Bojxona qo‘mitasi deklarasiyalarni to‘ldirish uchun maxsus axborot kiosklari o‘rnatilishini e’lon qildi.
O‘zbekistonda import qilingan telefonni deklarasiya qilishga mo‘ljallangan mobil ilova ishga tushirildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Yo‘lovchi deklarasiyasi” ilovasiga OneID orqali kirilganda, pasport ma’lumotlari avtomatik to‘ldiriladi. Foydalanuvchi harakatlanish yo‘nalishini (kirish yoki chiqish) tanlashi hamda o‘zidagi valyuta mablag‘lari va tovarlarni ko‘rsatishi kerak bo‘ladi.
Alohida funksiya O‘zbekistonga olib kirilayotgan mobil telefonni deklarasiya qilish imkonini beradi. Ilovada qurilmaning IMEI raqamini shtrix-kod sifatida skanerlab kiritish mumkin.
Ilovadan foydalanish uchun chegara bojxona postlarida bepul Wi-Fi hududlari tashkil etiladi. Bundan tashqari, Bojxona qo‘mitasi deklarasiyalarni to‘ldirish uchun maxsus axborot kiosklari o‘rnatilishini e’lon qildi.
Hozir ilova Toshkent xalqaro aeroportida sinov rejimida ishlamoqda. 1 noyabrdan barcha chegara punktlarida mobil deklarasiyani to‘ldirish imkoniyati qo‘shiladi.