Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Koronavirus: Isroil 1 noyabrdan o‘zi ishlab chiqqan vaksinaning odamlardagi sinoviga start beradi

Koronavirus: Isroil 1 noyabrdan o‘zi ishlab chiqqan vaksinaning odamlardagi sinoviga start beradi

Isroil Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, mamlakatdagi tadqiqot institutlarining birida yaratilgan koronavirusga qarshi vaksina 1 noyabrdan boshlab odamlarda sinovdan o‘tkaziladi.

Isroildagi Biologik tadqiqotlar instituti tomonidan ishlab chiqilgan va “BriLife” deb nomlangan vaksina mart oyidan boshlab hayvonlarda sinala boshlangandi. Bugungi kunga kelib Isroil Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu vaksinani odamlarda tekshirib ko‘rishga ruxsat berdi.

Odamlardagi sinovlarning birinchi bosqichida 18 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan 80 kishi qatnashadi va vaksinaning koronavirusga qarshi antitanachalar hosil qilishi tekshiriladi.

Dekabrda boshlanishi kutilayotgan ikkinchi bosqichda esa 18 yoshdan yuqori bo‘lgan 960 kishi ishtirok etadi. Agar ushbu ikki bosqich muvaffaqiyatli yakunlansa, keyingi yilning aprel yoki may oyida sinovlarning uchinchi bosqichiga start beriladi. Oxirgi bosqich keng miqyosli bo‘lib, unda 30 ming kishi qatnashishi rejalashtirilgan. Sinovlarning barchasi ijobiy natija bergandan keyin mazkur vaksina ommaga taqdim etiladi.

Isroil Biologik tadqiqotlar institutining ma’lum qilishicha, ”BriLife” vaksinasi bir necha turdagi hayvonlarda bo‘lib o‘tgan sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lib, hozirgacha insonlardagi tekshiruvlarning dastlabki ikki bosqichi uchun 25 ming dozada vaksina tayyor qilib bo‘lingan.

“Bizning yakuniy maqsadimiz, Isroil va uning yaqin qo‘shnilari uchun 15 million dozada vaksina ishlab chiqarish” deydi Biologik tadqiqotlar instituti direktori Shmuyel Shapira.

Hozircha dunyoda koronavirusga qarshi xalqaro tan olingan birorta vaksina mavjud emas. Lekin, bir qancha kompaniyalar, xususan, AstraZneca, Moderna va Johnson & Johnsonlarning vaksinalari sinovlarning oxiriga yetib kelgan.

Kiritildi: 19:45 26.10.2020. O'qildi: 1477 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!