Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Huquqshunos Xushnudbek qonunlarni yaxshi bilmas ekan(mi?)!

Huquqshunos Xushnudbek qonunlarni yaxshi bilmas ekan(mi?)!

OʻzLiDeP siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning siyosiy partiyalar rahbarlari hamda jurnalistlar uchrashuvidagi bahs-munozarasi ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Lekin ularning aksariyati noto‘g‘ri talqin qilingani bilan jamoatchilikni chalg‘itishga xizmat qilayapti. Shu munosabat bilan aslida nima xususida gap ketayotganiga aniq izoh berish talab etiladi.

Bloger partiya yetakchisiga fermerlarni Fermerlar kengashiga, tadbirkorlarni Savdo-sanoat palatasiga majburiy a’zo qilish to‘g‘risida amaldagi qonunchilikka kiritilgan tegishli o‘zgartirishlar Konstitusiyaga va “Nodavlat notijorat tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunga zid emasmi, deya savol berdi. Aktam Xaitov yo‘q dedi. Biroq Xushnudbek bunga ko‘nmasligi va aksini tasdiqlashi oqibatida mantiqsiz tortishuv kelib chiqdi.

Xo‘sh, aslida bu borada kim haq?

Konstitusiyamizning 56-moddasida shunday deyilgan: “O‘zbekiston Respublikasida qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar, faxriylar va yoshlar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar va fuqarolarning boshqa uyushmalari jamoat birlashmalari sifatida e’tirof etiladi”. Ko‘rib turganingizdek, bu yerda ta’qiq yoxud majburiylik-ixtiyoriylik bo‘yicha norma umuman uchramaydi. 

Endi 59-moddaga yuzlanamiz: “Kasaba uyushmalari xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini va manfaatlarini ifoda etadilar va himoya qiladilar. Kasaba tashkilotlariga a’zo bo‘lish ixtiyoriydir”. Lekin bu moddaning na Fermerlar kengashiga, na Savdo-sanoat palatasiga aloqasi yo‘q. Demak, huquqshunos Xushnudbek qonunlarni yaxshi bilmas ekan, degan xulosa kelib chiqadi!

Bloger tilga olgan “Nodavlat notijorat tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunda ham Aktam Xaitov tilga olgan fikrlarga qarshi me’yor o‘z aksini topmagan. Mazkur qonunning 3-moddasini o‘qiymiz: “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu qonun va BOSHQA QONUN HUJJATLARIdan iborat. Siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari, diniy tashkilotlar hamda boshqa ayrim nodavlat notijorat tashkilotlarini tuzishning, ular faoliyatining, qayta tashkil etilishi va tugatilishining xususiyatlari maxsus qonunlar bilan tartibga solinadi...”

Modomiki, yana Xaitov haq va Xushnudbek qonunlarni diqqat bilan o‘qimasligi oydinlashmoqda. Darvoqe, u xalqaro masalalarni aralashtirgani uchun Germaniya, AQSH, Rossiya Federasiyasi va boshqa davlatlarning bu boradagi qonunchiligini ham ko‘rib chiqishni tavsiya etaman.

Jurnalistlar shu bahsga kerosin sepgan “Milliy tiklanish” DP yetakchisiga e’tiborni qaratishsa tuzuk bo‘lardi. Chunki Alisher Qodirov ham fermer va tadbirkorlarning majburiy a’zoligini Konstitusiyaga zid deb atadi. Zotan, u ham parlament deputati sifatida qonunlarni chuqur o‘rganmagan chog‘i. Yo OʻzLiDeP nima desa teskari gapirishni kasb qilganmi?

Omon ESON

Kiritildi: 07:01 20.11.2019. O'qildi: 4568 marta. Fikrlar soni: 2 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!