Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chining aytishicha, AQSh tomonidan hujumga uchragan yadroviy inshootlarni tekshirishga ruxsat olish uchun Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) Tehronga bu tekshiruvlar aynan qanday amalga oshirilishini tushuntirishi kerak.
Bu haqda Tasnim agentligi xabar bermoqda.
"Haqiqat shuki, urushdan keyin Eron va MAGATE o‘rtasidagi munosabatlarda ba’zi o‘zgarishlar yuz berdi va nihoyat, bizning yadroviy inshootlarimizga hujum qilindi va zarar ko‘rdi. Agentlik hujumga uchragan ob’ektlarni tekshirish qanday amalga oshirilishini tushuntirishi kerak", - deya vazirning so‘zlarini keltiradi Eron agentligi. "MAGATEga nisbatan bizning pozisiyamiz shundan iboratki, yadroviy inshootlarni tekshirishga ruxsat berishdan oldin u bilan hamkorlikning yangi asoslarini aniqlash kerak", — dedi Eron TIV rahbari.
11 avgust kuni Tehronda Eron rasmiylari va MAGATE vakili o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakuniga ko‘ra, Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kazem G‘aribobodiy tomonlar Eron yadro dasturi bo‘yicha maslahatlashuvlarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qildi. Diplomatning ta’kidlashicha, MAGATE bosh direktori o‘rinbosari Massimo Aparo bilan uchrashuvda hozirgi sharoitda Tehron va agentlik o‘rtasidagi hamkorlik formati muhokama qilingan. G‘aribobodiyning ta’kidlashicha, Eron tomoni Isroil va AQShning Eronga hujumi paytida MAGATE o‘z majburiyatlarini bajarmagani munosabati bilan norozilik bildirdi.