Bugun 19 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Koronavirus o‘zbekni dabdababozlikdan qutqara oladimi?!

Koronavirus o‘zbekni dabdababozlikdan qutqara oladimi?!

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarni “yondirayotgan” xabarlardan biri  shubhasiz “yashil” hududlarda o‘tayotgan 30 kishilik to‘ylar bo‘lmoqda. Qoldirilayotgan “post”lardan bilish mumkinki, ko‘pchilik to‘ylardagi bunday “chegara” karantindan keyin ham saqlanib qolishini xohlamoqda.

“Uch yil ilgari katta o‘g‘limni uylantiraman deb bo‘g‘zimgacha qarzga botgandik, — deya fikr qoldirgan bir ayol. — Yaqinda “baribir hech kim rahmat aytmaydi” deya ikkinchi o‘g‘limni karantin talablariga rioya qilgan holda uylantirdik. 30 kishilik to‘yga “aytmading” deb hech kim xafa ham bo‘lmadi. Aksincha, ko‘pchilik “kimga kerak dabdaba, qaytanga yaxshi qilibsilar” deyishdi”.

“Yaqin qarindoshim hovlisida ixchamgina to‘y o‘tkazdi, — deydi yana bir ayol. — Hamma xursand bo‘ldi. To‘ydan iqtisod qilingan pulga esa yangi oilaning barcha kam-ko‘stini to‘ldirdik. “Kim o‘zarga” to‘y qilamiz deb, o‘zimizni o‘zimiz qiynab yurgan ekanmiz-da”.

“Kuzga to‘y qilishni mo‘ljallab, yig‘inib qo‘ygandik, — deya “post” qoldirgan yana bir ayol. — Endi o‘g‘lim“oyijon to‘yni tezlashtiring,  pandemiyada kamxarj qilib o‘tkazib yuboraylik. To‘ydan ortgan pulga dadam bilan sizni hajga jo‘nataman” deb holi-jonimizga qo‘ymayapti. Bu gapni eshitib rosti yig‘lab yubordim. Qarang, yoshlar ham to‘yni kamxarj qilib o‘tkazishimizni xohlarkan, lekin biz kattalar, ayniqsa, ayollar hoyu-havas deb bor budimizni sarflab, keyin qattiq non kavshab o‘tirakanmiz".

Xullas, qoldirilgan “post”larning barchasi ijobiy. Odamlar hatto Oliy Majlis Senatining “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida” o‘tgan yili e’lon qilgan, ya’ni to‘ylarga 200 kishidan ortiq mehmon chaqirmaslik haqidagi qarorini ham bunchalik xursandchilik bilan qarshi olmagan edi.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlar orqali aholining 30 kishilik to‘yga munosabati o‘rganildi va ishtirokchilarning 90 foizi shunday ixcham to‘ylarni qo‘llab-quvvatlagan. To‘y taraddudida yurganlarning ko‘pchiligi shu kunlarda tezroq to‘yini o‘tkazishga shoshilayotganini ham ko‘cha-kuyda eshityabmiz. Yoshlar ham bunga qarshilik qilayotgani yo‘q.
Qarang, to‘ylarni shunchalik ixcham, dabdababozlik va isrofgarchiliklarsiz o‘tkazishni hamma xohlarkan-u, ammo qo‘ni-qo‘shni, “dushmanlar”ning ko‘zi, gapi, “xo‘jako‘rsin” uchun 500-600 kishidan ortiq qorni to‘qlarga dasturxon yozaverar ekanmiz.

To‘y qilaman deb qarzga botib, ertasi kuni ota yoki kuyov bolaning xorijga otlanganini ko‘p eshitganmiz. Hatto buning ortidan jiddiy kasallik orttirib, hoyu-havasimiz qurboni bo‘layotganlar ham borligi haqiqat. Shunday noxush xabarlarni eshitganimda har gal ma’rifatparvar olim Abdulla Avloniyning yuz yillar oldin aytgan gapini eslayveraman: “O‘zbek xalqini to‘y balosidan qutqaring”.

Jahongir ZIYAYEV, O‘zMTDP deputati

Kiritildi: 19:19 06.06.2020. O'qildi: 2918 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!