Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Kogonda maktab o‘quvchilarining paxta dalasidagi suratlarini yeridan ajralgan sobiq fermer tarqatgan! Hozir u – mahalla raisi

Kogonda maktab o‘quvchilarining paxta dalasidagi suratlarini yeridan ajralgan sobiq fermer tarqatgan! Hozir u – mahalla raisi

Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi «Tuni Iroq» mahallasida joylashgan 15-o‘rta maktabning 5-sinf va undan yuqori sinf o‘quvchilari 29 sentyabr, yakshanba dam olish kuni paxta tergani chiqqan, bu haqda Kun.uz o‘z surishtiruvi natijalarini e’lon qilgan edi.

Dastlab, Repost.uz nashri anonim manbaga tayanib 15-maktabning kamida 13 nafar o‘quvchisi Taytal qishlog‘i yaqinidagi «Alinoz Shergiron» va «Barno Bahrom» fermer xo‘jaligi dalalarida paxtaga olib chiqilgani, bu ishlarning boshida tuman hokimi Yo‘ldosh Jumayev turgani ta’kidlangan xabar va paxta paykalidagi bolalarning suratini chop etgandi.

Kun.uz muxbirlari 15-maktabda bo‘lishganida, direktor J.Saidov va tuman XTB mudiri B.Qurbonov o‘qituvchilar yoki maktab o‘quvchilariga paxta yig‘im-terimiga majburiy chiqarish haqida buyruq berilmaganini ta’kidlashdi. Biz suhbatlashgan maktab yuqori sinf o‘quvchilarining aksariyati buni tasdiqlab berishdi.

Biroq ayrim o‘quvchilar paxtaga chiqqani bilinib turardi. Ularning barmoqlarini chanoq shilgani ko‘rinib turardi.

«Tuni Iroq» mahallasida istiqomat qiluvchilarning aytishicha, qishloqda ko‘pchilik maktab o‘quvchilarining otalari Rossiyada mehnat migrasiyasida. Paxta mavsumida ularning onalari paxta terimga chiqishadi. Bolalar daladagi yaqinlariga choy yoki ovqat tashishadi. O‘zlari ham onalariga, opalariga paxta terishda ko‘maklashishadi. Qaytishda fartukda mol-qo‘ylariga o‘t yulib qaytishadi. Bu — yillar davomida shakllangan an’ana.

Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati mazkur xabar va fotosuratni Repost.uz saytiga yuborgan insonni topgan va masalaga oydinlik kiritgan.

«29 sentyabr va 1 oktyabr kunlari chindan ham ayrim o‘quvchilar ota-onalariga qo‘l-qanot bo‘lish (o‘t-xashak jamg‘arish), ularga yordam berish (zarurat yuzasidan xabar yetkazish) maqsadida paxta dalasida bo‘lishgan», — deyiladi hokimlik xabarida.

«Alinoz Shergiron» fermer xo‘jaligi Hoji Fayziyev o‘quvchilar paxta terimiga jalb etilmagani, hosil esa qishloqlar aholisi, yoshlardan iborat otryad tomonidan yig‘ishtirib olinayotganini ma’lum qilgan. O‘quvchilarni paxta terimiga jalb etishga oid tuman hokimi buyrug‘i va xalq ta’limi bo‘limi mudirining ko‘rsatmasi bo‘lgani haqida gaplar asossiz ekanligini aytgan.

Fermer xo‘jaligidagi yig‘im-terim otryadi rahbari Mirxon Temirov fikrlari masalaga oydinlik kiritgan.

«Tushlikka yaqin soat 12larda terimchilar tergan paxtani navbatma-navbat taroziga tortarkanman, ortimda ikki kishining ovozini eshitib, burilib qarasam, ulardan biri — o‘tgan yili bizga qo‘shni «Samad o‘g‘li Maqsud» fermer xo‘jaligi rahbari sifatida faoliyat yuritgan Abdusamat aka ekan. Ikkinchi kishini esa tanimadim. Shu payt Abdusamat aka daladagi kishilarni suratga ola boshladi.

«Aka, nima qilyapsiz o‘zi, nimaga rasmga olyapsiz, maqsadingiz nima?» - degandim, u kishi miyig‘ida kulib: «Keyin bilasiz, gap bor, gap», deya javob berdi va yonidagi kishi bilan jo‘nab qoldi. Bor gap shu.

U kishi bu yerdan 22 kilometr narida, Kogon shahrida yashaydi. Bizga tutash yonma-yon hududda joylashgan fermer xo‘jaligiga ko‘p yillar rahbarlik qilgan. Eshitishimcha, surunkali uch yil paxta sotish bo‘yicha davlat shartnomasini bajarmagani sabab, yil boshidagi maqbullashtirishda uning yerlari boshqa fermer ixtiyoriga o‘tkazilgan. Mabodo, shu masalada biror muddaosi bo‘lmasa, boshqasini bilmadim», – deydi Mirxon Temirov.

Ma’lum bo‘lishicha, sobiq «Samad o‘g‘li Maqsud» fermer xo‘jaligi rahbari Abdusamat Qurbonov shu yil may oyida Kogon shahridagi «Bobur» mahalla fuqarolar yig‘iniga rais etib saylangan.

Suhbat avvalida negadir fikrini ochiqroq bayon etolmagan Abdusamat aka ko‘p o‘tmay gapning dangalini aytgan.

«Ha, bu ishni men qildim, — degan u.  — Shunga majbur bo‘ldim. Mening tugatilgan fermer xo‘jaligim yerlari qo‘shib berilgan «Turon Kogon» fermer xo‘jaligi o‘rtasida mulkiy munosabatlarda muammolar paydo bo‘ldi. Qator idoralar, jumladan, tuman hokimiga qilgan murojaatlarim yechim topmadi. Shundan so‘ng, mutasaddilar e’tiborini tortish maqsadida o‘quvchilarning yig‘im-terimiga jalb etilishi haqida asoslash uchun daladagilarni suratga oldim. Internetga chiqartirdim...»

Jurnalistlar, shuningdek, internetda suratlari tarqatilgan bolalarning ota-onalari va ularning dalada suratga olingan farzandlari bilan A.Qurbonov ishtirokida muloqotda bo‘lishgan. Ota-onalar noxolis xatti-harakati uchun A.Qurbonovga jiddiy e’tiroz bildirishgan.

A.Qurbonov qilmishidan pushaymonligini tan olib, ulardan takror va takror kechirim so‘ragan.

Abdusamat Qurbonov sobiq fermer xo‘jaligiga qilingan sarf-xarajatlarini qaytarilishiga erishish maqsadida asossiz xabarlarni ijtimoiy xabarlarni tarqatganligini va bu xabarlar haqiqiy holatga mos emasligini bayon qilgan. Fuqaro bu to‘g‘rida ijtimoiy tarmoqlarga videomurojaat ham qilganligini bildirgan.

«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan xabar yuzasidan o‘rganishlar davom ettirilmoqda. Ularning natijasi bo‘yicha shaxslarning harakatlariga tegishli huquqiy baho beriladi», — deyiladi Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati xabarida.

 

Kiritildi: 19:35 06.10.2019. O'qildi: 2453 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!