Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Gulnora Karimova ozodligi evaziga katta pul taklif qildi

Gulnora Karimova ozodligi evaziga katta pul taklif qildi

O‘zbekiston Birinchi Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova Prezident Shavkat Mirziyoyevga xat bilan murojaat qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz». Xabar berishlaricha, xat matni Karimova xonimning qizi Imon tomonidan uning Instagram’dagi sahifasida e’lon qilingan.

Gulnora Karimova o‘z xatida jinoiy ishlar bilan ta’qib qilish to‘xtatilishi evaziga Shveysariyada muzlatib qo‘yilgan 686 million dollar miqdoridagi mablag‘ga da’vodan voz kechishga tayyorligini bildirgan.

«Oila va salomatlikni saqlab qolish uchun, to‘g‘ri sharoitlarda, oilamiz ixtiyorida qolgan yagona va Shveysariyada muzlatib qo‘yilgan 686 million dollar miqdoridagi pul mablag‘lariga bo‘lgan har qanday da’vodan, «ishni yopishning soddalashtirilgan jarayoni», ya’ni, ochiq sudsiz, davlat foydasiga taqdim etish orqali voz kechishga tayyorman», — deyiladi maktubda.

Gulnora Karimovaning ta’kidlashicha, u 131 million dollar miqdoridagi mablag‘ga bo‘lgan protestni qaytarib olib, bu ishni qisman bajarib bo‘lgan — bu pullar Shveysariya prokuraturasi qaroriga muvofiq O‘zbekistonga qaytarilishi kerak.

«Oliy sud, jarayon boshlanganiga qaramay, har qanday murojaatni shunchaki rad etmoqda, boz ustiga shu vaqtga qadar menga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari menga taqdim etilmadi va men hech qachon ularni tanishib chiqib imzolamaganman», — deyiladi xatda.

Karimovaning fikricha, unga nisbatan jazo muddatlari, xususan, uy qamog‘i davri o‘tab bo‘lingan. «Hatto qamoq va koloniyada o‘tkazilgan muddatni ko‘rib chiqqanda ham, insonparvarlik hujjatlari (2013 va 2016 yilgi amnistiyalar)ni qo‘llamaganda ham, bir necha oylik jazo muddati qolgan, xolos», — deyiladi xatda. Muallifning qayd etishicha, u 2014 yil fevral oyida qo‘lga olingan.

Gulnora Karimovaning fikricha, «ushbu masalaga to‘g‘ri yondashilsa, bundan davlat ham yutishi mumkin va yetarli darajada katta mablag‘larlar gumanitar loyihalar (tibbiyot, ta’lim va boshqalar)ga yo‘naltirilishi mumkin».

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 2017 yil iyulida Gulnora Karimovaga 2015 yil avgustida besh yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlanganini ma’lum qilgan edi. O‘sha vaqtda unga nisbatan boshqa jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom etayotgan edi. Ikki jinoyat ishi bo‘yicha davlat va fuqarolar manfaatlariga yetkazilgan zarar 3,7 trillion so‘mga baholangan edi.

Gulnora Karimova 2019 yil martidan beri Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan umumiy tartibdagi 21-son koloniyada saqlanmoqda. Unga nisbatan yana bir necha jinoyat ishlari ochilgan, jumladan, u talon-toroj qilish va davlatga zarar yetkazishda ayblanmoqda.

2019 yil oxirida Bosh prokuratura Gulnora Karimovaning 1,3 milliard dollardan ortiq miqdordagi daromadlarini qaytarish masalasida AQSH, Shveysariya, Fransiya, Rossiya va Latviya bilan birgalikda ish olib borayotganini ma’lum qilgan edi; alohida mamlakatlarda ushbu mablag‘lar bo‘yicha ham jinoyat ishlari ochilgan.

Kiritildi: 15:06 26.02.2020. O'qildi: 9076 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!