Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Namanganda salkam 200 kiloli qo‘chqorlar boqilmoqda (foto)

Namanganda salkam 200 kiloli qo‘chqorlar boqilmoqda (foto)

Internet nashrlarda Qozog‘istonda o‘tkazilgan zotdor qo‘ylar xalqaro ko‘rgazmasida og‘irligi 188 kilo, bo‘ynigacha balandligi 1 metr bo‘lgan Gulliver laqabli qo‘y g‘olib deb topilib, Markaziy Osiyodagi eng yirik qo‘chqor sifatida tan olingani haqida xabarlar tarqalgandi.

Namangan shahrining Go‘zal dahasi, «Mehnatobod» mahallasida istiqomat qiluvchi Latifjon Mirzaboyev «Daryo» muxbiri Azizbek Abduvaliyev bilan bog‘lanib, uyida boqayotgan qo‘ylari qirg‘izistonlik rekordchidan kam emasligini bildirdi.

Latifjon akani yo‘qlab, uylariga o‘tdik. Qo‘ralarida 20 ga yaqin zotdor qo‘y boqilayotgan ekan. Ulardan chamalab eng yirik to‘rttasini tanlab oldik. Tarozi va metr o‘lchagich keltirildi. Qo‘ylardan biri 178, keyingisi 169, uchinchisi 156 kilo chiqdi.

Taroziga Baron laqabli qo‘chqorni chiqarganimizda 192 kilogramm tosh bosdi. Uzunligi 1 metr 40 santimetr, bo‘ynigacha balandligi esa 1,12 metrni tashkil etdi. Latifjon aka qirg‘iz Hisor zotli bu jonivor kuzda 3 yoshga to‘lishi, hali yana vazn olishini aytdi.

— Bu qo‘ylarim orasida rekordchisi emas. 2016 yilda sotilgan shunday Hisor zotli qo‘yim 242 kilo chiqqan, bo‘yi 1,30 metr edi. 2018 yilda sotilgan golland zotli buqamiz esa O‘zbekistonda rekord qo‘ydi-yov. Og‘irligi 1 tonna 860 kilo bo‘lgan, bo‘yi 1,90 edi, — deydi Latifjon aka.

Latifjon akadan bunday zotdor chorvani parvarishlash sirlarini so‘radik.

— Avvalo chorvaga mehr kerak. Rahmatli otamiz «Uyingda moling bo‘lmasa ham, qoziqda arqoning bo‘lsin» derdilar. Qolaversa, yemishiga e’tibor beramiz. Aslo po‘choq berilmaydi, faqat toza beda, makka yeydi. Muntazam vetshifokor ko‘rigidan o‘tkaziladi, har hafta cho‘miltiriladi, har oyda juni olinadi. Qo‘rani ko‘ring, hatto ventilyatorgacha bor, — deydi Latifjon Mirzaboyev.

 

Latifjon aka bilan xayrlashib, bunday qo‘chqorlarni xalqaro tanlov va ko‘rgazmalarda yuborib, O‘zbekistonda, xususan, Namanganda shunday zotli jonivorlar parvarishlanayotganini bildirib turish foydadan xoli emasligi haqida fikrlashdik.

Xullas, Markaziy Osiyoda eng yirik qo‘chqor nomiga Qozog‘istondan g‘olib bo‘lib qaytgan Gulliver emas, Namanganda parvarishlanayotgan Baron da’vogar ko‘rinadi.

Kiritildi: 14:40 06.07.2019. O'qildi: 9985 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!