Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Koronavirusga chalingan andijonlik Farg‘onada kursdoshlar uchrashuvida qatnashgani ma’lum bo‘ldi

Koronavirusga chalingan andijonlik Farg‘onada kursdoshlar uchrashuvida qatnashgani ma’lum bo‘ldi

Ayni paytda Andijon viloyatida 3 nafar, Namanganda esa 6 nafar kishiga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan. Namangan viloyatidagi bemorlardan biri, 72 yoshli ayol vafot etgan.

Namangan shahrida yashovchi 1969 yilda tug‘ilgan ayol Turkiya orqali umra ziyoratiga borib kelgach, o‘zidan tashqari yana 4 nafar oila a’zosiga – onasiga, qiziga, nabirasiga hamda singlisiga koronavirus infeksiyasi yuqtirgan. Uning surunkali kasalligi bor bo‘lgan onasi miokard infarktidan vafot etdi.

Yana bir fuqaro Istanbul-Toshkent reysi bilan uchib kelib, uy karantinida saqlangan, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga karantin kuzatuvida bo‘lib, viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi virusologiya laboratoriyasi tahlil natijalariga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi borligi aniqlangan.

Namangan viloyat hokimligi matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, koronavirus infeksiyasi aniqlangan 5 kishi ayni vaqtda viloyat yuqumli kasalliklar kasalxonasida davolanmoqda.

Andijonda 3 kishida koronavirus aniqlangan, er-xotin (ularning ikkisi ham shifokor) va uning talaba qizida infeksiya tasdiqlangan.

Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, kasallik tashxisi qo‘yilgan ayol 10 mart kuni Qirg‘izistonning O‘sh shahriga borib, 11 mart kuni qaytgan. Oilaning O‘sh shahrida tibbiyot institutida o‘qiydigan qizi ham shu shaharda 10-18 mart kunlari bo‘lib, Andijonga qaytgan.

Ayolning turmush o‘rtog‘ida kasallik alomatlari paydo bo‘lganidan so‘ng o‘tkazilgan tibbiy tekshiruv natijasida oilaning 3 a’zosida ham koronavirus tasdiqlangan.

Namangan viloyati hokimi Xayrulla Bozorovning ma’lum qilishicha, koronavirusga chalingan andijonlik Farg‘onada kursdoshlar uchrashuvida ishtirok etgan. Bu uchrashuvda namanganlik shifokorlar ham bo‘lgan.

«Afsuski, ko‘p fuqarolarimiz bu kasallikning yuqumli ekanligini, maxsus komissiya qo‘ygan karantin talablari, sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan berilgan tavsiyalarni tushunib yetmayapti.

Shuncha targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilayotganiga, turli yig‘ilish va marosimlar o‘tkazish taqiqlanganiga qaramasdan, oliy ma’lumotli ikki nafar fuqarolarimiz Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumaniga kursdoshlar uchrashuviga borgan. Bu yerda Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatidan kelgan sobiq kursdoshlar kun davomida birga bo‘lishgan. Ular orasida Andijondan kelgan koronavirus yuqtirgan uch nafar fuqaro ham bo‘lgan. Oqibatda ana shu uchrashuvda bo‘lgan barcha qatnashuvchilar endilikda karantinga olindi. Hozirda ular tekshirilmoqda. Namanganlik ikki fuqaro ham karantinda, tahlil natijalari chiqishini kutyapmiz.

Eng achinarlisi, ular uchrashuvdan kelib, yana 47 kishi bilan muloqotda bo‘lgan. Tasavvur qiling, ikki kishi kasallik yuqtirib kelib 47 kishiga yuqtirsa, 47 kishi oila a’zolariga yuqtirsa nima bo‘ladi?», — dedi Namangan viloyati hokimi Xayrulla Bozorov 27 mart kuni viloyat aholisiga qilgan telemurojaatida.

Andijon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Avazbek Abdurahmonov bergan ma’lumotga ko‘ra, ayni paytda koronavirus infeksiyasi aniqlangan uch bemor viloyatning Xo‘jaobod tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda.

Kiritildi: 10:29 29.03.2020. O'qildi: 4102 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!