Bugun 23 noyabr, 2024 yil, shanba

КИР

Maktablarda o‘quvchilarning bilim olishiga salbiy ta’sir qiluvchi omillar: bulling yoki bezorilik

Maktablarda o‘quvchilarning bilim olishiga salbiy ta’sir qiluvchi omillar: bulling yoki bezorilik

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan O‘zbekistondagi maktablarda bulling yoki bezorilik o‘quvchilarning akademik yutuqlariga qanday ta’sir qilishi o‘rganildi.

Joriy yilning 14-noyabrida O‘zbekiston Respublikasining «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonuni imzolandi. Xo‘sh, ushbu qonun nega muhim edi?

Maktabdagi bulling o‘quvchilarning ruhiy salomatligi va ta’lim natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatib, uzoq muddatda inson kapitalining rivojlanishi, demografik dividend, iqtisodiy o‘sish va barqaror rivojlanishga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Bulling holatlari yuz berganda, u nafaqat jabrlanuvchilarning ruhiy yoki jismoniy holatiga zarar yetkazadi, balki ularning o‘quv ko‘rsatkichlarini pasaytirib, ta’lim olish darajasining tushishiga sabab bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida, malakasi past ishchi kuchining shakllanishiga olib keladi va natijada iqtisodiy rivojlanishga to‘sqinlik qiladi,

Tadqiqotda O‘zbekistonda olingan PISA 2022 so‘rovi natijalaridan foydalanildi. So‘rov mamlakatimizning turli hududlari bo‘yicha 15 yoshli o‘quvchilarning javoblarini mujassam etgan bo‘lib, uning asosida yaratilgan ma’lumotlar bazasi 202 ta maktab va 7293 nafar o‘quvchini qamrab oladi.

Mazkur so‘rov natijalariga ko‘ra, kamida har yetti o‘quvchidan bittasi maktabda o‘zini xavfsiz his qilmaydi va zo‘ravonlik yoki bezorilikka guvoh bo‘lgan. Ular yiliga kamida bir marotaba duch keladigan muammolar bular: o‘quvchilarning yomon gaplarni tarqatishi (21%), maktab hududida boshqa o‘quvchilar bilan urishishi (17%), boshqa bolalar tomonidan kamsitilishi (16%).

MHTI mutaxassislarining tadqiqoti natijalariga ko‘ra:
1. Repest modeli yordamida qilingan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, maktabda xavfsizlik indeksining bir birlikka yomonlashishi o‘quvchilarning bahosini matematikadan o‘rtacha 5,2 ballga, o‘qishdan 6,2 ballga, tabiiy fanlardan 4,7 ballga kamaytiradi.

2. Bullingga uchrash indeksining bir birlikka oshishi o‘quvchilarning ballarini matematikadan o‘rtacha 5,0 ballga, o‘qishdan 5,4 ballga, tabiiy fanlardan 4,8 ballga kamaytiradi.

3. Bulling turlari orasida tovlamachilik (ya’ni, qo‘rqitish orqali pulni tortib olish) o‘quvchilarning akademik natijalariga eng kuchli ta’sir qilishi aniqlandi. Undan aziyat chekkan o‘quvchilarning ballari matematikadan o‘rtacha 57,6 ballga, o‘qishdan 67,4 ballga, tabiiy fanlardan 67,0 ballga kamayishi aniqlandi. Shuningdek, jismoniy va og‘zaki bulling kabilar ham o‘quvchilarning ta’lim olishiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillardir.

Takliflar:
Finlyandiya tajribasidan kelib chiqib, O‘zbekiston maktablarida ham bullingga qarshi KiVa dasturini amalga oshirish. KiVa dasturi o‘z ichida bullingni oldini olish uchun darslar va onlayn o‘yinlar, jabrlanuvchiga ma’naviy ko‘mak, bulling bilan shug‘ullangan bolaning ota-onasi bilan suhbat, maktab muhitini baholash uchun o‘quvchilar va xodimlar uchun onlayn so‘rovlar o‘tkazish kabilarni jamlagan.

Italiyaning “No Trap!” nomli bulling va kiberbullingga qarshi dasturini O‘zbekiston uchun joriy etish. Bu dastur quyidagi asosiy xususiyatlardan iborat:
- o‘quvchilar, o‘qituvchilar va psixologlar uchun resurslar va tayyorgarlikni taqdim etish;
- onlayn hamjamiyat orqali o‘quvchilar o‘rtasida muhokamalar tashkil etish;
- o‘quvchilar tengdoshlaridan bullingga qarshi kurashish bo‘yicha ta’lim olib bullingga qarshi kurashishini ta’minlash.

Kiritildi: Bugun 11:45. O'qildi: 242 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!