Bugun 19 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Maymunchechakni yuqtirgan bemorlarning o‘n foizi hayotdan ko‘z yummoqda

Maymunchechakni yuqtirgan bemorlarning o‘n foizi hayotdan ko‘z yummoqda

Dunyoda maymunchechagini yuqtirgan bemorlar soni kundan kun ortmoqda.

JSSTning Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi navbatdagi sessiyasiga taqdim etgan kechagi ma’lumotlariga ko‘ra, tasdiqlangan jami kasallik holatlari 131 taga yetdi. Shuningdek, yana 106 kishi virusga chalinganlikda gumonlanib, karantinga olingan. Hozircha mazkur infeksiya ro‘yxatga olingan davlatlar soni 17 tani tashkil etyapti. Eng ko‘p holatlar Ispaniyada — 40, Portugaliyada — 37 va Buyuk Britaniyada — 20 nafar bemorda qayd etilgan. Endi ular qatoriga yana ikkita mamlakat qo‘shilishi mumkin. Ayni paytda Sudan va Argentinada shubha ostiga olingan bemorlarda tekshiruvlar o‘tkazilyapti.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘ta xavotirli infeksiyalarga global tayyorgarlik departamenti direktori Silvi Briandning ta’kidlashicha, aniqlangan holatlar “aysbergning uchi”mi yoki kasallikning tarqalish cho‘qqisi allaqachon o‘tib ketganmi, buni vaqt ko‘rsatadi".

Shu bilan birga, tashkilot ekspertlari maymunchechagi epidemiyasi aholini shoshilinch ommaviy emlashni talab qilmaydi, degan xulosada.

JSSTning yana bir rasmiy vakili Richard Pibodi Afrika mamlakatlari, xususan, Kongo Demokratik Respublikasi, Kongo Respublikasi, Kamerun, Markaziy Afrika Respublikasi, Nigeriya, Liberiya, Kot-d’Ivuar, Syerra-Leone, Gabon va Janubiy Sudan infeksiya o‘chog‘i bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Shu bois, mazkur davlatlarga borgan sayyohlar kasallik tashuvchi hayvonlardan uzoq bo‘lishi, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilishi lozim.

Mutaxassislarning aytishicha, xastalik isitma, umumiy intoksikasiya va tanada toshmalar paydo bo‘lishi bilan namoyon bo‘lyapti. Bemorlarning 10 foizi infeksiya asoratlari tufayli hayotdan ko‘z yumyapti. Ularning aksariyati chechakka qarshi emlanmagan kishilardir.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda maymun chechagini davolash uchun maxsus muolaja usullari hamda uning oldini olishga qaratilgan alohida vaksinalar mavjud emas, deb xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Kiritildi: 15:14 25.05.2022. O'qildi: 3383 marta. Fikrlar soni: 7 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!