Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Kartoshka va prezident. Skripka siri. Kapalak effekti

Kartoshka va prezident. Skripka siri. Kapalak effekti

Ilm-fanda “Kapalak effekti” nomli teoriya bor. Misol uchun bugun siz qilgan yoki qilmagan birorta harakat, oradan 100 yil o‘tgach qandaydir katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Bu effektni tushuntiruvchi juda ko‘p asarlar va filmlar bor. Albatta eng mashhurlari bu mashhur fantast yozuvchi Rey Bredberining “Momaqaldiroq sadosi” hikoyasi, Stiven Kingning “11/22/63” romani va Eshton Kutcher ijrosidagi, rejissyor Erik Bressning “Kapalak effekti” filmidir.

Keling, real hayotda bo‘lgan shunday xodisalarni ko‘rib chiqamiz

Masalan mashhur italiyalik musiqa asboblari yasovchi usta Antonio Stradivari tomonidan yaratilgan musiqa asboblari hayratlanarli darajada uyg‘un tovushga ega. Bu skripkalar xozirda dunyo auksionlarida millionlab dollarga sotiladi.

Olimlar uzoq yillar davomida ustaning sirini ochishga harakat qilishdi. Va oxirida, ular shunday xulosaga kelishdiki: Stradivari tomonidan yasalgan skripka va violonchellarning yog‘ochlari odatdagidan farq qiladi.

Stradivari o‘z davrida ushbu musiqa asboblarini ishlab chiqarish uchun, aynan sovuqda o‘sgan daraxtlardan foydalangan. Buning sababi esa o‘sha davrda yuz bergan kichik muzlik davri deb xisoblanadi - butun sayyorada harorat pasaygan vaqt.

Stradivari yashagan Italiyada qor yog‘adi va Adriatika dengizi qirg‘oqlari muz bilan qoplanadi. Aynan shu davrda o‘sgan daraxtlardan yasalgan skripkalar o‘zining mo‘’jizaviy tovushiga ega. Shuning uchun ham bunday skripkalar yasash hozir mumkin emas. Demak, agar o‘sha paytlarda shunday iqlim bo‘lmaganida biz buyuk Stradivarining mo‘’jizaviy tovushga ega asboblarining musiqasidan bahramand bo‘larmidik?

Yana bir misol, 19-asrning o‘rtalarida Irlandiyada ocharchilik boshlandi. Asosan kartoshka bilan oziqlanadigan dehqonlar ekkan kartoshkalar dalalarning o‘zida fitoftoroz tufayli nobud bo‘la boshlaydi. Nam ob-havo esa ushbu o‘simlik kasalligining keng tarqalishiga yordam beradi.

Dehqonlar 4 yil yaxshi hosil ololmaydi va irlandlar ommaviy ravishda bu yerlardan ko‘chib keta boshlaydilar. Minglab kemalar yaxshiroq hayot izlab orolning qirg‘oqlarini tark etadi. Ko‘pchilik Amerika Qo‘shma Shtatlariga yo‘l oladi. Natijada, hozirda AQShda irlandiyalik qochqinlarning 40 milliongacha avlodlari yashamoqda.

Buyuk ocharchilikdan qochganlar orasida Patrik Kennedi va Bridjit Merfilar bor edi. Ular AQShning bo‘lajak prezidenti Jon Kennedining katta bobosi va buvisi edi. Jon Kennedi va umuman Kennedilar sulolasi AQSh tarixida juda katta iz qoldirishgan va xozirgacha juda kuchli klanlardan biri hisoblanadi.

Endi savol, agar o‘sha davrlarda irland dehqonlari kasallik tufayli nobud bo‘layotgan kartoshkalar tufayli ocharchilikka yuz tutishmaganida, AQSh tarixi qanday kechgan bo‘lar edi?

Urushning bachkana sababi

Keling o‘zimiz klassik misol tuzib ko‘ramiz. Faraz qiling, Ispaniya uzumzorlarida ishlab yurgan takasaltang Ignasio, uzumlarning bir dona butasiga yetarli ishlov bermadi, (balki Luizaga oshiqligi uchun chalg‘igan) u ishlov bermagan uzumga virus tushdi ammo uni tekshiruvchi Serhio Ignasioga bo‘lgan ishonchi sabab buni payqamay qoldi. Bu uzum vino tayyorlash sexiga ketdi va aynan shu buta uzumlarining konsentrasiyasi bir shisha vinoda tasodifan to‘plandi. Ushbu vinoni eksport qilishdi va uni Afrikadagi birorta davlat prezidenti administrasiyasidagilar sotib olishdi. Prezident esa bu vinoni qo‘shni davlat prezidentiga sovg‘a qildi. Vinoni ichgan qo‘shni davlatning prezidenti shartli Mobutu Ngbendi esa vinodan zaharlanib yotib qoldi. Bunda esa sovg‘a qilgan tarafni ataylab zaharlashda ayblashdi va ikki davlat o‘rtasida urush boshlandi. Hammasiga boshlang‘ich sabab nima edi? Ha, Ignasioning takasaltangligi.

Ko‘rib turganingizday, hayotdagi hamma narsada qandaydir balans bor. Ushbu teoriya orqali biz o‘z taqdirimizni o‘zimiz qurishimiz mumkinligini ham isbotlash mumkin. Biz qilgan yoki qilmagan har qanday harakatning ertaga qandaydir natijasi bo‘ladi. Tishlaringni yuvmaysanmi? Marhamat kariyes, kelaver eshik ochiq! Farzandinga yetarli e’tibor bermaysanmi? Ertaga buning oqibatlariga tayyor tur.

Endi savol, balki ushbu maqolani do‘stlaringiz bilan ulashmasangiz ham buning oqibatlari bordur... A Labbay?

Manba: sof.uz

Kiritildi: 06:34 05.12.2019. O'qildi: 2718 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!