Bugun 16 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

Grin kart: "Arizani oxirgi kunlarda topshirsa, imkon ko‘proq bo‘larmish...?"

Grin kart: "Arizani oxirgi kunlarda topshirsa, imkon ko‘proq bo‘larmish...?"

Grin kartada omadi kelib, hozir AQShning Florida shtatida istiqomat qilayotgan do‘stim Abror Qodirov o‘zining @Floridiston kanalida Grin karta haqida qiziqarli ma’lumotlar berib bormoqda. Yaqin orada yangi mavsum uchun e’lon qilinadigan ushbu lotereyaga O‘zbekistonda qiziqish juda kattaligini hisobga olib, o‘sha postni Sizlarga ham havola qilmoqchiman:

«Grin Kartasi nima u? Uni nima bilan yeydi?"

Gapni h-o-o-v Odam Atodan olib kelish niyatim yo‘q. "Grin Karta" tarixini aytib bermoqchimasman. Shunchaki, yillar davomida lotereyada ishtirok etib keladiganlarining ham ko‘pchiligi Grin Karta o‘zi nima ekanligini ko‘p ham tushunvoraverishmasligiga guvoh bo‘lyapman. Shunga imkon qadar qisqa to‘xtalmasa bo‘lmaydiganga o‘xshayapti.

Xalq tilida "Green Card" bo‘lib ketgan narsa aslida AQShda doimiy yashash va ishlash huquqini beradigan - "Permanent resident card" nomli xujjat. U turli sabablar va yo‘llar bilan beriladi. Shulardan biri - lotereya o‘yini ko‘rinishida. Bu yashil kartochkani qo‘lga kiritishning yagona yo‘li emas. Lekin eng oson usuli. Har yili 50 000 dona yashil kartochkalar egalari aynan shunaqa usulda aniqlanadi. Lotereyada ishtirok etish uchun belgilangan bir oy muddat ichida rasmiy saytga kirib, o‘zingiz va turmush o‘rtog‘ingiz (agar bo‘lsa) pasport ma’lumotlari, ta’lim borasidagi ma’lumotingiz so‘raladigan anketani to‘ldirib, maxsus talablarga mos keladigan rasm joylash kifoya.

Grin karta qaysi saytlar orqali o‘ynaladi?

Lotoreyaning rasmiy sayti manzili - dvlottery.state.gov

Bundan boshqa istalgan sayt - feyk. Haqiqiy emas. Bundan boshqa barchasi - "moshennik". Mutlaqo boshqa saytlarga ma’lumotlaringizni kiritmang. Internet olamida yuzlab o‘ziga rasmiy maqom berib olgan feyk Grin karta saytlari bor. Ular sizning shaxsiy ma’lumotlaringgizni to‘plab olib, rasmiy saytga ularni kiritib, yutuq chiqqan holda sizdan yaxshigina pul talab qilish uchungina ochilgan. Aldanmang! Green Card lotereyasi sayti faqat ingliz tilida faoliyat yuritadi. Uning ruschasi, "tem bolee" o‘zbekchasi yo‘q.

Grin karta o‘ynash qancha turadi?

Hech qancha. Lotereyada ishtirok etish to‘lovi yo‘q. U mutlaqo bepul. Qaysidir "tipo" konsalting firmacha qanchadir miqdorda so‘ragan puli - faqat o‘z xizmati uchun. Agar sizga lotereyada ishtirok etish uchun rasmiy to‘lov, deb pul so‘rasa, bu yolg‘ondan boshqa narsa emas.

Qaysi firmada o‘ynasa imkoniyat ko‘payadi?

Hech qaysi. Sizga anketa to‘ldirib berishga yordam beradigan hech bir firmaning biri ikkinchisidan ustun emas. AQSh immigrasion xizmati yoki Qo‘shma Shtatlarning O‘zbekistondagi elchixonasi biror firma bilan hamkorlik qilmaydi. Go‘yoki ularning firmasida o‘ynab, g‘olib bo‘lganlarning vizasi urilgan pasportlarini ilib qo‘yilganiga laqqa tushmang. O‘sha odamlar aynan u yerda o‘ynaganini tekshira olmaysiz, bu - bir. Qo‘yilgan hujjatlar haqiqiyligi ham aniqmas, bu - ikki. Rostdan o‘sha yerda o‘ynab, kimdir yutgan bo‘lsa ham bu o‘sha insonning omadliligini ko‘rsatadi xolos. Sizning omadinggizga buning mutlaqo aloqsi yo‘q. 50 ming so‘mga to‘ldiradigan firma ham, 10 ming so‘mga shu ishni qiladigani ham, bir-biridan ko‘proq bilmaydi. Ulardan faqat qo‘lidagi hujjatdan ma’lumotni to‘g‘ri ko‘chirish talab qilinadi xolos. Buni esa o‘zingiz ham uddalay olasiz.

"Arizani oxirgi kunlarda topshirsa imkon ko‘proq bo‘larmish...?"

Bo‘lmagan gap. Lotereya o‘ynash sanalari e’lon qilingach, o‘sha 30 kundan istalgan birida topshiravering. Anketaning qaysi kunda to‘ldirilganligi bilan hech kimning ishi yo‘q. Asosiy talab, ma’lumotlar to‘g‘ri kiritilganligi va fotosuratning talablarga mosligi. Boshqa "fokus"lar yo‘q.

Qanday qilib imkoniyatni oshirsa bo‘ladi?

Buning yo‘llari yo‘q. Faqatgina turmush qurganlarda imkoniyat qolganlardan ikki barobar ko‘proq. Chunki er yoki xotindan qay biriga yutuq chiqsa ham ularning har ikkisi Grin karta olish imkoniga ega bo‘ladi. Agar sizga kimdir yana biror yo‘lini aytgan bo‘lsa, bilingki, u noqonuniy va oxir-oqibat, sizga yutuq chiqqan taqdirda ham viza berilmasligiga olib keladi.

Manba: xushnudbek.uz
 

Kiritildi: 10:13 18.09.2019. O'qildi: 2604 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!