bo‘lishadi.

Farzand tug‘ilgach, ajralib ketishadi.

Shundan so‘ng M. Matkarimova farzandi ta’minoti uchun sudga ariza bi­lan murojaat qiladi va aliment undiradi. Oradan ancha vaqt o‘tib, aliment­dan yuzaga kelgan qarz 23 million so‘mdan oshib ketadi.

Bu orada M. Matkarimova pulni undirish to‘g‘­risida Majburiy ijro byurosiga va O. Alisherovga bir necha marta murojaat qiladi. O. Alisherov esa, qarzi ko‘payib ketgani sababli uni «to‘lash»ning qing‘ir yo‘lini tanlaydi.

2020 yil 4 mart kuni M. Matkarimo­va O. Alisherovning ish joyiga kelib, uni haqorat qilgani yetmagandek, hamkasblariga yomonlab ham ketadi. Shu tariqa O. Alisherovning ko‘nglida turmush o‘rtog‘ini gumdon qilishdek yovuz niyat paydo bo‘ladi.

O‘sha kuni sobiq turmush o‘r­to­g‘i ishxonasidan ketgach, O. Alisherov unga telefon qiladi. Kechroq borishini, ikkisi o‘zaro gaplashib olishini aytadi.

Kechga yaqin O. Alisherov tanish taksichi A. Qodirovni chaqiradi-da, Uychi tumani «Soku» mahalla fuqarolar yig‘iniga borib, tanishi S. Murodova bilan ko‘rishadi. Unga sobiq turmush o‘r­tog‘i bilan gaplashib olish uchun borayotganini aytadi.

Shunda S. Murodova birga borishini aytib, avtomashinaga chiqadi.

Ular Chortoq tumani Koroskon shaharchasiga borishadi. O. Alisherov  bir o‘zi avtomashinadan tushib, M. Matkarimovaga qo‘ng‘iroq qiladi va yetib kel­ganini aytib, soy bo‘yiga chiqishini so‘raydi.

M. Matkarimova soy bo‘yiga chiqqach, O. Alisherov  unga bir paytlar yosh­lik qilib yanglish qadam qo‘yganini, u bilan birga yashashni istamasligini aytadi. Shunda M. Matkarimova «yashash-yashamasliging mening qo‘­limda, shunday qilamanki, halol otang qamatma deb yalinadi», — deya janjal ko‘­taradi.

Uning gaplaridan g‘a­zab­langan O. Alisherov M. Matkarimovadan telefonini olib tekshirish bahonasida uning bo‘ynidan ushlab bo‘g‘a boshlaydi. Oradan bir necha da­qiqa o‘tib, M. Matkarimova «go‘p» etib, yerga yiqiladi.

Shundan so‘ng O. Alisherov shosha-pisha katta yo‘l­ga chiqib, taksichiga qo‘n­g‘iroq qiladi-da, Chortoq tumani Koroskon shaharchasidagi chorrahaga yetib kelishini aytadi.

Yo‘lda taksichi A. Qodirov «Gaplashib oldingmi?», — deb so‘raganida, u «Gaplasha olmadim, o‘ldirdim», — deydi. Uning gapini eshitib, A. Qodirov qo‘rqib ketadi, so‘ng esa, IIBga borib, aybini tan olishini maslahat beradi.

Shundan so‘ng O. Alisherov Uychi tuman IIBga borib, turmush o‘rtog‘ini o‘ldirganini aytadi. Ular Chortoq tuman IIBga bu haqda xabar bergach, tezkor xodimlar kelib, uni olib ketishadi.

Surishtiruv va tergov ishlari natijasida O. Ali­she­rovga Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «i» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudi tomonidan ushbu jinoyat ishi atroflicha ko‘rib chiqilib, O. Alisherovga 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Qissadan hissa shuki, bola ota-onaning quvonchi, faxri, baxtidir.

Er-xotinni bir-biriga payvand qiladigan ham farzanddir. Ammo bu oilada bola payvand vositasi bo‘lmadi.

Albatta, bolada ayb yo‘q. Faqat nosog‘lom muhit turmushni izdan chiqarib yuborgani, bir-biriga yoshi ham, dunyoqarashi ham to‘g‘ri kelmagan er-xotin atrofidagi yoshi ulug‘, tajribali insonlarning bunga loqayd qaragani ular o‘rtasidagi loyqa ariqni jarga aylantirdi. Natijada darz ketgan oilaviy munosabatlar fojia bilan yakun topdi. Bundan kimga ne naf? Yosh umrini uzoq muddat qamoqda o‘tkazish O. Alisherovga zaril kelganmidi? O‘rtadagi ham ona, ham ota mehridan judo bo‘lgan go‘dakning qismati ne kechadi endi? Ko‘rayapsizmi, o‘ylanmay tashlangan birgina qaltis qadam odam bolasiga qanchalik qimmatga tushadi. Demak, hamma gap yetti o‘lchab, bir kesishda.

Kiritildi: 10:17 27.11.2020. O'qildi: 6291 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!