Bugun 18 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Koronavirusdan qutulgan yurtdoshimiz: "Mening taqdirim boshqalarga ibrat bo‘lsin"

Koronavirusdan qutulgan yurtdoshimiz: "Mening taqdirim boshqalarga ibrat bo‘lsin"

Koronavirusga chalingan bemorlardan navbatdagi to‘rt nafari sog‘ayib, reabilitasiyaga kuzatildi. Kun.uz muxbiri ulardan biri bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi.

33 yoshli suhbatdoshimiz, toshkentlik ayol A.N. 1 aprel kuni shifoxonadan sog‘ayib chiqib reabilitasiya markaziga yo‘l oldi.

– Ortda qolgani rost bo‘lsin. Shifo topganingiz bilan tabriklaymiz.

– Rahmat, ishqilib hamma bemorlar ham sog‘ayib ketishsin.

– Kasallikka qanday chalinib qolgandingiz?

– Turkiya safariga borgandik. Uyoqda haroratim ko‘tarilib, behol yurdim. Qaytib kelganimizdan keyin aeroportda tekshirishdi. Ammo haroratim baland bo‘lmagani uchun uyga javob berishdi. Uyda bir kun bo‘lganimdan keyin mazam bo‘lmadi, shifokorlarga murojaat qildim. Test natijalarida koronavirus chiqdi va virusologiya shifoxonasiga olib kelishdi.

– Hadik, qo‘rquv bo‘lmadimi?

– Qanday bo‘lmasin?.. Axir biz birinchilardan bo‘lib bu dardga ro‘baro‘ keldik-da. Kasallik qanday kechishini aniq bilib bo‘lmasdi. Ammo shifokorlarimizga ming rahmat, o‘zlarini umuman yo‘qotmay, qat’iyat bilan juda yaxshi davolashdi, kayfiyatimizni ko‘tarishdi, tushkunlikka tushganimizda soatlab yonimizda o‘tirishdi.

Mana shu 14 kun ichida ular bilan ona-boladay, opa-singilday bo‘lib ketdik.

– Sharoit, dori-darmondan kamchilik sezmadingizmi?

– Aksincha, davolanish jarayonida O‘zbekistonimiz tibbiyotining qanchalik kuchli imkoniyatlarga egaligini bildim, biror narsadan kamchilik sezilmadi. Nafaqat shifokorlar, balki oddiy insonlar, vazirlik va idoralarning vakillari, umuman hamma-hammaning qo‘llab-quvvatlashini his qildim.

Yurtdoshlarimiz shifoxonaga kelib, darvoza yonidan shifokorlar va bizga turli-tuman sovg‘alar berib ketganlarida ko‘zlarimizga yosh keldi. Xalqimiz o‘z farzandini tashlab qo‘ymaydi deganlari chin ekan. Mana, Xudoga shukr, sog‘ayib ham ketdik.

– Millionlab hamyurtlarimiz duo qilishdi va sog‘ayib chiqqanlaringizni kuzatib turishdi. Yana yuzlab bemorlar sog‘ayish arafasida sizlarga havas qilishyapti. Ularga aytadigan so‘zlaringiz bormi?

– Albatta. Juda ko‘p tilak va niyatlarim bor. Tilagim, bizdan keyin qolganlar, umuman hamma bemorlar sog‘ayib, oilalari bag‘riga qaytishsin. Ular uchun duodaman.

Shu sinovni boshimdan o‘tkazgan ekanman, mening taqdirim boshqalarga ibrat bo‘lsin. Hamma o‘zini ehtiyot qilsin, shifokorlarning tavsiyalaridan umuman chiqishmasin. Biz Allohga iltijo qilib, shu shifokorlar sababchi bo‘lib sog‘ayib ketdik.

Umid qilaman, ishonaman, bu kasallik tez orada yengiladi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Kiritildi: 22:24 01.04.2020. O'qildi: 3003 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!