Bugun 17 aprel, 2024 yil, chorshanba

КИР

Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi: O‘zbekiston uchun qulay yo‘lmi yoki...

Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi: O‘zbekiston uchun qulay yo‘lmi yoki...

Ayni paytda YEOII (Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi) joylashgan hudud maydoni jihatidan dunyoda birinchi o‘rinda bo‘lsa, aholi soni bo‘yicha 8- va YAIM hajmi bo‘yicha esa 10-o‘rinda qayd etilmoqda (internet ma’lumotlari). Boshqacha aytganda, bu ittifoq jahon YAIMning 3,63 foizini yaratmoqda (Xalqaro valyuta fondi ma’lumotlari). Ta’kidlash lozimki, mazkur ko‘rsatkichning shakllanishida Rossiya  Federasiyasi va Qozog‘istonning ulushi mos ravishda 85 va 10 foizdan ortiq. Shuningdek, O‘zbekistonning jahon YAIMdagi ulushi 0,19 foizdan iborat bo‘lsa, Armaniston, Belarus va Qirg‘izistonning birgalikdagi jahon YAIMsidagi ulushi 0,18 foizni tashkil etmoqda. Shunday bo‘lsa-da, O‘zbekistonning 80 foizdan ortiq eksportini oltin (31 foiz) va tabiiy gaz (51 foiz)ni tashkil etadi. Mamlakatimiz tabiiy gazining asosiy importyorlari esa Rossiya, Xitoy va Qozog‘iston davlatlaridir.

Mazkur tendensiya shundan dalolat beradiki, O‘zbekistonning yuqori ilmiy sig‘imkorlikka ega bo‘lgan mahsulotlari bilan ushbu mamlakatlarga kirib borishi dolzarb masala hisoblanadi. Fikrimizcha, respublikamiz qo‘shimcha ilmiy sig‘imkorlikka ega bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqara olishini rivojlantirish 184 mln. aholiga ega bo‘lgan bozorda o‘z o‘rnini mus­tahkamlashga shart-sharoit yaratgan bo‘lar edi.

O‘zbekiston tashqi savdosida asosiy hamkor mamlakatlar Xitoy (18,7 foiz, 5911 mlrd. AQSh dollari), Rossiya (14,9, 4704 mlrd AQSh dollari), Qozog‘iston (8,3 foiz, 2637 mlrd. AQSh dollari), Janubiy Koreya (6,6 foiz, 2080 mlrd. AQSh dollari), Turkiya (5,8 foiz, 1840 mlrd. AQSh dollari) mamlakatlarining barchasi Jahon savdo tashkilotiga a’zo mamlakatlar hisoblanadi.

Hozirgi kunda O‘zbekiston paxta tolasining asosiy qismini Xitoyga eksport qilmoqda. Jumladan, 2019 yilning 9 oylik tashqi savdo ma’lumotlarida mazkur tarmoq bo‘yicha 93 foizni tashkil etmoqda. Oziq-ovqat mahsulotlari va qora metallar eksportida esa Qozog‘istonning ulushi yuqori foizlardan iborat bo‘lsa-da, to‘qimachilik mahsulotlarini O‘zbekistondan import qilishda Rossiya Federasiyasi oldingi o‘rinlarni egallab turibdi.

Demak, ayon bo‘lyaptiki, O‘zbekistonda iqtisodiy nuqtai nazardan raqobat ustunligiga ega bo‘lgan tarmoqlarda Xitoy, Rossiya va Qozog‘iston davlatlari yetakchilik qilmoqda. Bu ularning O‘zbekistonga yaqin masofalarda joylashganligi, shuningdek, mamlakatimiz importida ham sezilarli ulushga egaligi bu davlatlar bilan savdo munosabatlarini yanada rivojlantirish muhim omil ekanligini ko‘rsatib turibdi.

Ta’kidlash joizki, YEOII mamlakatlarida aholining sotib olish qobiliyati o‘zbekistonliklarning xuddi shu ko‘rsatkichiga nisbatan yuqoriligi yurtimiz mahsulotlarini ushbu mamlakatlar hududida sotish imkonini yanada oshiradi. Shu bilan birgalikda O‘zbekistonning YEOIIga a’zo mamlakat sifatida qo‘shilishi quyidagi  murakkabliklarni keltirib chiqarishi ham mumkin:

  1. Import qilinuvchi mahsulotlarning narxi tushishi natijasida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning bozordagi o‘rnini saqlab qolish qiyinlashadi. Ayniqsa, monopol xususiyatga ega bo‘lgan tarmoqlarning bozordagi o‘rni xavf ostida qoladi. Shu bilan birga ittifoq doirasida umumiy bojxona tariflarining o‘rnatilishi ortidan ba’zi tovarlarning qimmatlashishi yuzaga kelishi mumkin.
  2. Ishchi kuchining chiqib ketishi yanada jadallashadi. Xususan, O‘zbekiston va ­EOIIning yirik iqtisodiyotlari o‘rtasida ish haqi hajmi bo‘yicha sezilarli tafovutlar borligi tufayli mamlakatimizda ishchi kuchining xorijga ko‘chish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Bu esa qishloq xo‘jaligi sohasida xizmat qiluvchilarga mehnatga haq to‘lashning qimmatlashuviga olib keladi.
  3. Mazkur davlatlar va O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatuvchi Transmilliy kompaniya(TMK)larning iqtisodiy siyosatidagi bir xillikning yuzaga kelishi ortidan mamlakatimizda TMKlarning faoliyati nobarqarorlashuviga sabab bo‘lishi mumkin.
  4. O‘zbekiston iqtisodiyotining kichik biznesga bog‘lanib qolganligi eksport tovarlari tarkibi raqobatbardoshligini taxminlashga to‘liq imkon bermasligi mumkin. Jumladan, kichik biznes sub’ektlarining ilmiy tadqiqotlarga ajratiladigan xarajatlarni amalga oshirishga moliyaviy imkoniyati yetarli darajada bo‘lmasligi mumkin. Shu boisdan yirik biznes amaliyotini rivojlantirishga qaratilgan islohotlarni yanada jadallashtirish dolzarb masala hisoblanadi.
  5. O‘zbekistonning “Biznes yuritish-2020” reytingida 7 pog‘onaga ko‘tarilganligini ijobiy baholash mumkin. Shunday bo‘lsa-da, YEOIIga a’zo mamlakatlar Qozog‘iston 25 o‘rinda, Rossiya 28 o‘rinda, Belarus va Armaniston 40 o‘rin atrofida joylashganligi mamlakatimizda kapitallar harakatini to‘liq barqarorlashtirish imkonini bermasligi mumkin. Shu boisdan biznes yuritishning barcha 11 ta ko‘rsatkichlarini yanada optimallashtirish yuzasidan mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Shu bilan birga AQSh savdo vaziri Uil­bur Ross o‘zbek – amerika biznes forumida O‘zbekistonni YEOIIga qo‘shilishi uni JST (Jahon savdo tashkiloti)ga qo‘shilish jarayonini murakkablashtirishi va ma’lum bir darajada Rossiya tomonidan  mamlakatimizga siyosiy bosimlar paydo bo‘lishi mumkinligi haqidagi asossiz fikrlarni bildirgani ajablanarli. Janob U. Ross bu borada qator omillarni unutgan ko‘rinadi.

Birinchidan, O‘zbekiston YEOIIga a’zo bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’i nazar, bunday bayonot berilishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Chunki hukumatimiz shu vaqtga qadar ham aholi farovonligi va tinchlik-xotirjamligini ta’minlashga xizmat qiladigan mavjud barcha xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalar o‘rnatishga harakat qilib kelmoqda. Buni oxirgi yillarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasi va iqtisodiyotni  bozor qonunlari asosida rivoj­lantirishga harakat qilinayotganligi  isbotlab turibdi.

Ikkinchidan, shu bahonada janob ­
U. Rossning shubhali bizneslariga to‘xtalib o‘tishni ma’qul ko‘rdik. U WL Ross & Co shirkatiga asos solgan va Navigator Holdings kompaniyasiga 2011 yilda sarmoya kiritgan. Internet ma’lumotlariga (https://www.bbc.com/uzbek/world-41782785) ko‘ra, janob Ross hali ham Kayman orollarida (ofshor hudud) ro‘yxatdan o‘tgan bir necha shirkatlar orqali Navigator Holdings da o‘z moliyaviy manfaatlarini saqlab turibdi. Qizig‘i shundaki, ushbu shirkat Venesuelaning neft shirkati Petroleos de Venezuela (PDVSA) bilan hamkordir. Shuningdek, shirkat Rossiyaning “Sibur” neft-gaz kompaniyasiga investisiya kiritgan va unda o‘z ulushiga ega. Qiziq holat, hozirgi kunda AQShning Venesuela va Rossiya bilan munosabatlarini do‘stona deb bo‘lmaydi.

Uchinchidan, EOIIning  iqtisodiy tashkilot ekanligini ta’kidlash joizdir. Bu jihat tashkilotga a’zo davlatlar suverenitetiga ta’sir etmasligi, ularning biri tomonidan boshqasiga hatto iqtisodiy tayziq o‘tkazilishi mumkin emasligini ravshan deb qarash lozim. Bu tashkilotning asosiy maqsadi o‘zaro manfaatdorlikdan iborat bo‘lsa, shubhasiz,  unga a’zo bo‘lish masalasini muhokama qilish o‘rinlidir.

To‘rtinchidan, yana bir qiziq holatga e’tibor qarataylik: YEOII a’zolari bo‘lishlariga qaramasdan, 1998 yildan (20.12.1998) Qirg‘iziston, 2003 yildan (05.02.2003) Armaniston, 2012 yildan (22.08.2012) Rossiya va 2015 yildan (30.11.2015) esa Qozog‘iston Xalqaro Savdo tashkiloti (JST)ning a’zoligiga qabul qilingan. Tabiiy savol tug‘iladi: O‘zbekis­tonning YEOII a’zo bo‘lish bo‘lmasligi JSTga a’zo bo‘lish  bo‘lmasligiga nima daxli bor? Agar bu tashkilotga siyosiy tus berishga urinishlar bo‘lsa, nega YEOII davlatlari bilan AQSh o‘rtasida ikki yoqlama strategik hamkorlik tuzilgan (masalan, https://kz.usembassy.gov/ru/us-kz-21 stcenturu-joint-statemtnt-ru/ va boshqalar).

Fikrimizcha, YEOIIga a’zolik masalasini tahlil qilish bilan birga parallel ravishda JSTga a’zolikka qo‘yilayotgan muhim qadam sifatida baholashimiz ham mumkin. Chunki milliy tovar-mahsulotlarimizni YEOII hududi bo‘ylab erkin sota olishimiz imkoni paydo bo‘lishi va yurtimizga a’zo mamlakatlar mahsulotlarining erkin kirib kelishi raqobatbardoshligimizni oshirishga xizmat qiladi. Shuni ham qayd etish kerakki, YEOII hududida mahsulotlarga (markirovka, sifat, sanitariya normalari va boshqalar) nisbatan bo‘lgan alohida me’yorlar tizimi ishlab chiqilgan. Bu va shu kabi boshqa talablar qator mahsulotlarning ishlab  chiqarish jarayonida turli sifat o‘zgarish­larni kiritishni talab etadi. Bunda monopol deb hisoblanadigan ayrim tarmoqlarning faoliyati ham xavf ostida qolish ehtimoli yo‘q emas. Balki bizda ham menejment va ishlab chiqarish jarayonlarini sifat jihatdan tubdan o‘zgartirish davri yetib kelgandir. Bu kabi omillar o‘z-o‘zidan O‘zbekistonni JSTga a’zo bo‘lishiga ham xizmat qilishiga asos bo‘ladi.

Xulosa qilish mumkinki, O‘zbekiston YEOIIga a’zo bo‘lsa, bu jarayon hayotimizga katta o‘zgarishlar olib kelishi shubhasiz. Biz uchun, asosiysi, ushbu jarayonlarda Vatanimiz manfaatlarini munosib himoya qilib, xalqimiz farovonligi va tinchlik-xotirjamligini ta’minlashimiz muhimdir.

Nodir JUMAYEV,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Dilshodjon RAHMONOV,

iqtisodiyot fanlari doktori

Kiritildi: 17:09 13.11.2019. O'qildi: 2814 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!