«Karantinga oid choralar amal qilishi davrida maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim muassasalarining faoliyati to‘xtatilganda, maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va umumta’lim muassasalari boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ota-onalariga yillik mehnat ta’tili berishning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi hujjat loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

Unda koronavirus sabab barcha ta’lim muassasalari karantinga yopilgani tufayli bog‘cha bolalari va boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ota-onalariga ta’til berilishi shartlari va tartiblari bayon etilgan. Nizom tashkilotning tashkiliy-huquqiy shakli va idoraviy mansubligidan qat’i nazar barcha tashkilotlar va ularning xodimlarga qo‘llaniladi.

Nizomga muvofiq mehnat ta’tili berilganda:

  • mehnat ta’tili olti oy ishlagandan keyin berilishini inobatga olgan holda birinchi yil ishlayotgan xodimga ushbu ta’til berish qoidalari qo‘llanilmaydi;
  • mehnat ta’tili xodimning xohishiga ko‘ra tashkilot tomonidan tasdiqlangan ta’tillar jadvalidan qat’i nazar navbatdan tashqari beriladi.

Agar xodim koronavirus pandemiyasi tarqalishini oldini olish chora-tadbirlarini amalga oshirish vaqtida maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim muassasalarining faoliyati to‘xtatilgandan oldin mehnat ta’tilini olgan bo‘lsa yoki karantin tadbirlari amalga oshirilayotgan davrda mehnat ta’tilini olishni xohlamasa, ish beruvchi xodimning xohishiga ko‘ra quyidagilarni amalga oshirishi mumkin:

  • xodimni masofaviy ish usuli, moslashuvchan ish jadvali yoki uyda ishlashga vaqtincha o‘tkazishi mumkin;
  • xodimga mehnat haqi saqlanmagan holda ta’til berish.

Xodimlar tashkilot rahbari nomiga yillik mehnat ta’tilini berilishi bo‘yicha sababi va sanasini ko‘rsatgan holda yozma ariza taqdim etadi.

Xodimning xohishiga binoan arizada so‘ralayotgan mehnat ta’tilining ish kunlarini ko‘rsatgan holda davomiyligi ko‘rsatilishi mumkin, ammo tashkilotning jamoa shartnomasi yoki boshqa lokal hujjatlarda belgilangan, mehnat shartnomasi shartlariga asosan yillik mehnat ta’tili kunlaridan oshib ketmasligi kerak.

Ish beruvchi yillik mehnat ta’tilini arizada ko‘rsatilgan muddatga tashkilotda tasdiqlangan ta’til berish jadvalining muddatiga to‘g‘ri kelishi yoki kelmasligidan, agar ta’til birinchi ish yili uchun berilayotgan bo‘lsa, shu ish yilida ishlangan oylar sonidan qat’i nazar berishga majbur.

Ta’til uchun haq to‘lash jamoa shartnomasida belgilangan muddatlarda, lekin ta’til boshlanmasidan oldingi oxirgi ish kunidan kechikmay amalga oshiriladi. Ammo agar ta’til ariza berilgan kundan keyingi kun yoki keyingi ikki kun ichida talab qilingan holatlarda ish beruvchi uni ta’til olish uchun ariza olingan kundan boshlab uch ish kuni ichida to‘lashi shart va mehnat ta’tili haqini xodimning yashash joyiga yetkazib berishni ta’minlashi yoki ish haqi va daromadlar bilan bog‘liq boshqa to‘lovlarni olish uchun mo‘ljallangan xodimning bank kartasiga to‘lash orqali amalga oshiradi.

Agar xodim yillik mehnat ta’tilida bo‘lgan davrda maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim muassasalarining faoliyati tiklansa yoki xodimning mehnat ta’tilida bo‘lish ehtiyoji yo‘qolsa, xodim muddatidan oldin ishga chiqish bo‘yicha yozma ariza bilan murojaat qilishi mumkin, ish beruvchi esa ushbu arizani qondirishi lozim.

Maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim muassasalarining faoliyati to‘xtatilganligi sababli xodim ta’tilga chiqqan davrida xodimni ta’tildan chaqirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Hujjat loyihasi muhokamasi 10 aprelga qadar davom etadi.