Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

«Mendan hech narsa kutmang, meni saylamagansiz». Deputat Alisher Qodirov Oltinsoydagi «bebosh fuqarolarni keskin jazolash»ni talab qildi

«Mendan hech narsa kutmang, meni saylamagansiz». Deputat Alisher Qodirov Oltinsoydagi «bebosh fuqarolarni keskin jazolash»ni talab qildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari — parlamentdagi «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani «Xalqobod» mahallasida 14 fevral, juma kuni, aholi va hokimiyat vakillari o‘rtasida yuz bergan ziddiyatli holatga munosabat bildirdi. Deputatning fikri, keyinchalik uning Facebook’da foydalanuvchilar bilan munozaraga kirishishi muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Deputat Oltinsoyda yuz bergan voqeaga munosabat bildirarkan, hodisani «bir guruh fuqarolar tomonidan amalga oshirilgan qo‘pol qonun buzilishi, jamoat tartibiga putur yetkazish harakatlari» deb ta’riflagan, jinoyat deb atagan. Shuningdek, u «aybdorlarga keskin jazo belgilanishi kerak»ligini ta’kidlagan.

Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida bir guruh fuqarolar tomonidan amalga oshirilgan qo‘pol qonun buzilishi, jamoat tartibiga putur yetkazish harakatlari qonunlarimizga ham, qadriyatlarimizga ham zid bo‘lgan jinoyat sifatida baholanishi kerak.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson manfaatlari ustuvorligi, huquq va erkinliklarini ta’minlash, turmush sharoitlarini o‘zgartirish maqsadida olib borilayotgan keng qamrovli ishlar aslo mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashga to‘sqinlik qilmaydi. Zero, qonun ustuvor bo‘lgan davlatlardagina xalqqa samarali xizmat qilish mumkin.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan ushbu jinoyat ochiq tergov qilinishi va aybdorlarga keskin jazo belgilanishi kerak.

Alisher Qodirov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Oltinsoydagi voqea yuzasidan shu vaqtgacha asosan rasmiy doira (Ichki ishlar vazirligiBosh prokuratura) vakillarining munosabatlari e’lon qilingani, jamoatchilik vakillari rasmiylarning ushbu bayonotlarini shubha ostiga olayotgan bir vaqtda xalq vakilining «aybdorlarni keskin jazolash» talabi bilan e’lon qilgan posti bir qator foydalanuvchilarning e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Deputat ushbu e’tirozlarga birma-bir javob berishga uringan.

«Eng oson yo‘l — bu xalqni aybdor qilish», deb izoh qoldirgan foydalanuvchiga javoban deputat shunday degan: «Oddiy xalq milisiyani urmaydi. Urgan daqiqadan boshlab, u oddiy xalq bo‘lmaydi! Ayblash prokurorning vakolatidagi masala. Men jamoa tartibini buzganlarga keskinroq chora belgilash tarafdoriman!».

Deputatdan yoshlarning umidini so‘ndirmaslikni so‘ragan foydalanuvchiga javob berarkan, Alisher Qodirov, jumladan, shunday fikr bildirgan: «Xalq nomidan to‘rtta beboshning davlatga tosh otishiga ‘to‘xta’ demasak, ertaga nima bo‘ladi. Huquqiy madaniyatni o‘zgartiramiz: noqonuniy qurilish — amnistiya, zo‘ravonlik — ko‘z yum, tovlamachiga o‘z qo‘li bilan pul bergan — davlat hisobidan qaytarib ber, noqonuniy yer o‘zlashtirib ol — hokim aybdor... Biz qachon xalq bo‘lamiz o‘zi?! Qachon davlat bo‘lamiz bu ketishda?!».

Yana bir foydalanuvchi: «Sizdan nima kutish mumkin? Xalqni ayblash oson. Haqiqiy deputatlar saylanmaguncha, shu ahvol», deb fikr qoldirgan. Deputat Qodirovning bunga javobi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan: «Xalqni ayblash hech kimning qo‘lidan kelmaydi. Xalq ayblaydi. Qozi ham, amaldor ham xalq nomidan ish qiladi. Davlat xizmatchisiga kuch ishlatish mumkinmas. Xalq shunday qonunni ma’qullagan. Men sizni umidvor qilmaganman, mendan hech narsa kutmang. Siz meni saylamagansiz, bundan keyin ham saylamaysiz... saylamasangiz ham mayli. Fikringizdan juda ham ta’sirlanganim yo‘q».

Boshqa bir foydalanuvchining: «E, sendek deputat bo‘lgandan ko‘ra daladagi cho‘pon bo‘lgan yaxshi!», deb yozgan kommentiga Alisher Qodirov shunday javob qaytargan: «Cho‘pon bo‘lishning yaxshiroq ekanligi Payg‘ambarimiz (s.a.v.) tomonidan aytib o‘tilgan. Siz deputat bo‘ling, men cho‘ponlikka ketaman».

Ma’lumot uchun, Alisher Qodirov 2019 yilgi parlament saylovida Jizzax viloyatidagi 36-Paxtakor saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylangan. U bir urinishda parlament deputatiga aylana olmagan yagona partiya yetakchisiga aylangan edi.

Manba: daryo. uz

Kiritildi: 04:00 17.02.2020. O'qildi: 4747 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!