Gruziya parlamenti oldida yevrointegrasiyaning bekor qilinishiga qarshi norozilik namoyishlari davom etmoqda. Namoyishchilar parlament binosida yong‘in chiqarishdi.
Polisiya gazli granatalardan foydalangan, namoyishchilar esa parlament hovlisiga pirotexnika otishgan. Ayni damda bino ichidagi yong‘in o‘chirilgan, deb xabar bermoqda Paper Kartuli agentligi.
Avvalroq AQSh Davlat departamenti Gruziya bilan strategik hamkorlikni to‘xtatishga qaror qilgani haqida ma’lum qilgandi. Bu zamonaviy Gruziya tarixida ilk bor ro‘y bermoqda.
Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili o‘z vakolatlari muddati tugagan bo‘lishiga qaramay, prezidentlik lavozimini tark etmasligini aytdi. U parlamentning amaldagi tarkibini noqonuniy deb hisoblashini ta’kidladi va quyidagilarni qo‘shimcha qildi:
"Men sizning prezidentingiz bo‘lib qolaman. Parlament legitim emas, noqonuniy parlament esa yangi prezidentni saylay olmaydi. Shuning uchun men o‘z mandatimni topshirmoqchi emasman", dedi namoyishchilarga murojaat qilib.