Bugun 23 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

Ko‘z tegishi bor narsami?

Ko‘z tegishi bor narsami?

Gohida odamlar orasida “falonchini ko‘zi tegdi. U kelib-ketganidan keyin ahvolim og‘irlashib qoldi” degan gap-so‘zlar quloqqa chalinib qoladi. Ayni voqe’likda ham bu kabi hodisalarga ko‘p bora to‘qnash kelamiz. Xalqimiz orasida ko‘z tegishi va uning ayanchli oqibatlari xaqidagi hodisalar zarbulmasal bo‘lib ketgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, odamlar ko‘z tegishidan saqlanish maqsadida turli chora-tadbirlarni qo‘llaydilar. Kimlardir xonadonining kirish yo‘laklariga taqa qoqib qo‘yadi, kimlardir boshqa allanimalarnidir osib qo‘yadi.  Ayrimlar isiriq ilib qo‘yadi va hokazo.  Ayrim onalar shirintoy bolachalarning beshigiga oyati karimalar yozilgan qog‘ozlarni tumor qilib osib qo‘yadilar. Yoki ularning yuz va peshonalariga qandaydir chiziqlar chizib qo‘yadilar. Bulardan maqsad ushbu shirintoylarni ko‘rgan odamning ilk nigohi mana shu chiziqlarga tushishi uchundir. Undan tashqari xalqimiz orasida “ko‘zi bor odam bir yengini orqaga qayirib yursin” degan so‘z ham ma’lum va mashhur.

Bu masala qadim-qadimdan davom etib kelayotgan jarayon bo‘lgani uchun ham hech kimga sir emas. 

Bu kabi ishlar orasida bola beshigiga tumor yoki ko‘zmunchoq  taqish masalasi ancha ixtiloflidir. Umuman olganda tumor,  isiriq, ko‘zmunchoq kabi narsalarni osib qo‘yib aynan shulardan najot kutish, mana shu narsalar bizni balo-qazolardan saqlaydi, deb e’tiqod qilish shirk amali hisoblanadi.

Masalan dori ichgan odam ham dorini “Alloh taoloning izni bilangina shifo bo‘ladi” degan e’tiqod bilan iste’mol qilishi kerak. Aks holda bu ish ham isiriq masalasiga uxshab shirk tomoniga aylanib ketishi mumkin. Ayrim odamlar mozorlarga borib u yerni tuprog‘idan olib kelib nimalardir qilishlari, turli yolg‘onchi azayimxonlarning eshigiga zir yugurishlari, qora tovuq, qizil xo‘roz suyish kerak deyishlari, “haftaning falon kuni u ishni qil, falon kuni bu ishni qil” qabilidagi yondashuvlarning barchasi bid’at xurofotlardir. 21-asrning madaniyatli kishisi uchun uyatli tushuncha emasmi!?  

Bu aytganlarimiz ayrim odamlarni ko‘z borasidagi bugungi  yondashuvlari bo‘lib u kabi ishlarni hammasini ham shar’an to‘g‘ri deb bo‘lmaydi, albatta. Aslida boshqa masalalarda bo‘lgani kabi ko‘z tegishi borasida ham  Kitob va Sunnatda shariatimizning aniq ko‘rsatmalari vorid bo‘lgan. Ko‘z tegishiga oid  hodisalar sahobalarning  hayotida ham tez-tez sodir bo‘lib turar edi. Ammo sahobalar ularni muolajasi uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga murojat qilar va bu boradagi ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilar edilar. Ulamolarimiz mavzuga oid barcha dalillarni o‘rganib chiqib, ko‘z tegishi haqiqat ekanini takidlaydilar. Uning muolajasi borasida ham Kitob va Sunnatda bir qator ko‘rsatmalar vorid bo‘lgan bo‘lib ulamolarimiz ularni batafsil bayon qilganlar. Demak ko‘z tegishi shariatda tan olingan holat bo‘lib ayni paytda undan saqlanish choralari, bordi-yu tegib qolsa uni bartaraf qilish yo‘llari ham aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Biz quyida,  mazkur ko‘z tegishi borasida vorid bo‘lgan shariy dalillarni o‘rganib chiqamiz.

Ko‘z tegishi haqiqat ekaniga Kitob va Sunnatdan dalillar 

Qur’oni karimning xabar berishicha, Yoqub alayhissalom o‘g‘illarini Misrga jo‘nata turib ularga shunday nasihat qiladilar:

“U: «Ey o‘g‘illarim, bitta eshikdan kirmanglar, turli eshiklardan kiringlar. Men sizlardan Allohning hech narsasini qaytara olmayman. Hukm qilish faqat Allohning O‘ziga xosdir. Ungagina tavakkal qildim. Tavakkal qilguvchilar faqat Ungagina tavakkal qilsinlar», dedi.

Otalari amr etgan tomondan kirdilar. Zotan, bu ulardan Allohning hech bir narsasini qaytara olmas edi. Magar Ya’qubning ko‘nglidagi ehtiyoj bo‘lib, uni qondirdi, xolos. Albatta, u Biz ta’lim berganimiz tufayli bilim sohibi edi. Lekin ko‘pchilik odamlar bilmaslar. (Yusuf, 67-68)

Mufassirlarimiz jumladan Hafiz ibni Kasir rohimahulloh ushbu ikki oyati karima haqida  “Yoqub alayhissalomning bu yerdagi nasihatlari ularga ko‘z tegishidan qo‘rqqanlari uchun. Chunki Yoqib alayhissalomning o‘g‘illari ko‘rkam va ko‘zga tashlanib turar edi. Zero ko‘z otliqni otdan yiqitishi haqdir” deydilar.     

Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

“Ko‘z tegishi haqdur” 

Imom Buxoriy va Muslim rivoyati.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

“Ko‘z odamni qabrga, tuyani esa qozonga tushiradi”

Buxoriy va boshqa muhaddislsrimizning keltirishlaricha, Rasululloh  sollallohu alayhi vasallam nevaralari Hasan va Husayn roziyallohu anhumolarning haqiga quyidagi lafzlar bilan duo qilar edilar:

“Har ikkalangiz uchun ham Alloh taoloning mukammal so‘zlari bilan shayton va uning barcha yomonliklaridan va barcha hasadgo‘y ko‘zdan panoh so‘rayman”. Rasululloh  sollallohu alayhi vasallam ushbu duoni qilib bo‘lib shunday dedilar: “Ibrohim ( alayhissalom) ikki o‘g‘li Ismoil va Ishoq(alayhimahassalom)lar haqiga ushbu so‘zlar bilan duo qilar edi”.

Anas ibni Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladi:

“Rasululloh  sollallohu alayhi vasallam ko‘z tegishi, zaharli hashoratlarning chaqishi va yara-chaqalar paydo bo‘lishida ruqyaga ruxsat (maxsus oyatlarni terib o‘qib dam urish) berdilar ”  

Ko‘z haqida bulardan tashqari ham bir qancha mutavotir darajadagi xadisi shariflar vorid bo‘lgan bo‘lsada biz aytib o‘tilganlari bilan kifoyalanamiz. Kelgusida Rasululloh  sollallohu alayhi vasallamning undan saqlanish va xalos bo‘lish borasidagi ko‘rsatmalarini ham o‘rganib chiqamiz.  

(davomi bor)

Tohir Vohid

Kiritildi: 05:00 30.11.2020. O'qildi: 7270 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!