Bugun 19 mart, 2024 yil, seshanba

КИР

Jurnalist Davlatnazar Haqnazarovning o‘limiga sababchi bo‘lgan shaxsga hukm o‘qildi

Jurnalist Davlatnazar Haqnazarovning o‘limiga sababchi bo‘lgan shaxsga hukm o‘qildi

2020 yil 19 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudida sudlanuvchi Umidbek Saparov (1979 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti - o‘rta, oilali, ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bor, muqaddam sudlanmagan, “Xorazm invest” MCHJda haydovchi) ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.

Mazkur jinoyat ishi sudya SH. Razzoqov raisligida ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Obidovning "ANIQ.UZ"ga ma’lum qilishicha, sudlanuvchi U. Saparov, 2019 yil 6 noyabr kuni, soat 23:30 da, o‘zining boshqaruvida bo‘lgan “Xorazm invest” MCHJ tomonidan ijara shartnomasi asosida olingan “Gaz 330200” rusumli 01 736 TAA davlat raqam belgili yuk avtomashinasini yo‘l varaqasi orqali, tegishli hujjatlari bilan, spirtli ichimlik iste’mol qilib, mast holda, Urganch tumani, Qoromon qishlog‘i hududidan o‘tuvchi 4r 158 Urganch-Xiva avtomobil qatnov yo‘lida Urganch shahridan, Xiva tumani tomonga qarab boshqarayotib, ehtiyotkorlik choralarini ko‘rmasdan, Vazirlar Mahkamasining 24. 12. 2015 yildagi “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 370-sonli qarorining 3-bandida belgilangan, “yo‘l harakati qatnashchilari “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini va Yo‘l harakati Qoidalari talablarini bilishlari, ularga amal qilishlari, shuningdek ularga berilgan vakolat doirasida yo‘llarda harakatni tartibga soluvchilarning ko‘rsatmalarini so‘zsiz bajarishlari shartligi”, 11-bandining “g” kichik bandida belgilangan, “harakatlanish jarayonida piyodalar, ayniqsa, bolalar, nogironlar, qariyalarga va velosipedchilarga nisbatan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishi”, 12-bandida belgilangan, “transport vositasini mastlik holatida, sezgirlik va e’tiborni susaytiradigan dori-darmonlar ta’sirida, yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan darajadagi charchoqlik va betoblik holatida boshqarish” va 77–bandida belgilangan, “haydovchi harakatning serqatnovligini, transport vositasi va yukning xususiyati hamda holatini, yo‘l va ob-havo sharoitini, shuningdek harakatlanish yo‘nalishidagi ko‘rinishni hisobga olgan holda transport vositasi tezligini belgilangandan oshirmasdan boshqarishi kerakligini, tezlik haydovchiga ushbu qoidalar talablarini bajarish uchun transport vositasining harakatini doimiy nazorat qilib borish imkoniyatini berishi kerakligini, harakatlanish vaqtida haydovchi aniqlay olishi imkoniyatidagi xavf yuzaga kelsa, u transport vositasining tezligini u to‘la to‘xtashni ta’minlaydigan darajada kamaytirishi yoki to‘siqni boshqa harakat qatnashchilari uchun xavf tug‘dirmagan holda aylanib o‘tish choralarini ko‘rishi kerak” deb bayon qilingan bandlarini qo‘pol ravishda buzib, ushbu yo‘lning 5 km ga kelganida, yo‘lning o‘ziga nisbatan o‘ng tomonidan chap tomoniga kesib o‘tayotgan piyoda D. Ro‘zmetovni avtomashinasini old chap tomon qismi bilan urib yuborib, yo‘l transport hodisasi sodir qilgan.

Natijada, piyoda D. Ro‘zmetov olgan og‘ir tan jarohati oqibatida hodisa sodir bo‘lgan joyda vafot qilgan.

Bundan tashqari, mazkur YTX natijasida “Xorazm invest” MCHJ rahbari D. Madrimovga qarashli bo‘lgan “Gaz 330200” rusumli 01 736 TAA davlat raqam belgili yuk avtomashinasiga 2 990 000 so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan.

Sudlanuvchi U. Saparov sudda, aybiga to‘liq iqrorlik bildirib, “Xorazm invest” MCHJda haydovchi vazifasida ishlab, Gazel rusumli 01 736 TAA davlat raqam belgili yuk avtomashinasi biriktirilganligini, 2019 yil 6 noyabr kuni soat 19:00 da uyida o‘tirganida, jamiyatda ishlovchi M. Qalandarov telefon qilib, avtomashinasi buzilganligini, mashinasini texnik ustaxonaga olib, borishda yordam so‘raganligi uchun Gazel avtomashinasida D. Madrimov bilan M. Qalandarovning turgan joyga borib, mashinasini shatakka olib, Urganch shahri, Xiva ko‘chasida joylashgan texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasiga olib borganligini, keyin D. Madrimovni uyiga tashlash maqsadida Urganch-Xiva avtomobil yo‘liga chiqib, soat 23:30 da Xiva tumaniga qarab soatiga 60-70 km tezlikda harakatlanib, “Urganch-Xiva” qatnov yo‘lining ustidan o‘tgan temir yo‘l ko‘prigi ostidan o‘tayotganida yo‘lning chekkasida bitta fuqaro qo‘lida shapkasi bilan mashinani to‘xtat deganday ishora qilib, taxminan 2-3 metr qolgan vaqtida boshqaruvidagi avtomashina oldiga yugurganligini, ushbu shaxs yugurgan vaqtida darhol tormozini bosganligini, shunday bo‘lsada haydovchi tomon bilan ushbu piyodani urib yuborganligini, shundan keyin mashinadan tushib, piyoda yoniga borib, uni ko‘tarmoqchi bo‘lib borganida notanish shaxs yordam berish uchun uni yuragini massaj qilganligini, shundan keyin hodisa joyiga tez yordam mashinasi kelib, piyodaning vafot etganligini aytishganligini, shundan keyin hodisa joyiga IIB xodimlari kelishib, hodisa joyini chizishganligini, yo‘l transport hodisa sodir qilingan kun spirtli ichimlik iste’mol qilmaganligini, lekin bir kun oldin spirtli ichimlik iste’mol qilganligini, Xorazm viloyat narkologiya dispanserida mastlikni aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruvda qo‘rqqanidan nima yozganligini bilmaganligini, jabrlanuvchining oila a’zolaridan kechirim so‘rashini, yetkazilgan zararni qoplaganliklarini inobatga olib, qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, yengillik qilishni so‘rab, ko‘rsatma berdi.

Jabrlanuvchining qonuniy vakili L. Aliyeva sudda so‘ralganida, marhum D. Ro‘zmetov turmush o‘rtog‘i ekanligini, 2019 yil 6 noyabr kuni soat 17:00 da turmush o‘rtog‘i D. Ro‘zmetov qo‘ng‘iroq qilib, Urganch shahrida advokat tanishi U. Davlatov yurganligini, uni Xiva tumaniga kuzatib, uyiga kelishini aytganligini, shu vaqtda u bilan oxirgi marta gaplashganligini, biroq shu kuni kun qorong‘u bo‘lsada, turmush o‘rtog‘i D. Ro‘zmetov uyga kelmaganligini, keyin o‘g‘li J. Shexnazarov qo‘ng‘iroq qilganida turmush o‘rtog‘i D. Ro‘zmetov qo‘ng‘iroqlarga javob bermaganligi, shu kuni soat 23:15 da o‘g‘li J. Shexnazarovning telefon raqamiga notanish raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘lib, Urganch-Xiva yo‘lidagi ko‘prikka yetmasdan bekatni yonida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lganligi natijasida D. Ro‘zmetov xushidan ketganligini aytishganligini, shundan keyin qarindoshlariga aytib, hodisa sodir bo‘lgan joyga borganida IIB xodimlari yo‘l transport hodisasini chizib turganligini, tez tibbiy yordam xodimlari turmush o‘rtog‘i D. Ro‘zmetovni olib ketishganligini, shu vaqtda YTX natijasida turmush o‘rtog‘ini vafot qilganini bilganligini, U. Saparovga nisbatan da’vosi yo‘qligini, yetkazilgan zararni qoplaganligini, uni oilasi ham boquvchini yo‘qotmasligi uchun qamoqdan ozod qilib, unga yengilroq jazo tayinlashni bildirib ko‘rsatma berdi.

Fuqaroviy da’vogar D. Madrimov sudda so‘ralganida, “Xorazm invest” MCHJ rahbari lavozimida ishlashini, U.Saparov jamiyatda haydovchi bo‘lib ishlayotganligini, 2019 yil 6 noyabr kuni soat 22:00 da jamiyatga qarashli M. Qalandarovni boshqaruvidagi “Gazel” rusumli avtomashina Xonqa tumanida buzilib, yo‘lda qolganligi sababli U. Saparovga qo‘ng‘iroq qilib o‘zining “Gazel” yuk avtomashinasida shatakka olib ketishni tayinlaganligini, shundan keyin U. Saparov jamiyatga borib o‘ziga biriktirilgan “Gazel” yuk avtomashinasida Xonqa tumanidan M. Qalandarovni yuk avtomashinasini shatakka olib, Urganch shahriga olib kelganliklarini, U. Saparovga Urganch-Xiva yo‘lida joylashgan YPX maskani yoniga tashlab kelishini aytganligini, U. Saparov “Urganch-Xiva” avtomobil yo‘li bo‘ylab, Urganch-Xiva” yo‘li ustidan temir yo‘l ko‘prigi ostidan o‘tganidan keyin yo‘lning 1 va 2-bo‘lakni ajratuvchi uzuk-uzuk chiziq ustida bitta notanish piyoda qo‘lida sumkasi bilan ikkinchi qo‘li bilan avtomashina to‘xtatmoqchi bo‘lib tentirab, yo‘lni kesib o‘tayotganligini, piyodaga 10 metr qolganida ushbu piyoda o‘rtadagi uzuk-uzuk chiziqdan yo‘lni kesib o‘tishni boshlaganligini, U. Saparov avtomashinani chap burchagi bilan piyodani urib yuborganligini, unga yordam berish uchun harakat qilganida shu yerda yo‘ldan o‘tayotgan odamlardan bittasi kelib, “men shifokorman oyog‘ida jarohat bor vena tomiri uzilgan bo‘lishi mumkin, shuning uchun tegmanglar” deb aytganligini, shu paytda mazkur YTX natijasida U. Saparov jamiyatga tegishli bo‘lgan “Gaz 330200” rusumli 01 736 TAA davlat raqam belgili yuk avtomashinasiga 3 000 000 so‘mlik moddiy zarar yetkazganligini, hozirda ushbu moddiy zararni U. Saparov to‘liq qoplaganligini, shu sababli unga nisbatan da’vosi yo‘qligini, YTX natijasida tan jarohati olmaganligini bildirib, ko‘rsatma berdi.

Guvoh G‘. Babadjanov sudda so‘ralganida, 2019 yil 6 noyabr kuni soat 18:00 da U. Davlatov qo‘ng‘iroq qilib, “To‘maris Nur” gipermarketning yonidagi “Yagona” kafega avtomashinasini tashlab kelishini aytganligini, rozi bo‘lib, “Yagona” kafesiga borganida, U. Davlatov jurnalist D. Ro‘zmetov bilan ovqatlanib o‘tirganligini, dasturxondagi bir shisha konyakning tagida ozgina ichimlik qolganligini, D. Ro‘zmetov o‘zini sumkasidan yana bir shisha konyak chiqarib, stolni ustiga qo‘yganligini, ushbu konyak spirti ichimlikni iste’mol qilganliklarini, lekin mast bo‘lmaganligini, D. Ro‘zmetov konyak spirtli ichimlik iste’mol qilganligini, kafedan 21:00 da chiqib, U. Davlatov “Xorazm Palas” mehmonxonasida tunab qolishini aytgani sababli, D. Ro‘zmetov va U. Davlatovlar bilan “Matiz” rusumli sariq rangli taksi avtomashinasiga o‘tirib mehmonxona oldida tushib, U. Davlatovga mehmonxonadan xona gaplashganliklarini, D. Ro‘zmetovga spirtli ichimlik iste’mol qilganligi sababli mehmonxonada tunab qolishini, ertalab turib uyiga ketishini aytganligini, U. Davlatov ham unga mehmonxona pulini o‘zi to‘lashini, kech bo‘lganligi sababli shu yerda tunab qolishini aytganligini, biroq, D. Ro‘zmetov ertaga bozorga chiqib, un olishi kerakligini, shu sababli uyiga ketmasa bo‘lmasligini aytganligini, soat 22:15 da D. Ro‘zmetovni uyiga kuzatib yuborish maqsadida mehmonxonasidan chiqib, oq rangli, “Neksiya-2” rusumli avtomashinani to‘xtatib, D. Ro‘zmetovni uyiga yetib olishi uchun 30 000 so‘m berganligini, shu vaqtda haydovchiga D. Ro‘zmetov Qo‘shko‘pir tumaniga ketadigan avtomashinalar turadigan bekatga tashlab qo‘yishini aytganini eshitganligini, ertasi kuni U. Davlatov soat 07:00 da qo‘ng‘iroq qilib, D. Ro‘zmetov avtohalokatga uchrab vafot qilganini aytganligini bildirib, ko‘rsatma berdi.

Guvoh M. Qalandarov sudda, “Xorazm invest” MCHJda haydovchi lavozimida ishlashini, 2019 yil 6 noyabr kuni soat 20:00 da Xonqa tumani, Sarapayon qishlog‘ida yuk avtomashinasini remeni uzilib, radiatordagi suv qaynab ketganligi sababli yuk avtomashinasini yo‘lning chetki qismida to‘xtatib, MCHJ rahbari D. Madrimovga qo‘ng‘iroq qilib, avtomashinani remeni uzilganini aytib turgan manzilini tushuntirganligini, oradan taxminan 30 daqiqa o‘tib, D. Madrimov U. Saparovni boshqaruvida bo‘lgan “Gazel” rusumli, 01 736 TAA davlat raqam belgili yuk avtomashinasida kelishib, yuk avtomashinasini shatakka olib, Urganch shahri, “Mash’al” do‘konlari yonidagi, avtotexga olib borishganliklarini, keyin D. Madrimov bilan U. Saparovlar soat 22:30 da ketishganligini, ertasi kuni MCHJ rahbari D. Madrimovdan U. Saparov, uni uyiga tashlab kelmoqchi bo‘lib, borayotganida “Xiva-Urganch” avtomobil yo‘lida piyodani urib yuborib, yo‘l transport hodisasini sodir qilganini eshitganligini bildirib, ko‘rsatma berdi.

Guvoh U. Davlatov sudda, 2019 yil 6 noyabr kuni soat 08:00 da Toshkent shahridan Xorazmga fuqarolik sudi bilan bog‘liq ishi bo‘lgani uchun kelganligini, Xorazmga kelganida D. Ro‘zmetovga qo‘ng‘iroq qilib u bilan uchrashganligini, D. Ro‘zmetov bilan birga Urganch tumani, Chakkasholikor qishlog‘ida joylashgan baliqxonada tushlik qilganligini, u yerda spirtli ichimlik iste’mol qilmaganliklarini, shundan keyin D. Ro‘zmetov bilan birgalikda FIB Urganch tumanlararo sudiga borganligini, u yerda o‘zining advokatlik bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarini qilganligini, shundan keyin D. Ro‘zmetov bilan “Yagona” kafesiga borishganligini, G‘. Babadjanovni ham kafega taklif qilganligini, G‘. Babadjanov D. Ro‘zmetov bilan tanishligini, kafega kirib alohida umumiy zalda o‘tirganida, G‘. Babadjanov kirib kelganligini, u yerda 3 shisha konyak ichganliklarini, kafedan chiqib to‘g‘ri “Xorazm Palas” mehmonxonasiga borib joylashib, D. Ro‘zmetov va G‘. Babadjanovlarni kuzatishga mehmonxonadan tashqariga chiqqanligini, D. Ro‘zmetov oq rangli Neksiya-2 rusumdagi mashinaga o‘tirganligini, D. Ro‘zmetov bilan xayrlashgan vaqtida Qo‘shko‘pir tumaniga ketishini, shuning uchun Urganch shahridagi Qo‘shko‘pir tumaniga ketadigan taksilar turadigan joyga borishini aytganligini, D. Ro‘zmetov ketganidan keyin G‘. Babadjanov bilan birga konyak ichish uchun “Yagona” nomli kafega borib, ozgina konyak ichib, G‘. Babadjanov bilan mehmonxonaga qaytganligini, u bilan shu yerda xayrlashib, soat 00:00 da D. Ro‘zmetovga bir marta qo‘ng‘iroq qilganligini, ammo javob bermaganligini, shundan keyin ertasi kuni 07:00 da D. Ro‘zmetovning turmush o‘rtog‘i qo‘ng‘iroq qilib, D. Ro‘zmetovni kecha yonidan ketganidan keyin Urganch-Xiva avtomobil yo‘ldan o‘tgan temir yo‘l ko‘prigi yonida yo‘l o‘rtasida furgon shaklidagi mashina urib yuborganligini, hodisa joyining o‘zida vafot etganini eshitganligini bildirib, ko‘rsatma berdi.

Guvoh G‘. Vaisov sudda, viloyat sud-tibbiy ekspertizasida sud tibbiy eksperti lavozimida ishlashini, 2019 yil 7 noyabr kuni soat 12:45 da IIB xodimlari fuqaro U. Saparovga nisbatan sud kimyoviy ekspertiza tayinlab, undan qon namunasi olish maqsadida sud tibbiy ekspertiza binosiga olib kelishganligini, qarorga asosan uning qonidagi etil spirti va giyohvand moddasi bor yo‘qligini aniqlash bo‘yicha tegishli tartibda 10 gramm qon namunasi olinganligini, tekshiruv jarayonida U. Saparovning qonidan etil, propil, butil, amil spirtlari va narkotik moddalar turkumiga kiruvchi opiat qoldiqlari topilmaganligini, mazkur holat bo‘yicha ekspert xulosasi berganligini, U. Saparovda oldin yengil mastlik holati aniqlangan bo‘lsa-da, 11 soat ichida uning qonidagi etil spirti organizmdagi fermentlar ta’sirida har bir soat ichida taxminan 0,16 promilli, agar kuchli psixoematsional holat va jismoniy mehnat bo‘lsa 0,27 promilligacha etil spirti parchalanishi natijasida, uning qonidan etil spirti chiqib ketgan bo‘lishi mumkinligini bildirib, ko‘rsatma berdi.

Guvoh J. Sa’dullayev sudda so‘ralganida, viloyat IIB YHXB 2-safdor guruh YPX inspektori lavozimida ishlashini, 2019 yil 06 noyabr kuni soat 23:40 da YHXB navbatchilik qismi navbatchisi tomonidan “Urganch-Xiva” yo‘nalishining “Koromon” aholi yashash joyining 5-kmda yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lganini aytib, zudlik bilan u yerga borishlarini tayinlaganligi sababli aytilgan manzilga borganida, “Gazel” avtomashinasi haydovchisi va yonidagi yo‘lovchi, YTX natijasida jabrlangan piyodaga yordam ko‘rsatmoqchi bo‘lib turishganligini, u yerda tez tibbiy yordam xodimlari piyodaga tibbiy yordam ko‘rsatishib turishganligini, shu vaqtda guruh rahbari tomonidan haydovchi U. Saparovni tibbiy tekshiruvdan ya’ni mastlik holatini aniqlash bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazishini aytganligi uchun U. Saparovni narkologiya dispanseriga olib borib, haydovchining mastlik holatini aniqlash bo‘yicha tibbiy tekshiruvdan o‘tkazganligini, shu vaqtda shifokor alkatestr apparati bilan uning yengil mastlik holatida ekanligini aniqlanganligini, biroq, haydovchi U. Saparov o‘zini spirtli ichimlik iste’mol qilmaganini aytganligini, undan spirtli ichimlik hidini sezmaganligini bildirib, ko‘rsatma berdi. 

Guvoh D. Eshchanov sudda so‘ralganida, viloyat narkologiya dispanserida shifokor lavozimida ishlashini, 2019 yil 6 noyabr kuni tungi navbatchilikka tushganligini, 2019 yil 7 noyabr kuni soat 01:27 da IIB YHXB xodimlari fuqaro U. Saparovni yo‘l transport hodisasi sodir qilganini aytib, uni spirtli ichimlik iste’mol qilgan qilmaganligini aniqlash bo‘yicha olib kelishganligini, ushbu fuqaroni alkatestr moslamasi orqali uning og‘zidan nafasini chiqartirib tekshirib ko‘rganida, 0,576 mg/litr ya’ni yengil daraja mastlik holati aniqlanganligini, shuningdek, tekshiruv vaqtida haydovchi U. Saparovni og‘zidan ham spirtli ichimlikni hidi kelib turganligini bildirib, ko‘rsatma berdi.

Guvoh B. Rahimov sudda, 2019 yil 6 noyabr kuni soat 20:30 – 21:00 da o‘g‘li D. Rahimov nomida bo‘lgan “Neksiya 1” rusumli 90 X 523 FA davlat raqam belgili avtomashinasida Urganch shahar, Xiva ko‘chasida joylashgan “Mash’al” do‘koni oldidagi bekatdan, Qo‘shko‘pir tumaniga ketadigan fuqarolarni olib ketish uchun borganligini, soat 21:00 an o‘tganda ikki nafar yosh yigit kelib, Qo‘shko‘pir tumaniga olib ketishni so‘raganligini, rozi bo‘lib, ularga mashinaga o‘tirishlarini, yana bir nafar odam kelgach, haydashini aytganligini, soat 21:30 da oq rangli, bitta “Neksiya-2” rusumli mashinadan D. Ro‘zmetov o‘ta mast holda tushganligini, D. Ro‘zmetovni Qo‘shko‘pir tumanidan ekanini, oldin “Lada granta” rusumli mashina haydab yurganidan bilishini, bekat yonida turgan yigitlar D. Ro‘zmetovdan qayerga ketishini so‘raganida, Qo‘shko‘pir tumaniga borishini aytganligi sababli uni yoniga yuborishganligini, D. Ro‘zmetov bilan kelishganidan so‘ng mashinasiga o‘tirishga ruxsat berganligini, shundan keyin D. Ro‘zmetov mashinada sigaret chekib boshlaganligini, unga mashinada sigaret chekmasligini, o‘zi ham mashinada sigaret chekmasligini, mashinaga gaz baloni o‘rnatilganini aytganligini, shunda ham D. Ro‘zmetov sigaret chekishni to‘xtatmaganligini, Urganch-Xiva yo‘nalishidagi metan gaz quyish uchun metan gaz quyish shahobchasiga kirib, yo‘lovchilarni mashinadan tushib turishlarini aytib,
5 daqiqalar ichida mashinaga gaz quydirib chiqib, ikki nafar yigit bilan D. Ro‘zmetovni mashinaga mindirib, Xiva tomonga qarab harakatlanganligini, shundan keyin D. Ro‘zmetov yana sigaret chekishni boshlaganligini, unga chekma deganida, yoqmayotgan bo‘lsa mashinangdan tushir meni deb aytganligini, shu sababli Urganch-Xiva yo‘lining poyezd yo‘li o‘tish ko‘prigi ostidan o‘tib, Urganch tumani Qoromon qishlog‘i hududiga kirib ketadigan yo‘ldan o‘tib, yo‘l chekkasidagi bekatda to‘xtatib, D. Ro‘zmetovni mashinadan tushirganligini, shundan keyin Qo‘shko‘pir tumani tomonga harakatlanib, avtomashina salonidagi yigitlarni tushirib, uyi tomonga harakatlanganligini, Qo‘shko‘pir tumani markaziga soat 23:30 da yetib borganligini, keyinchalik 2019 yil 6 noyabr kuni D. Ro‘zmetovni Urganch-Xiva avtomobil yo‘lida yo‘l transport hodisasi natijasida vafot etganini eshitganligini bildirib, ko‘rsatma berdi.

Sud sudlanuvchi U. Saparovning suddagi yo‘l transport hodisa sodir qilingan kuni spirtli ichimlik iste’mol qilmaganligi haqidagi keltirgan vajlari bilan quyidagilarga asosan kelishmaydi deb hisoblaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-prosessual kodeksining 95-moddasida tekshiruv natijasida haqiqatga muvofiq ekanligi aniqlangan dalillar ishonchli deb hisoblanadi.

Isbotlanishi kerak bo‘lgan barcha va har bir holatning haqiqiyligini so‘zsiz tasdiqlovchi ishga oid barcha ishonchli dalillar to‘plangan bo‘lsa, ularning jami ishni hal qilish uchun yetarli deb hisoblanishi belgilangan.

Ish holatiga ko‘ra, Xorazm viloyati narkologiya dispanserining 06. 11. 2019 yildagi mastlik holatini aniqlash bo‘yicha tekshiruvdan – o‘tkazganlik to‘g‘risidagi 2465-sonli bayonnomada U. Saparovning mastlik holati yengil darajada ekanligi haqida xulosa berilgan.

Sud, davlat ayblovchisining xulosasini, himoyachining fikrini, sudlanuvchi U. Saparov, jabrlanuvchining qonuni vakili va fuqaroviy da’vogar hamda guvohlarning ko‘rsatuvlarini eshitib, U. Saparovning jinoyat sodir etganlikdagi aybi o‘zining aybiga iqrorlik bildirib bergan ko‘rsatuvidan tashqari, hodisa joyini ko‘zdan kechirish bayonnomasi va sxemasi, unga ilova suratlar va sud tibbiy ekspertizasining № 161-sonli xulosasi hamda jinoyat ishida to‘plangan boshqa dalillar bilan isbotlangan deb hisoblaydi.

Dastlabki tergov organi tomonidan sudlanuvchi U. Saparovning transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzishi natijasida odam o‘lishiga sabab bo‘lishda ifodalangan jinoiy harakati O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan to‘g‘ri kvalifikasiya qilingan deb hisoblaydi.

Sud, sudlanuvchiga nisbatan jazo tayinlashda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi 1-sonli qarori hamda Oliy sud Plenumining 2015 yil 26 iyundagi “Transport harakati va undan foydalanish xavfsizligiga qarshi jinoyatlar bilan bog‘liq ishlar yuzasidan sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 10-sonli qarorining 25-bandida sudlar yo‘l-transport hodisasida aybdor deb topilgan shaxsga nisbatan jazo turi va muddatini belgilashda insonparvarlik, odillik tamoyillaridan kelib chiqib, har bir ish bo‘yicha alohida yondoshuv to‘g‘risidagi qonun talabiga qat’iy rioya qilishlari, sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasiga, hodisa sodir bo‘lgandan keyin shaxsning xatti-harakatiga (uning jabrlanuvchiga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun qilgan harakatlari, jabrlanuvchi va uning oilasiga moddiy va boshqa tarzda yordam berganligi, jinoyat natijasida yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplaganligi va h. k.) va jazoni yengillashtiruvchi yoki og‘irlashtiruvchi boshqa holatlarga alohida e’tibor berishlari shartligi haqida tushuntirishlarga rioya qilib, sudlanuvchi U. Saparovning shaxsini, oilaviy va moddiy ahvolini, qaramog‘ida ikki nafar farzandlari borligini, pushaymondaligini, aybiga iqrorligini, yetkazilgan zararni qoplaganligini, jabrlanuvchining qonuniy vakili va fuqaroviy da’vogarning da’vosi yo‘qligini, sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini Jinoyat kodeksining 55-moddasiga asosan jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb hisoblab, Jinoyat kodeksining 56-moddasida ko‘rsatilgan og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud emasligini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, aybli deb topilgan moddasining sanksiyasida nazarda tutilmagan ozodlikni cheklash jazosi tayinlashni, shuningdek Jinoyat kodeksining 45-moddasini qo‘llab, muayyan huquqdan, ya’ni transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish tariqasidagi qo‘shimcha jazo tayinlashni lozim topdi.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra,

U. Saparov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 266-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan Jinoyat kodeksining 45-moddasini qo‘llab, 1 yil 6 oy muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan, 2020 yil 9 yanvar kunidan 2020 yil 19 fevral kuniga qadar 41 kun qamoqda saqlangan har bir kunini bir kunga tenglashtirib, 1 oy 11 kun ozodlikni cheklash jazosi o‘talgan deb hisoblab, o‘tashlik uchun uzil-kesil 2 yil 10 oy 19 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi.

Sudlanuvchi U. Saparovga nisbatan belgilangan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, u darhol sud zalidan ozod qilindi.

Jinoyat ishi bo‘yicha jabrlanuvchining qonuniy vakili L. Aliyevaning sudlanuvchi U. Saparovga nisbatan da’vosi yo‘qligi inobatga olindi.

Hukm ustidan taraflar hukm e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n sutka ichida, sudlanuvchi hukm nusxasini olgan kundan e’tiboran shu muddat ichida apellyasiya tartibida jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat sudi apellyasiya instansiyasiga shikoyat berishi yoki protest bildirishi, hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng kassasiya tartibida jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat sudi kassasiya instansiyasiga shikoyat berishi yoki protest bildirishi ma’lum qilinadi.

 

 

 

Kiritildi: 13:46 20.02.2020. O'qildi: 2758 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!