Bugun 24 aprel, 2024 yil, chorshanba

КИР

"G‘irt yolg‘on, tuhmat": Sog‘liqni saqlash vazirligi videotasvir yuzasidan bayonot berdi

"G‘irt yolg‘on, tuhmat": Sog‘liqni saqlash vazirligi videotasvir yuzasidan bayonot berdi

Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida Chirchiq shahar tibbiyot birlashmasi va viloyat sog‘liqni saqlash tizimi faoliyati bo‘yicha tuhmat va bo‘htonlar yog‘dirish maqsadida tarqatilgan videotasvir yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:

Chirchiq shahar tibbiyot birlashmasining markaziy shifoxona hududidagi “A” blogida  tashkil etilgan gospitalda ayni paytda 120 nafar bemor davolanmoqda. Shularning 9 nafari sog‘ayib, o‘z uylariga javob berilgan. O‘zini bloger deb tanishtirgan fuqaro feysbuk ijtimoiy tarmog‘i orqali tarqatgan videoroligida gospitaldagi ahvolni noto‘g‘ri talqin etadi.

Shu o‘rinda ta’kidlaymizki, ushbu videorolikdagi barcha fikrlar, shular qatorida kasalxonada tibbiyot avtoulovlari yo‘qligi, bundan tashqari, – “o‘lsang o‘lib ketavermaysanmi”, “Chirchiq shahrida mashina yo‘q ekan go‘yoki”, degan fikrlar mutlaqo noto‘g‘ri.

Aytish o‘rinliki, O‘zbekistonda ham koronavirus pandemiyasi avj pallasida bo‘lgan bir paytda tibbiyot xodimlari yakdillik bilan kurash olib bormoqda. Ularning jasorati alohida e’tirofga loyiq. Xizmat vazifasini bajarish davrida koronavirus yuqtirib vafot etayotgan shifokorlarimiz ham bor.

Shuningdek, o‘z hayotini xatarga qo‘yib o‘ta og‘ir mas’uliyatli vazifani bajarayotgan tibbiyot xodimlarining mehnati har qanday maqtovga loyiq. Afsuski, ana shunday fidoyi shifokorlarga rahmat aytish o‘rniga ayrim blogerlik nomi ostida ish olib borayotgan fuqarolar tomonidan savodsizlarcha tuhmat, haqoratlar yog‘dirish holatlari uchrayapti.

Ayniqsa, koronavirusga chalingan minglab xalqimizni davolab, oilasi bag‘riga qaytarayotgan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash tizimini “chirigan” deya haqorat qilishga haqi bormi?  Bu so‘zlar uchun muallif qonun oldida javob berish kerak emasmi?      

Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimida samarali ishlab kelayotgan, tibbiyot fanlari doktori To‘raqul Sodiqovich Arziqulovga nisbatan haqoratli “yaramas” so‘zini ishlatilishini qanday baholash mumkin?! Bunday so‘zni ishlatishga shu kimsaning haqi va asosi bormi aslida? Yana boshqarma boshlig‘ining aybi bilan 3 nafar bemor viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida oksigenirator bermaganligi sababli o‘lgan deya tuhmat qilingan.

2020 yil 9 avgust kuni viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori G.Yuldashevaning so‘zlari asossiz ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar, dalillar bilan to‘la asoslangan holda “Kun.uz” sayti muxbiriga taqdim etildi va maqola ijtimoiy tarmoqlarda keng e’lon qilindi.

Shunday bo‘lishiga qaramasdan Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash tizimi, pandemiyaga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlari mehnatiga qarata tuhmatlar uyushtirish davom etyapti. Bu qachongacha davom etarkin? Mana shunday fuqarolar tomonidan o‘zini bloger sifatida ish tutishlari, noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatishlari, albatta, bu bilan ular blogerlik nomiga dog‘ tushirmayaptimikan?

Kiritildi: 23:21 12.08.2020. O'qildi: 6392 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!