«Made in Central Asia» brendi ostida qo‘shma ishlab chiqarish maydonlari shakllantirilishi mumkin.
2025 yil 13 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi tashabbusi bilan Toshkentda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon mamlakatlarining savdo va investisiyalar vazirlari kengashining birinchi yig‘ilishi tashkil etildi.
Yig‘ilishning asosiy maqsadi mintaqa davlatlari o‘rtasida savdo, investisiya va sanoat kooperasiyasi sohalaridagi amaliy hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish hamda qo‘shma ishlab chiqarish tashabbuslarini ilgari surishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi investisiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Qozog‘iston Respublikasi savdo va integrasiya vaziri Arman Shakkaliyov, Tojikiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va savdo vaziri Zavki Zavkizoda, Turkmaniston savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Nazar Agahanov, Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri birinchi o‘rinbosari Elnur Aliyov hamda Qirg‘iz Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Duyshonkul Chotonov ishtirok etdi.
Yig‘ilishda
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdosi oxirgi yillarda barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etmoqda. Agar 2017 yilda tovar ayirboshlash hajmi 3,2 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 6,9 milliard dollarga yetdi.
Xususan, Qozog‘iston bilan savdo hajmi 4 milliard dollarga yaqinlashgan, Qirg‘iziston bilan – 700 million dollar, Tojikiston bilan – 570 million dollardan oshgan, Turkmaniston bilan esa 1,15 milliard dollarga yetgan. Ozarbayjon bilan savdo aylanmasi esa yil boshidan buyon 13 foizga o‘sgani qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, kooperasiya va qo‘shma ishlab chiqarishlarni rivojlantirish, shuningdek, investisiyaviy hamkorlikning yangi mexanizmlarini yaratishga oid qo‘shma kommyunike imzolandi.
Tadbir konstruktiv va ishchan muhitda o‘tdi hamda Markaziy Osiyo davlatlarining sanoat va investisiya sohalarida mintaqaviy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi.