2022 yildagi yirik ma’lumotlar oqishi $537 millionlik maxfiy operasiyaga olib keldi.
Britaniya hukumati ilk bor Mudofaa vazirligi tomonidan Britaniya qo‘shinlari bilan hamkorlik qilgan 18 000 dan ortiq afg‘on haqidagi ma’lumotlar tasodifan oshkor qilinganini tan oldi. Bu holat tufayli hukumat minglab insonlarni taliblar tomonidan intiqomga uchrash xavfidan qutqarish maqsadida maxfiy ko‘chirish dasturini amalga oshirdi.
Mudofaa vaziri Jon Xili seshanba kuni parlamentda Afghan Response Route nomli ko‘chirish dasturi yopilganini e’lon qildi. Bu dastur orqali Buyuk Britaniyaga 4500 afg‘onlik olib kelingan. Dastur umumiy hisobda 537 million dollarga tushgan. Yana 600 kishi oilalari bilan birga kelishi rejalashtirilgan edi.
«Men bu ko‘chirish yo‘nalishini yopyapman, ma’lumotlar oqishini oshkor qilyapman va sudning nashrlar bo‘yicha qo‘ygan ta’qiqi bugun tushdan keyin bekor qilinganini tasdiqlayman», — dedi Xili. U sud ta’qiqini “benazir” deb atadi.
Ma’lumotlar oqishi 2022 yilda ro‘y bergan, vaqtincha noma’lum qolgan mansabdor shaxs afg‘onliklar haqidagi shaxsiy ma’lumotlarni rasmiy tizimlardan tashqariga yuboradi. «U mansabdor faqat 150 nafar arizachiga oid ma’lumotni yuboryapman deb o‘ylagan. Aslida esa faylda 18 714 afg‘onning shaxsiy ma’lumotlari bo‘lgan», — dedi Xili va buni «jiddiy boshqaruv xatosi» deb baholadi.
Ma’lumotlar oqishining haqiqiy ko‘lami faqat 2023 yil avgust oyida, to‘qqiz nafar kishining ma’lumotlari ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lganida ayon bo‘ldi. Oldingi hukumat bu haqdagi har qanday nashrlarni bloklash uchun benazir sud qaroriga erishgan edi. Biroq, 15 iyul kuni Oliy sud jurnalistlar uchun o‘rnatilgan ta’qiqlarni bekor qildi.
Xili jamoatchilik va parlament oldidagi ochiqlikning yo‘qligidan «jiddiy xavotir» bildirdi va ma’lumotlari oshkor qilinganlardan «chin yurakdan uzr» so‘radi.
Hisobotga ko‘ra, hozircha taliblar britaniyaliklar bilan hamkorlik qilgan afg‘onlarga qarshi intiqom uyushtirishni rejalashtirayotgani haqida aniq dalil yo‘q. Ma’lumotlar oshkor bo‘lishi ularning harakat qilish ehtimolini oshirishiga dalil topilmagan.
Bu ma’lumot oshkor qilinishi Britaniyada migrasiya masalasi siyosiy muhokamalar markazida turgan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda. Oldingi hukumat davrida qonuniy migrasiya keskin oshgan va Fransiyadan kichik qayiqlarda minglab boshpana so‘rovchilar kelgan edi.