Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Mamlakat yoshlarining har bir vakili e’tibor markazidadir (foto)

Mamlakat yoshlarining har bir vakili e’tibor markazidadir (foto)

Mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, ma’naviy-axloqiy, jismonan yetuk, vatanparvar, milliy an’ana va qadriyatlarimizga sadoqatli yoshlarni voyaga yetkazish, ularni amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning faol va jonkuyar ishtirokchisiga aylantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning oldini olish, alohida sharoitlarda tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bo‘lgan yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzurida Sirdaryo viloyati,  Baxt shahrida Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi tashkil etilganligi  va u Milliy gvardiyaga biriktirilganligi hammamizga ma’lum.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonligi tashabbusi ostida ushbu o‘quv-tarbiya muassasasida Qaror loyihasi bo‘yicha vazifalar qisqa muddat ichida belgilanib, yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus yo‘nalishlari bo‘yicha bir qator tashkilotlar hamkorligidagi ishlar amalda yo‘lga qo‘yildi.

Xususan, birinchi yo‘nalish bo‘yicha yoshlarda san’atga bo‘lgan qiziqishni orttirish maqsadida O‘zbekistonda xizmat olib borayotgan taniqli aktyor
va aktrisalar bilan turli xil  ijodiy uchrashuvlar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilib, “Quvnoqlar va zukkolar” jamoalarining chiqishlari hamda konsert dasturlari, Harbiy-texnik instituti orkestri jamoasi va “Alvon beretlar” badiiy havaskorlik ansambli o‘z faoliyatini ushbu maktabga bog‘lagan holda tarbiyalanuvchilar uchun maxsus musiqiy dasturlar ustida ish olib bormoqdalar.

Ikkinchi yo‘nalish ijrosi bo‘yicha esa ushbu muassasada tarbiyalanuvchilarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilish maqsadida sportning futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha musobaqalar tashkillashtirilib, sport tadbirlarida faol qatnashgan
va g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlar munosib taqdirlanib borilishi yo‘lga qo‘yildi.

Shu jumladan, mazkur o‘quv-tarbiya muassasasida mashhur sportchilar bilan ham uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Misol uchun, Olimpiada-2016 chempioni, bir qator O‘zbekiston va xalqaro musobaqalar g‘olibi Xasanboy Do‘smatov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Do‘stona suhbat so‘ngida chempion o‘quvchi yoshlar uchun sportning boks turi bo‘yicha qisqa va eng kerakli mashg‘ulotlardan master-klass ko‘rsatib mashg‘ulot mobaynida bir qator iqtidorli sportchilar mavjudligi aniqlandi.

To‘rtinchi yo‘nalishda belgilangandek yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirish hamda ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida Harbiy-texnik instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan davra suhbatlari va kitob mutoalasi bo‘yicha madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda.

Mazkur o‘quv-tarbiya muassasasida “Jinoyatchilikka qarshi birga kurashamiz” shiori ostida o‘tkazilgan tanlovning “Jinoyat va jazo” mavzusida tayyorlangan o‘quvchilar ishtirokidagi sahna ko‘rinishlari har bir tomoshabin o‘quvchiga
o‘z ta’sirini ko‘rsata oldi.

Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasida 5 ta muhim tashabbusning har bir yo‘nalishi bo‘yicha maxsus to‘garaklar tashkil etilgan bo‘lib, tarbiyalanuvchilar iqtidori va qobiliyatlariga ko‘ra guruhlarga biriktirilgan.

Kuni-kecha Milliy gvardiya qo‘mondoni general-polkovnik B.Tashmatov va Sirdaryo viloyati hokimi G‘.Mirzayevlar o‘quv muassasasining faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida tarbiyalanuvchilar bilan uchrashuv o‘tkazdilar.

Suhbat davomida Milliy gvardiya qo‘mondonligi iqtidorli yigitlarga kelgusida o‘zlari qiziqqan kasbiy yo‘nalishda o‘qish va ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishga ko‘maklashishini, hech bir tarbiyalanuvchi e’tibordan chekkada qolmasligini bildirib, ushbu maktab ularning hayot yo‘li ekanligiga, avvalo, o‘zlari ishonishlari lozimligini, qolaversa, kelajagi uchun harakat qilayotgan har bir o‘smir yigit, albatta, jamiyatda o‘z o‘rnini topa olishini ta’kidladilar.

Yuqorida aytilgan fikrlar isboti sifatida bir qator yigitlarning qobiliyatlari munosib baholanib, ularning kelgusi faoliyatlari yuzasidan mutasaddi rahbarlarga  topshiriqlar berilganini keltirishimiz mumkin.

Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus o‘quv-tarbiya muassasasi o‘quvchilarining hayotida muhim ahamiyat kasb etayotgani  bo‘lib o‘tayotgan ochiq suhbatlarda tarbiyalanuvchilarning o‘zlariga va kelajakka bo‘lgan ishonchlari ortishida aks etmoqda.

Kiritildi: 13:19 18.07.2019. O'qildi: 1449 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!