AQShning amaldagi prezidenti 19 iyul kuni Tramp bilan iyun oyidagi muvaffaqiyatsiz debatdan so‘ng Kongressdagi demokrat hamkasblarining saylovoldi poygasidan chiqish chaqiriqlari fonida keyingi haftada kurashga qaytishini ma’lum qildi.
81 yoshli Bayden hafta boshida Las-Vegasga qilgan safari chog‘ida COVID-19 bilan kasallangani ma’lum bo‘ldi. Oq uy yengil alomatlar va umumiy holsizlik haqida xabar berdi. Testdan so‘ng Bayden davolanish uchun Delaverdagi uyiga qaytdi.
Hozirgacha Kongressning 264 nafar demokrat a’zosidan 32 nafari Baydenni saylovoldi kampaniyasini tugatishga ochiq chaqirdi, boshqa yuqori martabali demokratlar esa buni yakka tartibda aytishgan, deb xabar berdi Reuters. AQSh sobiq prezidenti Barak Obama, Vakillar palatasi sobiq spikeri Nensi Pelosi va Kongressdagi partiya yetakchilari Baydenning saylovoldi kampaniyasi natijalari haqida shaxsiy xavotirlarini bildirganliklari haqidagi xabarlar ortidan oxirgi 48 soat ichida Baydenga nisbatan bosim keskin oshdi.
Demokratlar 5 noyabrdagi saylovda respublikachilarning g‘alaba qozonishidan tashvishlanishmoqda, bu Tramp va uning ittifoqchilariga nafaqat Oq uy, balki Kongress har ikki palatasida ham ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritish imkonini beradi.