Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Ishsizlik darajasi 9,1 foizni tashkil etgan, mutasaddilar nega xotirjam?

Ishsizlik darajasi 9,1 foizni tashkil etgan, mutasaddilar nega xotirjam?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining joriy yil o‘tgan davrida amalga oshirgan ishlari haqidagi hisoboti hamda vazirlik huzuridagi Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining fuqarolarimizni xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish borasida olib borayotgan ishlari holati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 8 oyi davomida respublika bo‘yicha 173,6 ming ish o‘rni yaratilishi belgilangan bo‘lib, amalda 213 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan, bu prognozga nisbatan – 122,8 foizni tashkil etadi.

Ayni paytda mamlakatimizda ishsizlik darajasi 9,1 foizni tashkil etmoqda. Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Jizzax, Samarqand, Farg‘ona viloyatlarida ishsizlik ko‘rsatkichi yuqori bo‘lib, ushbu hududlarda aholi bandligini ta’minlash, ish o‘rinlari yaratish borasidagi ishlar deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama etildi.

Parlament a’zolari aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmatlarga ham e’tibor qaratdilar. Joriy yilda mehnat organlari tomonidan 526 mingdan ortiq shaxsga xizmat ko‘rsatilgan, bu 2018 yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga ortgan. Lekin deputatlar bandlik organlariga murojaat qiluvchilarning necha foizining xohish va istaklari qondirilgani, qancha aholi murojaatlari ijro etilmagani bilan qiziqdilar.

Shuningdek, joriy yilda ilk bor mehnat bozoriga ham subsidiya va grant berish tartibi joriy etilgan. Hozirgi kunda jami 6,3 milliard so‘m miqdorida ish beruvchilarga, ishsiz fuqarolarga, aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlamiga va tomorqa yer egalariga subsidiyalar berilgan. Natijada 6 ming 346 nafar ishsiz aholi bandligi ta’minlangan hamda ajratilgan 250 million so‘m grant mablag‘lari evaziga 246 nafar ishsiz fuqaro kasbga o‘qitilgan.

Yig‘ilishda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi direktorining fuqarolarimizni xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi axboroti ham eshitildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2,6 million nafar kishi xorijiy mamlakatlarga ishlash uchun chiqib ketgan. Mazkur yo‘nalishda yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan hududlar, xususan, Andijon, Samarqand, Namangan kabi ayrim viloyatlarda mavjud imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanilmayotganligi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Vazirlik tomonidan “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilinganidan so‘ng Yaponiya, Koreya Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari bilan tashqi migrasiya sohasida bitimlar tuzilgan. 85 ta xususiy bandlik agentligi tomonidan 34,3 ming fuqaroga migrasiya sohasida xizmatlar ko‘rsatilgan, 2,8 ming fuqaro Rossiya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Bolgariya, Polsha, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa davlatlarga ishga yuborilgan.

Shu bilan birga, o‘tgan vaqt davomida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda agentlikka xususiy bandlik agentliklari faoliyati ustidan fuqarolarning salbiy murojaatlari ham kelib tushgan. Jumladan, xususiy bandlik agentliklari tomonidan fuqarolarga ishga joylashtirish xizmati ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, fuqaro tomonidan to‘langan mablag‘lar qaytarib berilmasligi yoki ushbu mablag‘larni qaytarishda muayyan bir qismini ushlab qolish holatlari kuzatilgan. Natijada maxsus ruxsatnoma asosida 8 ta xususiy bandlik agentligida tekshirish o‘tkazilib, ular faoliyati atroflicha o‘rganilgan va murojaatlar qanoatlantirilgan.

Yig‘ilishda deputatlar sohada yuzaga kelayotgan tizimli muammo va kamchiliklarni tahlil qilib, ularni tezkorlik bilan bartaraf etish hamda belgilangan vazifalarning bajarilishini ta’minlash yuzasidan hukumat vakillariga takliflar kiritdilar.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Kiritildi: 06:13 19.09.2019. O'qildi: 1813 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!