Bugun 24 aprel, 2024 yil, chorshanba

КИР

Konstitusion o‘zgarishlarning muhim omili – parlamentning qonunchilik tashabbusi, nazorat faoliyati sifati va samaradorligini oshirishdan iborat

A A A
Konstitusion o‘zgarishlarning muhim omili – parlamentning qonunchilik tashabbusi, nazorat faoliyati sifati va samaradorligini oshirishdan iborat

Umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusion qonuni loyihasi davlat hokimiyati institutlari faoliyatini tashkil etish modeli hamda ularning kelishilgan tarzda yagona tizim doirasidagi faoliyatining eng samarali yo‘llarini qidirishni ham nazarda tutadi.

Konstitusiyaning takomillashuvi fuqarolik jamiyati institutlarini mustahkamlash, davlat hokimiyati organlari ustidan jamiyat nazoratini o‘rnatish shakllarini rivojlantirishga qaratilgan huquqiy normalarni qabul qilish, shuningdek, turli darajadagi mas’ul shaxslarning ijtimoiy institutlar oldidagi mas’uliyatini mustahkamlashga bog‘liq.

Zamonaviy parlament amaliyoti qonun chiqaruvchi organ faoliyatini tashkil etishning huquqiy asoslarini takomillashtirib borish shakllari va metodlarini izlash, ularni ham parlament an’analari, ham jamiyatimiz va davlatimizning hozirgi rivojlanish bosqichini aks ettiruvchi yangi mazmun bilan boyitishga xizmat qiladi.

Taklif etilayotgan o‘zgarishlar, birinchi navbatda xalq hokimiyatini mustahkamlash, hokimiyatlarning bo‘linish tizimida ushlab turish va muvozanat mexanizmlarini takomillashtirishga yo‘naltirilgan. Shu munosabat bilan, Konstitusiyaga Oliy Majlisning hukumatni shakllantirish va uning faoliyatini nazorat qilish borasidagi vakolatlarini kengaytirishga doir normalarni kiritish taklif etildi.

Masalan, Oliy Majlis tomonidan parlament nazoratini amalga oshirishning konstitusion asoslari kuchaytirilishi Hisob palatasi raisinini tayinlash va lavozimidan ozod etishga oid prezidentlik vakolati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktorini tayinlash va lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi farmonini tasdiqlash vakolatining Senatga o‘tishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, Konstitusiyaga hukumatni shakllantirish va uning faoliyatini nazorat qilish sohasida Oliy Majlis vakolatlarini kengaytirishga doir norma kiritilishi ko‘zda tutilmoqda.

Shu tariqa, javobgarlikning konstitusion asoslarini mustkahkamlash orqali Bosh vazir va hukumat Konstitusiyada nazarda tutilgan quyidagi talablarga qat’iy amal qilishi belgilanadi: a) uning nazorat va hisobdorlik ostida bo‘lishi; b) qat’iy belgilangan davlat-hukumat vakolatlarini amalga oshirish; v) demokratik huquqiy tartib, qonuniylik tartibini qo‘llab-quvvatlash va davlat-hukumat vakolatlarini suiiste’mol qilishga qarshi konstitusion preventiv choralarni ta’minlash.

Qonun chiqaruvchi hokimiyatning ijro etuvchi hokimiyat, birinchi navbatda, hukumat organlari shakllanishi va faoliyat olib borishini nazorat qilish vakolatlari, choralari va usullarini o‘z ichiga olgan aniq qoida va amaliyotlarni ishlab chiqish zaruratini ta’kidlash zarur.

Nazorat mexanizmi jamoatchilik, fuqarolik tashabbuslarining bevosita ishtirokini nazarda tutadi. Bu siyosiy qarorlar qabul qilish sohasining jamiyat uchun nisbatan shaffofroq bo‘lishiga xizmat qiladi, bu esa o‘z navbatida mamlakatni demokratik tamoyillarga asoslangan holda samarali boshqarishni ta’minlaydi.

Konstitusion o‘zgarishlar negizida parlamentarizmning istiqbolli modellarini belgilar ekanmiz, barcha asosiy davlat institutlari kelishuviga asoslangan hukumat mexanizmidagi bosqichma-bochqich islohotlarni prognozlash mumkin. Aynan shu yo‘l orqali O‘zbekiston chin ma’nodagi xalq hukumatini amalga oshirishga erishadi.

Shu nuqtai nazardan, konstitusion o‘zgarishlar va amaldagi konstitusion qonunchilkka tuzatishlar kiritish zarurati parlamentarizmni mamlakatimiz aholisining asosiy qismi va umuman davlat manfaatlariga mos tarzda rivojlantirish uchun qulay sharoitni yuzaga keltirdi.

Konstitusion islohotni amalga oshirishdan ko‘zlangan masqad davlat hokimiyatining yuqori organlari: prezident, parlament va hukumat vaqolatlarini muvozanatga keltirish va o‘zaro muvofiqlashtirishdan iborat.

Konstitusiyaga kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlar tahliliga asoslanib, mamlakatdagi konstitusion islohotlar istiqbolda quyidagi natijalarni berishini taxmin qilish mumkin.

Birinchidan, O‘zbekistonning jamiyat siyosiy tizimini demokratlashtirish va modernizasiya qilish yo‘lidagi harakati yangi kuchli turtkiga ega bo‘ladi.

Ikkinchidan, parlament Hukumatni shakllantirish va nazorat qilishga oid yangi vakolatlarga ega bo‘lib, mamlakatning barqaror va demokratik rivojlanishini ta’minlovchi shiddatli harakatga keltiruvchi kuchga aylanadi.

Uchinchidan, o‘zgarishlar parlamentning qonun chiqaruvchi, nazorat faoliyatining umumiy sifati va samaradorligiga xizmat qiladi.

Muhammadjanov Omonulla Zokirovich,
yuridik fanlar doktori, Toshkent davlat yuridik universiteti professori

Kiritildi: 11:21 28.06.2022. O'qildi: 1999 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!