Evropa Ittifoqi parlamenti Gruziya hukumatining YEIga a’zolik bo‘yicha muzokaralarni boshlashga qaratilgan harakatlarni to‘xtatganidan taassufda. Bu haqda YEI parlamenti xorijiy ishlar qo‘mitasi raisi Devid Makalister, YEI–Gruziya parlament assosiasiyasi qo‘mitasi raisi Nil Ushakov va Yevropa parlamentining Gruziya bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Rasa Yuknyavichene tomonidan 29 noyabr kuni berilgan bayonotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, Gruziya 2022 yil mart oyida YEIga a’zolik yuzasidan ariza topshirish bo‘yicha suveren qaror qabul qildi. 2023 yil dekabrda mamlakatga YEIga a’zolikka nomzod maqomi berildi.
«Ushbu tarixiy imkoniyatdan foydalanib, mamlakatning YEIga a’zo bo‘yicha sa’y-harakatlarini kuchaytirish o‘rniga Gruziyada doimiy demokratik turg‘unlik kuzatilmoqda», – deyiladi bayonotda.
EI deputatlariga ko‘ra, Gruziyada joriy yil 26 oktyabr kungi parlament saylovi xalqaro demokratik tamoyillariga muvofiq o‘tmagan.
Bryussel nazdida, firib bilan bog‘liq holatlar «yangi hukumatning legitimligi va saylov jarayoni yaxlitligini savol ostida qoldirmoqda».
Evroparlament vakillari Tbilisi hukumatini YEIga qo‘shilishni talab qilib ommaviy namoyishlarga chiqqan gruziyaliklar haq-huquqlarini himoya qilishga chaqirgan.
«Tinch namoyishchilarga qarshi kuch ishlatilishini qoralaymiz va hukumatni tinch namoyishchilarga nisbatan kuch ishlatishni to‘xtatishga chaqiramiz», – deyiladi bayonotda.
Ta’kidlanishicha, YEI Gruziya xalqining demokratik mamlakatda yashash, Yevropa uyiga qo‘shilish yo‘lidagi xohish-istagini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi.
Eslatib o‘tamiz, 28 noyabr kuni Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze 2028 yil oxiriga qadar YEIga a’zolik bo‘yicha muzokaralar boshlanmasligini ma’lum qildi. Tbilisi hukumati kelgusi to‘rt yil davomida YEI tomonidan ajratiladigan grant va kreditlardan ham voz kechgan.
«Biz Yevroittifoq tomon harakatda davom etamiz, ammo bizni shantaj va manipulyasiya holatida tutishlariga aslo yo‘l qo‘ymaymiz», – degan Gruziya bosh vaziri.
28 noyabr kuni Yevroparlament Gruziyada o‘tgan so‘nggi parlament saylovi tan olinmasligi haqida rezolyusiya qabul qildi. Ushbu saylov yakunida rossiyaparastlikda ayblanayotgan iqtidordagi “Gruziya orzusi” partiyasi parlamentdagi 150 o‘rindan 88 tasini qo‘lga kiritgandi. Saylovda gruzin xalqi irodasi aks etmaganini urg‘ulagan Bryussel yangidan saylov o‘tkazishni talab qilmoqda.
Bosh vazir Irakliy Kobaxidze YEIga a’zolik bo‘yicha harakatlar «muzlatilishi» haqida bayonot bergani ortidan poytaxt Tbilisi va boshqa shaharlarda ommaviy norozilik namoyishlari o‘tkazilmoqda. Tbilisidagi parlament binosi yaqinida ham o‘n minglab izdihom yig‘ilgani aytilmoqda.
Jahon axborot agentliklari namoyishchilar va polisiya o‘rtasida to‘qnashuvlar ro‘y bergani, jabrlanganlar orasida jurnalistlar ham borligi haqida xabar bergan.
Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili esa namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Ijtimoiy so‘rovlarga qaraganda, mamlakat aholisining 70-80 foizi YEIga a’zolik tarafdori.
Aslida, Bryussel va Tbilisi o‘rtasidagi munosabatlarning taranglashuvi sal avvalroq, Gruziya parlamenti xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonunni qabul qilgach yuzaga kelgandi. Tanqidchilar Gruziya hukumatini Rossiyadan ulgi olishda ayblagan.
Ushbu bahsli qonun loyihasi namoyish va janjallarga sabab bo‘lgan.
Sentyabr oyida YEIning Tbilisidagi vakolatxonasi rahbari Pavel Gerchinskiy Gruziya bilan vizasiz rejim to‘xtatilishi mumkinligini aytgan.