Jizzax viloyatida Paxtakor tumani ekologiya bo‘limi inspektoriga ovchilar tomonidan tan jarohati yetkazildi. Bu haqda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ma’lum qildi.
Joriy yilning 2 yanvar kuni Jizzax viloyati Paxtakor tumani ekologiya bo‘limi davlat inspektorlariga tumandagi A.Ikromov Suv iste’molchilari uyushmasi hududida joylashgan fermer xo‘jaligi rahbari tomonidan hududda noqonuniy ov qilish holatlari kuzatilayotgani haqida xabar kelib tushgan.
Murojaatni o‘rganish maqsadida Paxtakor tumani ekologiya davlat inspektorlari H.S. va B.M. ushbu fermer xo‘jaligi hududiga yetib borgan. Hududda Nexia 1 rusumli avtomashinada uch nafar shaxs ov qurollari bilan ov qilib yurgani aniqlangan.
Shundan so‘ng inspektorlar tomonidan ovchilardan tegishli hujjatlar so‘ralganda, ular davlat inspektorlariga qarshilik ko‘rsatib, hujjatlarni taqdim etmasdan mashinani harakatlantirishni boshlagan. Inspektor B.M. mashinaning orqa eshigini ochib, ularni to‘xtatishga urinadi. Lekin inspektorning qonuniy talabiga bo‘ysunmagan ovchilar uni mashinaga majburlab o‘tkazib, Zafarobod tumani tomonga ketgan.
Inspektor B.M. Zafarobod tumani markaziga tan jarohati yetkazilgan holda mashinadan tushirib qoldirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, shundan so‘ng inspektor B.M. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax viloyati filialiga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun olib kelingan. Ushbu holat yuzasidan viloyat IIB tomonidan surishtiruv ishlari boshlangan.