Bugun 19 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Liboslarning eng yaxshisi

Liboslarning eng yaxshisi

Kamtar, hokisor kishi Allohning dargohida ham maqtovga loyiqdir. Bunday insonlar o‘z hurmatini saqlay bilish bilan birga o‘zlarining qadr-u qiymatini  o‘rniga qo‘yadi. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida: "Kim Alloh uchun kamtarlik qilsa, Alloh uning martabasini baland qilib qo‘yadi", - deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Kamtarlikning ziddi manmanlikdir. Bu sifat yolg‘iz Parvardigorgagina xosdir. “Osmonlar va Yerdagi barcha buyuklik yolg‘iz Unikidir! U Qudratli va Hikmatli (Zot) dir.” (Josiya 37).

Kishi maqtansa, g‘ururlansa, o‘z haddini unutib, o‘ziga loyiq bo‘lmagan, balki Alloh taologa xos sifatni o‘zlashtirmoqchi bo‘ladi. Hadisi qudsiyda aytiladi:"Qudrat mening izorim, kibriyo esa kiyimimdir. Bas, kimda-kim mana shu ikki narsaning birortasiga ega bo‘lishga da’vogarlik qilsa, albatta, uni azoblagayman".

Boshqa bir hadisda esa: "Kimning qalbida zarra misqolicha kibri bo‘lsa, jannatga kirmaydi."-deyilgan (Imom Muslim rivoyati).

Gunohlarning asosi kibr va manmanlikdir. Ana shu sifatlar bilan shayton, Alloh taoloning rahmatidan mahrum bo‘ldi.

"Eslang, (ey Muhammad!) Biz farishtalarga:"Odamga sajda qilingiz! deb buyurishimiz bilan ular sajda qildilar. Faqat iblis bosh tortib takabburlik qildi va kofirlardan bo‘ldi." (Baqara 34). Takabburlik bir necha xil ko‘rinishlarda bo‘lib, eng yuqori darajasi Allohni tan olmaslik  inson o‘zining ojiz ekanligini unutishidir. Barchaga ma’lum Fir’avn ham xudolik da’vo qilishiga,  undagi kibr sabab bo‘lgan edi. Bu haqda Alloh Taolo: “U (Fir’avn) va uning lashkarlari yer yuzida kibrlandilar va o‘zlarini  Bizga qaytarilmaydilar, deb gumon qildilar.” (Qasas 39) deb marxamat qilgan.

Odam (alayhissalom) jannatda sodir etgan gunohi uchun tavba qildi. Allohning rahmatidan umidini uzmadi. Kamtarlik bilan yana Haq rahmatiga erishdi.

Kamtarlik borasida oyog‘imiz ostidagi yerdan ibrat olaylik.  U bizga rizq kelishiga sababchi. Bag‘rida har turli noz-ne’matlar pishadi. Barcha mahluqotlarning qarorgohi. Xizmati xolis,  beminnat. Unda g‘urur va manmanlik yo‘q. Balki mana shu sifatlar sabab, "Er"  so‘ziga har doim "Ona" so‘zi qo‘shib ishlatadilar.

Dono halqimiz: "Kamtarga kamol,  manmanga zavol",- deb bejiz aytmagan. Kamtar,  hokisor odam hatto unga yomonlik istaganlarga ham yaxshilik qilish payida bo‘ladi. Kibrni kamtarlik tig‘i bilan sindirish,  jahlni halimlik bilan yengish oson ish emas. Buning  uchun sobit imon-e’tiqod, mustahkam iroda va mardlik  kerak. 

Alloh taolo barchamizni manmanlik illatidan asrab, kamtarinlik libosini kiydirsin.

Kogon tuman “Shoxi-Najaf” 

jome masjidi imom xatibi 

Asadov Husen

Manba: 

Kiritildi: 22:35 24.02.2020. O'qildi: 2466 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!