Kreml AQShning yanfi saylangan prezidenti Donald Trampning Ukrainani Rossiya hududiga chuqurroq zarba bergani uchun tanqid qilganini olqishladi.
Tramp payshanba kuni chop etilgan Time jurnaliga bergan intervyusida Ukrainaning Rossiya tuprog‘iga zarbalar berish uchun AQSh tomonidan yetkazib berilgan raketalardan foydalanganini tanqid qildi.
«Bayonot bizning pozisiyamizga, keskinlashuv sabablariga bo‘lgan qarashimizga to‘liq mos keladi. Bu bizni hayratda qoldiradi. Tramp vaziyatni nima keskinlashtirayotganini aniq tushunayotgani tayin», - dedi juma kuni jurnalistlarga Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Peskov, shuningdek, kelgusida o‘t ochishni to‘xtatishni kafolatlash uchun Yevropa qo‘shinlarini Ukrainada tinchlikparvar sifatida joylashtirish mumkinligi haqidagi Yevropa muzokaralari hali erta ekanligini aytib, Rossiyaning Ukraina bilan tinchlik muzokaralarini o‘tkazish uchun «shart-sharoitlari» hali bajarilmaganini tushuntirdi.
«Biz o‘t ochishni to‘xtatmoqchi emasmiz, biz shartlar bajarilib, barcha maqsadlarimizga erishgandan so‘ng tinchlik bo‘lishini istaymiz», — dedi Peskov.