Amaldagi tartibga ko‘ra, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash, tashish, utilizasiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish hamda chiqindi yig‘ish punktlari tashkil etish borasida belgilangan talablar mavjud.
Poligonlarga ko‘mish uchun yo‘naltiriladigan qattiq maishiy chiqindilar hajmini kamaytirish, sanitariya va ekologik me’yorlar talablariga muvofiq keladigan zamonaviy qattiq maishiy chiqindi poligonlarini yaratish, shuningdek, mavjud poligonlarni yopish va rekultivasiya qilish bo‘yicha bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirilgan.
Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi, viloyat ekologiya, atrof muhit muhofazasi va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, IIB va soliq organlari mas’ullari tomonidan joylarda ekologiyani yaxshilash, turizm salohiyatini oshirish hamda o‘rmon xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanishni ta’minlashga doir o‘rganishlar olib borilmoqda.
Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Xorazm viloyatida navbatdagi nazorat reyd tadbirlari o‘tkazildi.
Reyd davomida Xiva shahrining “Qiyot” va “Gulshan-2” MFY hududlarida ikkilamchi chiqindi savdosi bilan bog‘liq bir qator noqonuniy holatlar aniqlandi. Jumladan, Ro‘zmat Otajonov ko‘chasida S.N. ismli fuqaro hamda Ibrat ko‘chasida O.O. ismli fuqaro tomonidan noqonuniy ikkilamchi chiqindi yig‘ish punktlari tashkil etilgani ma’lum bo‘ldi. Har ikki holat yuzasidan hech qanday tegishli hujjatlarsiz ikkilamchi chiqindilarni fuqarolardan xarid qilish va qayta ishlab chiqaruvchi korxonalarga sotish bilan shug‘ullanayotgan huquqbuzarlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Fuqarolarning har biriga BHMning 3 baravari, ya’ni 1 million 125 ming so‘m miqdorida jarima belgilandi.
Shuningdek, mazkur fuqarolarga qonunchilikdagi chiqindi shoxobchalari va saralash punktlaridan maishiy chiqindilarni olish shu sohaga biriktirilgan mas’ul tashkilotlarning roziligi bilan va qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilishi kerakligi tushuntirildi.
Bu kabi reyd tadbirlari respublikaning boshqa hududlarida ham davom etmoqda.